Gulou janubiy koʻchasi masjidi (), shuningdek, Gulou masjidi nomi bilan tanilgan boʻlib, Xitoyning Sichuan provinsiyasi Chengdu shahri Gulou janubiy koʻchasi 155-uyda joylashgan.

Tarixi Masjidga 1372-yilda Min sulolasi davrida asos solingan boʻlib, qurilish ishlari 1375-yilda yakunlangan. Oʻsha davrda Sichuan musulmonlar istiqomat qiladigan asosiy hududlardan biri boʻlmagan. Shunga qaramay, Chengdu shahri va uning qishloq joylarida bir nechta masjidlar qurilgan. Ular orasida Gulou janubiy koʻchasi masjidi yirik masjidlardan biri sifatida ajralib turgan.

Masjid Sin sulolasi davrida ikki marta: birinchi marta 1742-yilda, ikkinchi marta 1794-yilda imperator Syanlun hukmronligi paytida qayta qurilgan. 1941-yilda Ikkinchi Xitoy–Yaponiya urushi vaqtida Yaponiya qoʻshinlarining Chengdu shahrini bombardimon qilishi oqibatida masjid zarar koʻrgan. Natijada, Yingge binosi kabi ayrim inshootlar vayron boʻlgan.

1981-yilda masjidning namozxonasi munitsipalitet muhofazasidagi tarixiy yodgorlik sifatida rasman roʻyxatga olingan. Keyinchalik 1991-yilda Sichuan provinsiyasi hukumati tomonidan provinsiya miqyosidagi madaniy meros obyekti sifatida eʼtirof etilgan.

Meʼmorchilik

Masjiddan saqlanib qolgan asosiy inshoot uning namozxonasi boʻlib, Chengdu shahridagi koʻplab masjidlar orasida eng yaxshi saqlanib qolgan tarixiy namozxonalardan hisoblanadi. Bino toʻgʻri toʻrtburchak shaklda qurilgan va „juanpeng“ deb ataluvchi ikki qavatli ayvon bilan oʻralgan. Namozxonaning umumiy uzunligi 31.55 metr, kengligi 16.86 metrni tashkil qiladi.

Masjid tomi oʻziga xos „工“ shaklida qurilgan boʻlib, asosiy tom markaziy qismni qoplagan, old va orqa tomonlarida esa qoʻshimcha tomlar joylashgan. Namozxonaning orqa devori gʻishtdan, qolgan uchta devori esa yurak shaklidagi naqshlar va nozik oʻymakorlik naqshlari bilan bezatilgan yogʻoch panjaralardan ishlangan. Namozxona ichida ikki qator oltinrang yogʻoch ustunlar mavjud. Ularning orasiga bezakli panjarali toʻsiqlar (gemen) va shift gumbazchalari (tianguan) oʻrnatilgan. Ushbu meʼmoriy unsurlar ichki makonni qismlarga ajratib, sokin va salobatli muhit yaratadi.

Yana qarang

Xitoyda islom Xitoydagi masjidlar roʻyxati

Manbalar

Havolalar

OpenStreetMapdagi joylashuvi

Turkum:Xitoydagi 14-asr masjidlari Turkum:Chendu shahridagi binolar va inshootlar Turkum:1370-yillarda qurib bitkazilgan masjidlar Turkum:Sichuandagi masjidlar Turkum:1375-yilda qurib bitkazilgan binolar va inshootlar Turkum:Xitoydagi sunniy masjidlar