Abasa (arab, "abasa" — "qoshini chimirdi, yuzini burishtirdi") — Qurʼonning 80-surasi nomi. 42 oyatdan iborat. Makkada nozil bo‘lgan.
Asosiy mavzusi Rivoyat qilinishicha, Muhammad (s.a.v.) Quraysh zodagonlaridan bir guruhini islomga daʼvat qilib turganida Abdulloh ibn Ummi Maktum ismli ikki ko‘zi ko‘r bir sahoba kelib: "Yo rasululloh, menga Alloh sizga bildirgan narsalardan taʼlim bering", deb so‘raydi. Payg‘ambarning boshqalar bilan band ekanligini sezmagan sahoba yuqoridagi gapini baland ovoz bilan bir necha bor takrorlaydi. Shunda payg‘ambar achchiqlanib, qovoq soldi va u kishidan yuz o‘girib, Quraysh kattalari bilan so‘zlashishda davom etdi. "Abasa" surasi ko‘zi ojiz bir kishiga ro‘yxush bermagan payg‘ambarga tanbeh berish bilan boshlanadi (shuning uchun ham bu sura "Abasa" deb nomlangan) va u zotga zimmalaridagi vazifalari yana bir bor uqtirilib, Qurʼon oyatlari Alloh tomonidan pand-nasihat oladigan bandalar uchun yuborilgan bir eslatma ekanligi taʼkidlanadi. Bu surada Alloh o‘z habibi va so‘nggi payg‘ambariga bergan tanbehi do‘stning do‘stga qiladigan beg‘araz muomalasi sifatida talqin etilgan.
Manbalar
ABASA SURASI
Turkum:Muhammadning hayoti