Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktab (; ) — Qirgʻizistonning Isfana shahrida joylashgan oʻrta maktab Oʻrta maktab deb nomlanishiga qaramasdan, maktabda 1-dan 11-gacha sinflar bor. Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda darslar oʻzbek tilida oʻtiladi.
Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktab 1936-yil ochilgan. Hozir maktabda ikkita bino bor. Eski bino 1947-yil qurilgan. 2007-yil maktab binosining bir qanoti zilzila tufayli katta zarar koʻrdi. 2009-yil yangi ikki qavatli bino qurib bitirildi.
Dars programmasi Oʻquvchilar birinchi sinfga bolaning individual rivojlanishiga qarab 6 yoki 7 yoshda olinadi. 11 yillik oʻqish boshlangʻich (1-4-sinflar), oʻrta (5-9-sinflar) va yuqori (10-11-sinflar) oʻlaroq uchga boʻlinadi. 9 yillik umumiy programmaga qatnashish majburiydir. 10-11-sinfda oʻqish majburiy emas.
Mamlakatdagi boshqa maktablardagi kabi Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilari alohida etajda oʻqishadi. Ularga odatda 1-dan 4-sinfgacha bitta oʻqituvchi barcha fanlarni oʻtadi (jismoniy tarbiya va chet tillaridan tashqari).
5-sinfdan boshlab har bir darsni alohida oʻqituvchi oʻqitadi. Katta sinf oʻquvchilariga matematika, informatika, fizika, kimyo, jugʻrofiya, biologiya, sanʼat, musiqa, jismoniy tarbiya, tarix, falsafa, astronomiya kabi darslar oʻtiladi.
Qirgʻizistondagi boshqa maktablardagi kabi Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda ham ikki smenada (ertalabki va tushki) darslar oʻtiladi. Bunga sabab oʻquvchi soni koʻpligidir.
Oʻquv yili sentabr boshidan mayning oxirigacha choʻziladi va toʻrt chorakka boʻlingan. Oʻqish programmasi oʻzgarmas, doimiy. Baʼzi gʻarb mamlakatlaridan farqli oʻlaroq, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi darslar oʻtilishini tanlay olishmaydi. Oʻquvchilar 5 qadamli shkalada baholanadi. Amalda 2 („qoniqarsiz“) dan 5 („aʼlo“) gacha qoʻyiladi. 1 kamdan-kam ishlatiladigan keskin oʻzlashtirmaganlik belgisi. Kundalik baho berishda bu baholarni oʻqituvchilar yana guruhlarga boʻlishadi (masalan +4, -5), ammo chorak baholar faqat 2, 3, 4 yoki 5 boʻlishi mumkin.
Dars oʻtish tili Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda darslar oʻzbek tilida olib boriladi. Oʻzbek tili bilan birga oʻquvchilar rus, qirgʻiz va ingliz tillarini ham oʻrganishadi. Qirgʻizistondagi boshqa oʻzbek maktablardagidek, Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda oʻzbek tilida oʻqitishning kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda.
2010-yil Qirgʻiziston janubidagi sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan qirgʻiz rasmiylari oʻzbek tilini cheklashga va oʻzbek maktablarni majburan qirgʻizlashtirishga harakat qila boshladi. Shu harakatlar doirasida 2010-yillar boshida oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ajratilgan dars soati ozaytirilib, oʻrniga qirgʻiz tili va adabiyoti fanlariga koʻp soat berildi.
Hozir oʻzbek tilidagi darsliklar yetishmaydi va Qirgʻiziston hukumati maktablarni mablagʻ yoʻqligini bahona qilib, oʻzbekcha kitoblar bilan taʼminlashni istamaydi. Qirgʻiz rasmiylari oʻzbek oʻquvchilarining Oʻzbekistonda chiqqan kitoblardan foydalanishga keskin qarshi boʻlgani uchun hozir koʻp maktablarda, shu jumladan, Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda ham aksar darslar oʻzbek tilida ammo qirgʻiz tilidagi darsliklardan foydalanib oʻtilmoqda.
Eʼtiborga loyiq bitiruvchilar Jaloliddin Sirojiddinov — taniqli iqtisodchi va statistikachi olim, professor Maʼrifjon Moʻminov — Isfana shahrining uchinchi meri, Isfanadagi asosiy kolxozning koʻp yillik raisi Karimoxun Roʻzioxunov — taniqli injener, Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi
Manbalar
Havolalar
Turkum:Qirgʻizistondagi maktablar Turkum:Isfanadagi maktablar