Oʻzbekistonning gilamlari. Boysun, Sherobod, Denov tumanlarining togʻ va togʻoldi qishloqlarida uy sharoitida jundan mato tayyorlash keng tarqalgan. Bu hududlarda turli gilamlar, toʻrvalar, dasturxonlar, kigizlar va ichki bezak anjomlari, shuningdek, tivitdan salla va boshqa buyumlar ishlab chiqariladi.
Gilamlar asosan qoʻy junidan toʻqilgan. Oʻrta Osiyoda XIX asrning oʻrtalariga qadar gilamdoʻzlik uy hunarmandchiligiga kirgan. Sohaning asosiy xomashyo manbasi dehqonchilik va chorvachilikdan olingan paxta hamda jundir. Ayniqsa, oq rangli jun gilamdoʻzlar tomonidan nihoyatda qadrlangan. Gilam toʻqish bilan Sherobod togʻ qishloqlari aholisi shugʻullangan. Gilamlar toʻqilishi va gulning joylashishi bilan bir-biridan farqlangan hamda oʻziga xos ramziy maʼnoga ega boʻlgan. Masalan, olacha gilamda tushirilgan „qulf-kalit“ ramzi turli xonadon eshigining doʻstga ochiq, dushmanga yopiqligini bildirsa, „quroqgul“ turi ikki yoshning bir-biriga qoʻsha-qarisin ekanini anglatadi.
Surxon vohasi taqir gilamlari bilan mashhur. Bu gilamlar xalqning diniy tasavvurlari va eʼtiqodlarini oʻzida aks ettiruvchi xandasaviy, islimiy, zoomorf va antropomorf naqshlar bilan bezatilgan. Taqir gilam paxta ipidan toʻqilgan. Dastlab uning turli ranglardan iborat boshlanish qismi toʻqilgan va u „suv yoʻli“ deb atalgan. „Suv yoʻli“ qismida 3–4 qanat oq va qora iplardan oʻrilgan „qosh uyurma“ deb atalgan bezak ham solingan. Gilamning eng muhim detallaridan biri — „chetki qora“, yaʼni gilamning chekkalari qalinligi 4–5 sm boʻlgan jiyak bilan hoshiyalangan. Unga echki junidan yigirilgan ip ishlatilgan.
Toʻqish jarayonida gilamning asosini tashkil etuvchi iplardan qilingan tugunchalar oʻng yoki chapga toʻliq bir marta oʻtkazilganda oraliq asbobi oldinga yoki orqaga suriladi. Tugunchalar, agar astarli iplar boʻylama boʻlsa, oʻtkazilmaydi. Gilam toʻqilishi qolip oxiriga 1–1,5 metr qolganda qirqiladi, chunki astarlik iplari oxirlagan sayin tortishib taranglashadi va uzilib ketish holati kuzatiladi. Kesilgandan soʻng gilamning ikki yoniga astarlardan qolgan qismidan bezak berilgan. Astarlik iplari uch-toʻrt dona ipdan iborat tugunchalar qilingan, bu bilan iplarning boʻshab ketmasligi ham taʼminlangan.
Taqir gilam toʻqish ancha qiyin jarayon boʻlib, unga oʻrtacha 12–14 kg atrofida ip sarflanadi. Taqir gilam toʻqishda Surxon vohasida yashovchi turkmanlarning ersari urugʻi ancha mashhur boʻlgan.
Qoʻy junidan oq, qora, koʻk va boshqa rangdagi junlardan taqiyamt tayyorlanadi. Jun tozalanib titiladi va sobov choʻp yordamida savalanadi, soʻng qozonga solinib, har xil rangda boʻyaladi va kanor ustiga yotqiziladi. Keyin esa turli gullar chiqariladi, asosan rombli va xochsimon naqsh bilan bezatiladi. Shundan soʻng ustiga ozroq suv sepib, kanorning bir chetidan oʻrab buraladi. Oʻrab boʻlingach, bilak va tizza yordamida bosib, xariga tortib, urib pishitiladi — bunda asosan yosh yigitlar ishtirok etadilar. Mazkur holat bir necha marta takrorlangach, mahsulot tayyor holga keladi.Eshbolta Qobulov, Maʼruf Fayzullayev. Zafar Hakimov. „Moziydan Sado“. 2.(58).2013
Manbalar
Turkum:Gilam Turkum:Oʻzbekiston sanʼati