Abul Abbos Abdulloh ibn Horun ar-Rashid ( 786-yil 14-sentyabr — 833-yil 9-avgust), hukmdorlik nomi Maʼmun () — yettinchi abbosiy xalifa. 813-yildan 833-yil, vafotigacha hukmronlik qilgan. Abbosiylar xalifaligining markaziy hokimiyati qoʻzgʻolonlar va kuchli mahalliy yetakchilarning koʻtarilishi tufayli yuzaga kelgan fuqarolar urushidan soʻng oʻgay ukasi Aminning oʻrnini egallagan. Hukmronligining katta qismi tinchlantirish kampaniyalarida oʻtgan. Yaxshi maʼlumotga ega boʻlgan va ilm-fanga katta qiziqish bildirgan Maʼmun Bagʻdodda „Tarjima“ harakati, fan va ilmlarning gullab-yashnashi hamda al-Xorazmiyning hozirgi kunda „Algebra“ deb nomlanuvchi kitobining nashr etilishiga yordam bergan. Shuningdek, moʻtaziliylik taʼlimotini qoʻllab-quvvatlagani va imom Ahmad ibn Hanbalni qamoqqa tashlashi, diniy taʼqiblar (mihna) avj olgani, Vizantiya imperiyasi bilan keng koʻlamli urushlarni qayta boshlagani bilan mashhur.

Tavalludi va taʼlimi

Abdulloh, boʻlajak al-Maʼmun, Bagʻdodda 786-yil 13-sentyabrdan 14-sentyabrga oʻtar kechasi Horun ar-Rashid va kanizagi Badgʻislik Marojil oilasida tugʻilgan. Keyinchalik „uch xalifa kechasi“ nomi bilan mashhur boʻlgan oʻsha kechada amakisi Al Hodiy vafot etib, oʻrniga Maʼmunning otasi Horun ar-Rashid Abbosiylar xalifaligi hukmdori etib tayinlandi. Marojil bola tugʻilganidan koʻp oʻtmay vafot etgan. Abdulloh Horun ar-Rashidning rafiqasi, abbosiy xalifa al-Mansurning () nabirasi Zubayda qoʻlida katta boʻldi. Yosh shahzoda Abdulloh puxta bilim oldi. Al-Kisoiy klassik arab tilidan, Abu Muhammad al-Yozidiy adab, musiqa va she’riyatdan saboq berishdi. Al-Hasan al-Luʼluiydan fiqh boʻyicha taʼlim olgan, hanafiy mazhabida va hadisda oʻziga xos yuksak mahorat koʻrsatib, roviy sifatida tanilgan. M.Rekayaning taʼkidlashicha, „Maʼmun ilmga boʻlgan muhabbati bilan ajralib turgan. Bu xislati uni Abbosiylar sulolasining eng ziyoli xalifasiga aylantirib, xalifalikning rivojlanish yoʻlidan dalolat berardi“.

Voris va Xuroson noibi etib tayinlanishi

Abdulloh oʻgʻillarining eng kattasi boʻlsa-da, Horun 794-yilda 787-yil aprelda tugʻilgan ikkinchi oʻgʻli Muhammadni, onasi Zubayda, vorislik masalasida birinchi oʻringa qoʻydi. Vorislikka bu holatda tanlanishning asosiy sababi Muhammadning ham otasi, ham onasi Abbosiylar sulolasidan boʻlgani edi. Shuningdek, bu Muhammadning yuqori nasabli oilasining xalifaga bosimi natijasi edi. Haqiqatdan ham Muhammad bunday nasldan boʻlgan yagona Abbosiy xalifasi boʻlib qoldi. Muhammad Amin („Ishonchli“) nomi bilan dastlab Xurosonda, oʻz valiysi Barmakiy al-Fazl ibn Yahyodan, keyin esa Bagʻdodda bayʼat oldi. Abdulloh balogʻat yoshiga yetgandan keyingina, 799-yilda Maʼmun („Ishonchli“) nomi bilan ikkinchi merosxoʻr sifatida tan olingan. Boshqa bir barmakiy Jaʼfar ibn Yahyo uning vasiysi boʻlgan. Shu bilan birga, Abdulmalik ibn Solih vasiyligida Muʼtamin nomi ostida Qosim uchinchi merosxoʻr etib tayinlandi.

