Ali ibn Abu Said, Zul-Qalamayn nomi bilan ham tanilgan, 9-asr boshlarida Abbosiy xalifa al-Ma’mun () xizmatida boʻlgan Abbosiy amaldor va harbiy qoʻmondon. Ya’qubiyning ta’kidlashicha, Ali al-Ma’munning eng nufuzli amaldorlaridan boʻlgan xurosonlik aka-uka al-Fadl ibn Sahl va al-Hasan ibn Sahlning xolavachchasi boʻlgan. Tabariy esa Alini ushbu shaxslar singlisining oʻgʻli deb hisoblaydi.
Ali Bagʻdod qamali va al-Ma’mun akasi al-Amin bilan boʻlgan fuqarolar urushida gʻalaba qozonganidan soʻng tarix sahnasiga chiqqan. Al-Ma’mun al-Hasanni Abbosiylar imperiyasining katta qismiga, ya’ni Jibal va Forsdan tortib Iroq, Hijoz va Yamangacha boʻlgan hududlarga noib etib tayinlagan. Al-Hasan Alini Iroqdagi yer soligʻi (xiroj) yigʻish vazifasi boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlagan.
815-yilda Ali Iroqda Abu as-Saraya as-Sariy ibn Mansur boshchiligidagi Aliylar qoʻzgʻolonini bostirishda asosiy qoʻmondonlardan biri boʻlgan. May oyining oxirida al-Madain yaqinida qoʻzgʻolonchi kuchlarni magʻlubiyatga uchratib, Vosit shahrini qaytarib olgan va nihoyat Basrani shafqatsiz Aliy noib Zayd ibn Muso al-Kozimdan ozod qilgan. Shundan so‘ng, Ali bir necha lashkarboshilarini Iso ibn Yazid rahbarligida Hijozda yuz bergan qoʻzgʻolon tarafdorlarini bostirish uchun joʻnatgan.
Ali tez orada al-Hasan ibn Sahldan uzoqlashib, uning raqibi, sarkarda Harsama ibn Ayon hamrohligida Marvdagi xalifa huzuriga qaytadi. Bag‘dodda al-Ma’munning amakisi Ibrohim ibn al-Mahdiy rahbarligida xalifaga qarshi isyon koʻtarilganida, al-Ma’mun tarafdorlari Sahliy aka-ukalarni aybdor deb bilishadi. Ayniqsa, al-Fadl haqiqiy ahvolni xalifadan yashirishda ayblangan. Al-Ma’mun shaxsan jazolardan xavfsizlik kafolatini bergandan soʻng, Ali Sahliylarga qarshi guvohlik bergan qoʻmondonlardan biri boʻlgan. Bu voqea al-Maʼmunning Marvdan chiqib, Bagʻdodga qaytish haqida qaror qabul qilishiga turtki boʻladi. Shunday boʻlsa-da, al-Fadl qoʻmondonlarni ushbu qarorda ishtirok etgan deb gumon qilib, ularni qamoqqa olib, yomon munosabatda boʻladi. 818-yil fevralida al-Fadl oʻldirilganidan soʻng, qoʻlga olingan qotillarning ayrimlari suiqasdning asl rejalashtiruvchisi Ali ekanligini aytishgan. Ali va qamoqdagi boshqa qoʻmondonlar suiqasdga aloqador emasliklarini taʼkidlashlariga qaramay, al-Ma’mun ularni qatl ettirgan. Ularning kesilgan boshlari ukasining taqdiri haqidagi xabar bilan birga Iroqdagi al-Hasan ibn Sahlga yuborilgan.
Manbalar
Adabiyotlar 78–9,81
Turkum:818-yilda vafot etganlar Turkum:9-asr Abbosiylar xalifaligi kishilari Turkum:Abbosiylar xalifaligining mahbuslari va asirlari Turkum:Abbosiylar xalifaligida 9-asrda qatl etilganlar Turkum:Xurosonlik kishilar Turkum:Abbosiylar xalifaligi generallari Turkum:Toʻrtinchi fitna ishtirokchilari Turkum:Iroq Abbosiylar xalifaligi davrida