Sulukta () — Qirgʻizistonning Botken viloyati gʻarbiy chekkasida joylashgan shahar. Sulukta Fargʻona vodiysining gʻarbiy chekkasida, uch tomondan Tojikiston bilan chegaradosh hudud ichida joylashgan.
„Sulukta“ soʻzi „zuluk“ degan turkiy soʻzdan kelib chiqqan degan fikr mavjud. Bu qarashga koʻra, Sulukta suvlarida zuluk koʻp boʻlgan, shuning uchun Sulukta haqida „bu joyning suvi zulukli“ deb yuritilgan va shu asnoda „sulukta“ soʻzi kelib chiqqan. Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Suluktada birinchi industrial koʻmir koni 1868-yilda ochilgan. 1940-yil Suluktaga shahar maqomi berilgan. Suluktada Qirgʻizstonda birinchi boʻlib sovet hokimiyati oʻrnatilgan.
Sulukta viloyatga boʻysunuvchi shahardir. Yaʼni, shahar hech bir tumanga kirmaydi. Qoʻshbuloq (eski nomi Vostochniy) shahar tipidagi posyelkasi va Kolso qishloqlari ham Sulukta shahar boshqarmasiga qaraydi. 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Suluktaning aholisi oʻsha yili 13 378 kishi, Sulukta va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi boʻlsa 20 725 kishi boʻlgan.
Suluktada Sovet Ittifoqi davrida bir necha yirik koʻmir konlari, zavod va fabrikalar faoliyat yuritgan. Ittifoq parchalanganidan keyin zavod va fabrikalarning koʻpchiligi yopildi. Bunga texnika va mutaxassislar kamayishi, samarasiz boshqarish hamda daromad ozligi sabab boʻldi. Bir paytlar muhim industrial markaz boʻlgan Sulukta hozirgi kunda tashqaridan qarovsiz qolgan shaharga oʻxshaydi.
Tarixi Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Suluktada birinchi industrial koʻmir koni 1868-yilda ochilgan. 1940-yil Suluktaga shahar maqomi berilgan. Suluktada Qirgʻizstonda birinchi boʻlib sovet hokimiyati oʻrnatilgan.
Sovet davrida Sulukta muhim ahamiyatga ega industrial shahar boʻlgan. Shaharda goʻsht kombinati, yogʻ, gʻisht zavodlari, tikuvchilik sanoati korxonalari boʻlgan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Suluktada istiqomat qilayotgan ruslar va tatarlarning aksari shaharni tark etishdi. Ketganlar orasida yetuk mutaxassislar koʻp boʻlgan. 1990-yillarda mutaxassis ozligi, sovet davrida mavjud boʻlgan savdo tarmoqlarining yoʻq boʻlishi, texnika eskirishi va boshqaruvdagi muammolar sabab Suluktadagi deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.
Geografiyasi thumb|Sulukta qirlari Sulukta Botken Viloyatining gʻarbiy qismida dengiz sathidan 1,380 metr balandlikda joylashgan. Shahar Turkiston togʻ tizmasining shimolidagi hududda joylashgan. Suluktaning relefini asosasin qirlar va past togʻlar tashkil qiladi.
Iqlimi Shaharning iqlimi keskin kontinental boʻlib, qishda havo ancha sovuq, yozda boʻlsa ancha issiqdir. Qish uzoq davom etmaydi. Bahor va kuzda nisbatan koʻproq yomgʻir yogʻadi, ammo yoz fasli issiq va qurgʻoqchil oʻtadi. Suluktaning iqlimi Isfananing iqlimiga oʻxshash. Ammo, Suluktada yogʻingarchilik Isfanadagidan oz boʻladi.
Demografiyasi 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Suluktaning aholisi oʻsha yili 13 378 kishi, Sulukta va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi boʻlsa 20 725 kishi boʻlgan. 1999-yilgi sanoqda Suluktaning umumiy aholisi 21 219 kishi deyilgan edi.
Sulukta aholisining aksar qismi Rossiyada muhojir ishchidir. Chetda ishlayotgan Suluktaliklar soni haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.
