Oʻzbek gimnaziyasi (; ) — Qirgʻizistonning Isfana shahrida joylashgan maktab-internat, sobiq gimnaziya. 4-gimnaziya va Matkarimov nomli gimnaziya deb ham nomlanadi. Matkabning rasmiy nomi U. Matkarimov nomli umumtaʼlim yotoq-maktabidir (; ). Maktabga Isfana kolxozining raisi boʻlib ishlagan va shaharning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan Usmon Matkarimov nomi berilgan.

Oʻzbek gimnaziyasida oʻqish bepul boʻlib, maktabda 5-dan 11-gacha sinflar bor. Maktabga odatda oʻqishga layoqati yuqoriroq boʻlgan oʻquvchilar qabul qilinadi. Maktabning internatida oʻquv yili davomida asosan Laylak tumanida joylashgan qishloqlardan kelgan oʻquvchilar yashaydi.

Nomi Maktabning bir necha nomi bor. Xalq orasida Oʻzbek gimnaziyasi deb ataladi. Shuningdek, 4-gimnaziya deb ham nomlanadi. Bunga maktab Laylak tumanida ochilgan toʻrtinchi gimnaziya boʻlgani sababchi. Shuningdek, maktab Matkarimov nomli gimnaziya nomi bilan ham maʼlum. Usmon Matkarimov Isfana kolxozining raisi boʻlib ishlagan va shaharning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan.

Maktabning rasmiy nomi ham bir nech marta oʻzgargan. Dastlabki rasmiy nomi U. Matkarimov nomli gimnaziya-internat (; ) boʻlgan. Ayrim hujjatlarda U. Matkarimov nomli gimnaziya-oʻrta maktab (; ) deb berilgan. 2025-yil Qirgʻizistonda gimnaziyalar tugatilganidan keyin, U. Matkarimov nomli umumtaʼlim yotoq-maktabi (; ) deb yana oʻzgargan.

Tarixi 1999-yil 4-sentabrda „Isfana“ oʻrta maktabi qoshida geografiya oʻqituvchisi Jumaboy Boboyev tashabbusi bilan eksperimental oʻzbek gimnaziyasi guruhlari tashkil etildi. Ilmiy boʻlim mudiri etib rus tili oʻqituvchisi Mavluda Qoʻldosheva tayinlandi. 67 oʻquvchi tanlab olinib, toʻrt sinf tashkil etildi. Boshida 12 nafar oʻqituvchi oʻquvchilarga taʼlim berdi. Yillar davomida sinflar soni ham, oʻqituvchilar soni ham oʻsdi.

2000-yil 20-yanvarda gimnaziya sinflari mustaqil oʻzbek gimnaziya maktabi sifatida „Isfana“ oʻrta maktabidan ajralib chiqib, sobiq „Samat“ kolxozining idorasiga koʻchirildi. 1982-yil qurilgan ikki qavatli bu binodan Oʻzbek gimnaziyasi oʻsha paytdan beri foydalanib keladi. 2000-yil maktabga Isfana shahri va Laylak tumani iqtisodini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshgan, „Samat“ kolxozining raisi lavozimida ishlagan Usmon Matkarimov nomi berildi. 2000-yil may oyida gimnaziya hovlisida Matkarimovning byusti oʻrnatildi. Oʻsha yili tushunmovchiliklar oldini olish uchun Matkarimov nomi berilgan shahardagi boshqa maktab — Usmon Matkarimov nomli oʻrta maktab nomi Amir Temur nomli oʻrta maktab oʻlaroq oʻzgartirilgan.

2000-yildan 2010-yilgacha gimnaziyaning pedagogik jamoasiga Shokirjon Toʻychiyev rahbarlik qildi. 2010-yil mtakab direktori etib Habibullo Sattorov tayinlandi va u bu lavozimda 2014-yilgacha ishladi. 2014-yildan beri Bumayram Xolmatova Oʻzbek gimnaziyasi direktori boʻlib kelmoqda.

Quyidagi jadvalda oʻquv yili boʻyicha oʻquvchi va oʻqituvchi soni berilgan.

thumb|225px|8-sinf oʻquvchilari Navroʻz ayyomida. 2003-yil shu oʻquvchilar gimnaziyaning ilk bitiruvchilari boʻldi. Oʻqituvchilar: (orqa qator, chapdan oʻngga: Omonboy Umarov, Mavluda Qoʻldosheva, Omina Bozorova, Mohira Mahmadaminova, Malika Mirazizova, Gayipnazar Abdurasulov, Sanobar Hojiboboyeva; (oʻrta qator, chapdan toʻrtinchi) Nilufar Qosimova; (oldingi qator, chapdan beshinchi) direktor Shokirjon Toʻychiyev.