Bu kelishuvlar 802-yilda Horun va Abbosiylar hukumatining eng qudratli amaldorlari Makkaga haj ziyorati vaqtida tasdiqlanib, ommaga eʼlon qilindi. Ularga koʻra, Al-Amin Bagʻdodda Horunning vorisi boʻladigan, Al-Maʼmun al-Aminning vorisi boʻlib qoladigan va qoʻshimcha ravishda kengaytirilgan Xurosonni boshqaradigan boʻldi. Bu alohida ahamiyatga ega boʻlgan tayinlov boʻlgan. Chunki Xuroson Abbosiylarni hokimiyat tepasiga olib kelgan Abbosiylar inqilobining tayanch nuqtasi sifatida xalifalik viloyatlari orasida imtiyozli mavqeini saqlab qolgan edi. Qolaversa, Abbosiylar sulolasi harbiy rahbarlik va boshqaruvchilik masalalarida asosan Xurosoniylarga tayangan. Abbosiylar bilan gʻarbga kelgan Xurosoniy arab qoʻshinlarining (Xurosoniyya) koʻpchiligiga Iroq va Abbosiylarning yangi poytaxti Bagʻdoddan mulklar berilib, ular abnāʾ al-davla („davlat/sulola oʻgʻillari“) deb nomlanuvchi elita guruhiga aylandi. Abbosiylar davlatining eng yuqori doiralarida eroniy doiralarning keng miqyosda mavjudligi, eng koʻzga koʻringan vakillar Barmakiylar oilasi boʻlishi, shubhasiz, al-Maʼmunning onasi orqali sharqiy Eron bilan bogʻliq viloyat, Xuroson noibi va voris lavozimiga tayinlanishida muhim omil boʻldi. Tarixchi Tabariy batafsil qayd etgan shartnoma shartlariga koʻra, al-Maʼmunning Xurosoniy noiblariga keng muxtoriyat berilgan. Biroq, zamonaviy tarixchilarning fikriga koʻra, bu maʼlumotlar al-Maʼmun haqida keyinchalik tarix yozganlar tomonidan ukasining foydasiga buzib talqin qilingan boʻlishi mumkin. Horunning uchinchi vorisi al-Muʼtamin Yuqori Mesopotamiya va Suriyadagi Vizantiya imperiyasi bilan chegaradosh hududlarni boshqarishni oʻz zimmasiga oldi.

Ikki aka-uka oʻrtasidagi yashirin raqobat juda tez oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Hukumat 803-yil yanvarda Bagʻdodga qaytgandan soʻng deyarli darhol Barmakiylar oilasining hokimiyatdan keskin qulashi Abbosiy elitalarini larzaga keltirdi. oshqa tomondan, bu voqea Barmakiylar xalifaga yoqmaydigan darajada kuchayib ketganini aks ettirishi mumkin, ammo ushbu voqeaning sodir boʻlgan vaqti vorislik masalasiga ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Abnāʾ Al-Amin tarafida, barmakiylar al-Maʼmun tarafida boʻlib, ikki lager kundan-kunga bir-biridan uzoqlashib borar ekan, al-Amin muvaffaqiyatga erishish imkoniga ega boʻlish uchun barmakiylar kuchini sindirishi kerak edi.

Ja’far ibn Yahyo oʻrniga otasi islom dinini qabul qilib, barmakiylar xizmatiga kirgan, asli Eronning Kufasidan boʻlgan Al-Fadl ibn Sahl Ma’munning tarbiyachisi etib tayinlandi. 806-yilda Maʼmunning kotibi ham boʻldi. Bu tayinlov, agar Maʼmun taxtga oʻtirsa, vazirlikka asosiy nomzod boʻlishni ham anglatar edi. 804-yilda Maʼmun oʻzining amakivachchasi, xalifa al-Hodiyning () qizi Ummu Isoga uylandi. Ushbu juftlikdan ikki farzand Muhammad al-Asqar va Abdullohlar tugʻildi.