Suluktada koʻp millat vakillari yashaydi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qirgʻizlar eng katta etnik guruhdir. 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Sulukta va unga qarashli qishloqlarda aholining etnik tarkibi quyidagichadir: 73.2 % qirgʻiz, 19.5 % oʻzbek, 3.6 % tatar, 2.6 % russ, 0.7 % tojik va qolgan 0.4 % i boshqa millat vakillaridir.
Sulukta aholisi asosan Islom diniga sigʻinadi. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida. Suluktada oʻn besh masjid, bir pravoslav cherkovi bor.
2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Sulukta va unga qarashli qishloqlarning aholsi quyidagichadir:
Aholi punkti Aholi soniSulukta13 378Qoʻshbuloq (eski nomi Vostochniy)6 632Kolso715
Iqtisodi thumb|Suluktaning asosiy koʻchalaridan biri Sovet davrida Suluktada koʻplagan ishlab chiqarish fabrikalari va zavodlar boʻlgan. Bundan tashqari, bir necha yirik koʻmir konlari boʻlgan. Koʻmir bilan birgalikda gips, kvars qumi va ohaktosh kabi yer osti boyliklari ham qazib olingan. 1991-yil Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.
Sulukta aholisining aksar qismi Rossiyaga ishlagani boradi. Sulukta aholisi yana qoʻshni Qozogʻiston va Tojikistonga ham borib ishlaydi. Chetda ishlaganlarning aniq soni haqida toʻliq va ishonarli maʼlumot yoʻq.
Suluktada qolgan aholi boʻlsa asosan savdogarchilik bilan shugʻullanadi. Shaharda yirik bozor mavjud emas. Bir necha kichik bozorcha bor xolos. Sotuvchilar mahsulotlarini asosan Oʻsh, Qorasuv va Xoʻjanddan olib kelishadi.
Sulukta iqtisodi boshqa Qirgʻiziston shaharchalari iqtisodi kabi doʻkon iqtisodidir. Savdoning katta qismi bozor va doʻkonlarda amalga oshadi. Savdo odatda qattiq nazorat qilinmaydi.
Sulukta koʻmir koni
Sulukta Oʻrta Osiyoning koʻmir qazib chiqariladigan eng qadimgi markazlaridan biridir. Bu yerda koʻmir XI—XII asrlardan beri qazib kelinadi. Sulukta koʻmir konining geologik tuzilishi 1903-yildan boshlab oʻrganilgan. Sovet geologlariga koʻra, Suluktada paleozoy, mezozoy va kaynazoy eralarida hosil boʻlgan yotqiziqlar mavjud.
Asosiy koʻmirli qatlamlarning umumiy qalinligi 35-120 metr. Baʼzi yerlarda 600-750 metr chuqurlikda sanoat ahamiyatiga ega koʻmir qatlamlari bor. Asosiy koʻmir olinadigan qatlamning uzunligi 22 kilometr, qalinligi 0,1-18,0 metrga yetadi.
Sulukta koʻmir konida asosan qoʻngʻir koʻmir bor. Bu koʻmir petrografik jihatdan fuzen-ksilen va klaren koʻmir turlariga mansub. Suluktada avval koʻmir ham ochiq, ham shaxta usulida qazib olingan. Hozir boʻlsa ochiq usulda qazib olish uchun kerak boʻlgan texnikaning yoʻqligi sabab koʻmir faqat shaxta usulida qazib olinadi. Bugungi kunda Sovet davrida faoliyat yuritgan yirik davlat shaxtalari oʻrnini xususiy shaxtalar egallagan.
Hukumati Suluktada mer va shahar kengashi shaharni boshqaradi. Mer ochiq saylovlarda saylanadi. Shahar Kengashida 19 aʼzo bor. Qoʻshbuloq (eski nomi Vostochniy) shahar tipidagi posyelkasi va Kolso qishloqlari ham Sulukta shahar boshqarmasiga qaraydi. Suluktaning hozirgi meri Abduzakir Ibragimovdir.
