Bronxoektatik kasallik, bronxoektazlar (bronx va yunoncha ektasis – choʻzilish) – nafas aʼzolari kasalligi, bronxlarning kengayishi (bronxoektaz) bilan kechadi. Tugʻma (ko;p bronxoektazlar) va bronxlar devorining yalligʻlanishi (oʻpka sili, koʻkyoʻtal, surunkali bronxit, zotiljam, gripp va boshqalar) tufayli orttirilgan bronxoektazlar farq qilinadi. Bronxoektatik kasallik da bronxlardagi yalligʻlanish jarayoni oʻpka, yurak, buyrak va boshqa aʼzolar faoliyatiga ham taʼsir qiladi. Dastlab kasallik sezilmasligi mumkin, zoʻriqqanda bemorning eti uvishadi, isitmalaydi, yoʻtalib balgʻam tashlaydi, koʻpincha ertalab ogʻiz toʻla balgʻam keladi (sutkada 1 l gacha), u qoʻlansa va yiringli boʻladi. Bronxoektatik kasallik uzoq davom etib, koʻpincha avj olib boradi. Unga tashxis qoʻyish uchun bronxografiya oʻtkaziladi. Kasallikka xos dastlabki belgilar paydo boʻlganda, darhol vrachga murojaat etish kerak. Aks holda yurak-tomir tizimi va buyrakda turli asoratlar yuzaga kelishi va bemorning ish qobiliyati pasayishi mumkin.

Davolash Kasallik xuruj qilganda bemor kasalxonada davolanadi. Organizmning umumiy quvvatini oshiruvchi dorilar buyuriladi, iqlim bilan davolash, zarur boʻlsa jarrohlik usuli qoʻllanadi.

Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Turkum:Tibbiyot Turkum:Pulmonologiya