Barmakiylar qulagandan keyingi yillarda boshqaruvning markazlashuvi kuchayib borishi bilan bir qatorda abnoning taʼsiri ham oshib bordi. Ularning aksariyati viloyat hokimi lavozimlarini egallashib, bu viloyatlarni Bagʻdod nazoratiga yaqinlashtirish uchun yuborildi. Bu boshqaruv uslubi viloyatlarda, ayniqsa Xurosonda tartibsizliklarga sabab boʻldi. Bu yerlardagi mahalliy elitalar abna bilan uzoq vaqtdan buyon raqobat qilib kelishardi va viloyatni (va uning daromadlarini) Iroqdan nazorat qilish tendensiyasi mavjud edi. Abnoning nufuzli aʼzosi Ali ibn Iso ibn Mahon tomonidan yuritilgan shafqatsiz soliq siyosati hatto Rofe ibn Lays boshchiligidagi qoʻzgʻolonga sabab boʻldi. Bu esa oxir-oqibat Horunning oʻzini al-Maʼmun, qudratli guruhi (hojib) va bosh vazir al-Fadl ibn ar-Rabiy hamrohligida 808-yilda viloyatga borishga majbur qildi. Al-Maʼmun qoʻshinning bir qismi bilan Marvga joʻnatildi, Horun esa Tusda qolib, shu yerda 809-yil 24-mart kuni vafot etdi.

Abbosiy fuqarolik urushi

802-yilda Amin va Maʼmunning otasi Horun ar-Rashid Aminning oʻziga voris boʻlishi, Maʼmun esa Xuroson noibi boʻlib, Aminning vafotidan keyingina xalifa boʻlishi mumkinligi haqida buyruq bergan edi. Horun hayotining soʻnggi kunlarida sogʻligʻi yomonlashdi va tushida Muso ibn Jaʼfarning xonada namoz oʻqib yigʻlab oʻtirganini koʻrdi. Bu Horunning oʻz xalifaligini barpo etish uchun qanchalar mashaqqatli kurash olib borganini eslatardi. U ikkala oʻgʻlining shaxsiyatini bilar edi va Abbosiylar sulolasi farovonligi uchun vafotidan keyin Maʼmun xalifa boʻlishi kerak degan qarorga kelib, bu haqda bir guruh saroy aʼyonlariga maʼlum qildi. Saroy a’yonlaridan biri Fazl ibn Rabi’ Horunning soʻnggi istaklariga boʻysunmay, xalifalikda koʻpchilikni Horunning xohishi oʻzgarmaganligiga ishontirdi. Keyinroq Horunga sodiqlik qasamyod qilgan uch nafar saroy aʼyoni, Iso Jorudiy, Abu Yunus va Ibn Abu Umron Horunning Maʼmunni qoʻllab-quvvatlaganini maʼlum qilishib, Fazl bilan bahslarida yengib chiqdilar va Fazl Horun Maʼmunni tayinlaganini tan olsa-da, Horunning aqli joyida emasligi sababli, uning qaroriga amal qilmaslik kerakligini uqtirdi. Maʼlumotlarga koʻra, Maʼmun Horunning katta farzandi, biroq uning onasi fors ayoli boʻlgan. Aminning onasi esa Abbosiylar oilasining vakili edi. 809-yilda ar-Rashid vafotidan keyin ikki aka-uka oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Maʼmunning mustaqillikka intilishiga javoban Amin oʻz oʻgʻli Musoni merosxoʻri deb eʼlon qildi. Horun ar-Rashid vasiyatini bu tarzda buzish vorislik kurashiga sabab boʻldi. Amin 811-yilda Bagʻdodda Iso ibn Maxon boshchiligida katta qoʻshin yigʻib, Xurosonga bostirib kirdi. Maʼmunning sarkardasi Tohir ibn Husayn (vaf. 822) qoʻshinni magʻlub qilib, Iroqqa bostirib kirdi hamda 812-yilda Bagʻdodni qamal qildi. 813-yilda Bagʻdod quladi. Aminning boshi kesildi va Maʼmun xalifa boʻldi.