Sulukta viloyat miqyosidagi shahardir. Yaʼni, shahar toʻgʻridan-toʻgʻri Botken viloyati qaramogʻida boʻlib, hech bir tumanga kirmaydi. Koʻp millatli boshqa Qirgʻiziston aholi punktlaridagidek Suluktada ham deyarli barcha davlat ishlarida qirgʻiz millatiga mansub kishilar ishlaydi. Hukumat ishchilari orasida boshqa millat vakillari juda ham oz.
Taʼlimi Maktablar Suluktada bir qancha taʼlim mahkamasi bor. Shaharda toʻqqizta oʻrta maktab bor. Bulardan biri texnik litsey, yana biri maktab-gimnaziyadir.
Maktablarda darslar qirgʻiz, oʻzbek va rus tillarida olib boriladi. Barcha oʻquvchilar qirgʻiz va rus tillarini oʻrganishadi. Bu ikki til Qirgʻizistonda rasmiy tildir. Maktablarda yana ingliz tili chet tili sifatida oʻqitiladi, ammo ingliz tili oʻqitish darajasining sifati yuqori emas. Umuman olganda Suluktada oʻzbek sinflardagi oʻquvchilar toʻrt, qirgʻiz sinflardagi oʻquvchilar uch tilni oʻrganishadi.
Kollej va litseyllar thumb|Sulukta gumanitar-iqtisodiy instituti Suluktada uchta oliy oʻquv yurti bor. Sulukta gumanitar-iqtisodiy instituti yoki SGII () shahardagi eng yirik oliy oʻquv mahkamasidir. Bu institut Botken davlat universitetiga yoki BatDU ga () qaraydi. Bundan tashqari, Suluktada BatDU ning muhandislik va iqtisod markazi () hamda Pedagogik bilim yurti () ham bor.
Suluktada yana № 73-kasb-hunar litseyi bor. Litsey tikuvchilarni, duradgorlarni, elektr toki ishchilarini va haydovchilarni tayyorlaydi.
Madaniyati Suluktada ikki kutubxona bor: umumiy kutubxona va bollar kutubxonasi. Bu kutubxonalarning ikkisi ham davlatga qarashlidir. Bolalar kutubxonasining ikki filiali bor. Biri shaharning oʻzida, ikkinchisi Qoʻshbuloq shahar tipidagi posyelkasida joylashgan. Umumiy kutubxonada 55 138 ta, bollar kutubxonasida boʻlsa jami 88 016 ta nusxa bor.
Suluktada 1936-yil ochilgan bollar musiqa maktabi ham bor. U yerda oʻquvchilar qoʻshiq kuylashni, raqsga tushishni va turli xil musiqa asboblarini chalishni oʻrganishadi. Qoʻshbuloq qishlogʻida musiqa maktabining filiali faoliyat koʻrsatadi.
Suluktada faqat bitta park bor. Park yaqinida 5 000 tagacha tomoshabin sigʻadigan futbol stadioni mavjud. Suluktada yana madaniyat uyi faoliyat koʻrsatadi. Madaniyat uyining hozirgi binosi 1932-yil qurilgan.
Shahardan 35 km masofada Beles togʻ massivining tabiiy chegarasida „Togʻ Burguti“ bolalar lageri bor. Lager 1965-yil qurilgan. 2004-yil qayta taʼmirlangan. Lager bir potokda 500 bolaga xizmat koʻrsata oladi.
Transporti Sovet davrida Suluktani Xoʻjand (oʻsha paytlarda Leninobod deb atalgan) bilan tor izli temir yoʻl bogʻlab turgan. Hozir bu temir yoʻl ishlamaydi. Suluktada aeroport yoʻq. Shaharga eng yaqin aeroport Isfanada joylashgan. Bu ikki shahar orasidagi masofa 16 kilometrdir. Suluktani Laylak tumanidagi boshqa aholi punktlari bilan avtomobil yoʻllari bogʻlab turadi. Sulukta bilan poytaxt Bishkek orasidagi masofa 950 kilometrdir.
Manbalar
Havolalar
Shahar 36-53, Sulukta shahrining norasmiy sayti Sulukta xaritasi, MSN Sulukta profili , Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi Unutilgan shaharlar: Sulukta — shaxterlarning birinchi shahri, Ozodlik radiosi Sulukta , SPR
Galereya
Turkum:Qirgʻiziston shaharlari *