Ichki nizo Sahl ibn Salama al-Ansoriy

Maʼmun hukmronligining dastlabki bir necha yillarida xalifa Marvda (hozirgi Mari, Turkmaniston) boʻlgan. Shu vaqtda Iroqda tartibsizliklar boʻlgan. 815-yil 13-noyabrda Muhammad ibn Ja’far as-Sodiq (ad-Dibaj) Makkada oʻzini xalifa deya da’vo qildi. U magʻlubiyatga uchradi va Maʼmunning vafot etgani haqidagi xabardan soʻng xalifa boʻlganni taʼkidlab, tezda taxtdan voz kechdi. Bagʻdoddagi qonunbuzarliklar diniy qarashlar bilan mahalliy qoʻriqchilar shakllanishiga olib keldi. Ularning ikki taniqli rahbari Xolid al-Daryush va Sahl ibn Salama al-Ansoriy edi. Sahl la taʼa lil-maxluq fi maʼsiyat al-xoliq yoki «Yaratganga itoatsizlikda maxluqqa itoat qilmaslik» (aslida xorijiylarning shiori) shiorini oʻzlashtirib, „Xudoning irodasi va xalifa hokimiyati oʻrtasida mojaro“ga ishora qildi. Bu harakat rahbariyatining „koʻpchiligi“ sulaahd („mahalla va mahallalarning yaxshi niyatli kishilari“) va „mashhur voizlar“dan (Xolid ad-Daryush va Sahl ibn Salama al-Ansoriy kabi) yetishib chiqqan. Taʼlimotning izdoshlari amma (oddiy xalq) deb atalgan.

Harakat tarkibidagi koʻngillilar mutavviya nomi bilan mashhur boʻlib, xuddi shu nom „chegara burchini bajargan va Vizantiyaga qarshi muqaddas urushdagi koʻngillilarga“ ham berilgan edi. Sahl va harakatning taʼsiri shunday boʻldiki, harbiy rahbarlar dastlab „Maʼmunga taslim boʻlishni kechiktirishdi“ va Sahlning diniy „formulasi“ni qabul qilishdi. Birq, mazkur rahbarlar 817-18-yillarda uning kuchidan xavotirga tushib, Sahlni tor-mor qilish uchun birlashdilar.

Imom ar-Rizo

Hijriy 201-yilda (milodiy 817) Ma’mun Ali ar-Rizoni (Alining oltinchi avlodi va sakkizinchi shia imomi) xalifalik uchun o‘z vorisi deb atagan. Bu harakat Iroqdagi shialarni tinchlantirish va „Hoshimiylar oilasining Ali va Abbosiy toifalarini yarashtirish“ uchun qilingan boʻlishi mumkin. Biroq bu harakat Bagʻdodda „al-Harbiyya“ harbiy boshliqlari, jumladan Muttalib va „Iso ibn Muhammad“ qoʻllab-quvvatlagan Hoshimiylar uchun Maʼmunni taxtdan agʻdarib, Ibrohim ibn al-Mahdiyni xalifalikka saylash uchun sabab boʻldi.

Shia manbalariga ko‘ra, Bag‘dodda Ma’umning taxtdan ag‘darilishi donishmand va taqvodor Imom Rizoga qarshilik tufayli emas, balki Fazl ibn Sahl tarqatgan mish-mishlar tufayli sodir bo‘lgan. Maʼmun imom Rizoni nazorat qilish umidida Marvga koʻchirdi, ammo imomning oʻsib borayotgan mashhurligi bu yerda ham toʻsqinlik qildi. Butun musulmon dunyosidan odamlar payg‘ambarning nabiralari bilan uchrashish, uning o‘gitlari va yo‘l-yo‘riqlarini tinglash uchun kelishgan (manbalarga ko‘ra). Maʼmun imomni sharmanda qilmoqchi boʻlib, dunyo dinlarining eng buyuk ulamolari bilan bahsga kiritgan, ammo imom gʻalaba qozondi. Keyin Maʼmun sadrati Fazl ibn Sahl xalifadan muhim maʼlumotlarni yashirganini maʼlum qildi.

Bagʻdodda Maʼmun oʻrniga Ibrohim ibn Mahdiy tayinlangan edi. Buning sababi Maʼmunning imom Rizoni oʻz merosxoʻri deb atagani ommalashmagani emas, balki Fazl ibn Sahl tarqatgan „mish-mishlar“ boʻlgan edi.