Oʻquv yili Oʻquvchi soni Oʻqituvchi soni 2001—2002 167 18 2002—2003 214 22 2003—2004 231 25 2004—2005 235 27 2005—2006 216 27 2006—2007 203 28 2007—2008 180 28 2008—2009 151 27 2009—2010 169 26 2010—2011 159 27 2011—2012 143 25 2012—2013 130 25 2013—2014 117 21 2014—2015 112 22

Dars programmasi thumb|left|225px|Gimnaziya binosi oldida Gʻafur Gʻulom sheʼridan olingan misralar. 2008-yil yozuv mahalliy qirgʻiz rasmiylar tazyiqi ostida oʻchirib tashlangan.

Gimnaziyaga oʻqishga layoqati yuqoriroq boʻlgan oʻquvchilar qabul qilinadi. Gimnaziyaga kirish uchun imtihon topshirish kerak. Gimnaziyada Isfanadagi boshqa oʻrta maktablardagi kabi umumiy taʼlim berilsa-da, gimnaziya oʻquvchilariga koʻproq dars oʻtiladi va ular darslarni chuqurroq oʻzlashtiradilar.

Gimnaziyada matematika, informatika, fizika, kimyo, jugʻrofiya, biologiya, sanʼat, musiqa, jismoniy tarbiya, tarix, falsafa, astronomiya kabi darslar oʻtiladi. Gimnaziyada yana oʻzbek, rus, ingliz va qirgʻiz tillari ham oʻqitiladi.

Oʻzbek gimnaziyasida 7 yillik oʻqish oʻrta (5-9-sinflar) va yuqori (10-11-sinflar) oʻlaroq ikkiga boʻlinadi. 9-sinf oxirida oʻquvchilar davlat imtihonlarini topshirishadi va umumiy oʻrta maktabni bitirishganini tasdiqlovchi attestat olishadi. 10-11-sinflarda oʻqish majburiy emas. 11-sinf oxirida gimnazistlar yana bir bor davlat imtihonlarini topshirishadi.

Maktab yili sentabr boshidan mayning oxirigacha choʻziladi va toʻrt chorakka boʻlingan. Oʻqish programmasi oʻzgarmas, doimiy. Baʼzi gʻarb mamlakatlaridan farqli oʻlaroq, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi darslar oʻtilishini beglilashda ishtirok eta olmaydilar. Oʻquvchilar 5 qadamli shkalada baholanadi. Amalda 2 („qoniqarsiz“) dan 5 („aʼlo“) gacha qoʻyiladi. 1 kamdan-kam ishlatiladigan keskin oʻzlashtirmaganlik belgisi. Kundalik baho berishda bu baholarni oʻqituvchilar yana guruhlarga boʻla olishadi (masalan +4, −5 va hokazo), ammo chorak baholar faqat 2, 3, 4 yoki 5 boʻlishi mumkin.

Gimnaziyada ertalabdan tushgacha asosiy darslar oʻtiladi. Tushki tanaffusdan keyin yana bir, ikki yoki uch soat qoʻshimcha darslar oʻtiladi. Bu darslarda qatnashish majburiy. Har bir dars 45 daqiqa davom etadi.

Dars oʻtish tili

Oʻzbek gimnaziyasida darslar oʻzbek tilida oʻtiladi. Oʻzbek tili bilan birga oʻquvchilar ingliz, rus va qirgʻiz tillarini ham oʻrganishadi. Qirgʻizistondagi boshqa oʻzbek maktablaridagi kabi Oʻzbek gimnaziyasida ham oʻzbek tilida dars oʻtishning kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda.

2010-yil Qirgʻiziston janubidagi sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan qirgʻiz rasmiylari oʻzbek tilini cheklashga va oʻzbek maktablarni majburan qirgʻizlashtirishga chora koʻra boshladi. Shu harakatlar doirasida 2010-yillar boshida oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ajratilgan dars soati ozaytirilib, oʻrniga qirgʻiz tili va adabiyoti fanlariga koʻp soat berildi.

Hozir oʻzbek tilidagi darsliklar yetishmaydi va Qirgʻiziston hukumati maktablarni mablagʻ yoʻqligini bahona qilib, oʻzbekcha kitoblar bilan taʼminlashni istamaydi. Qirgʻiz rasmiylari oʻzbek oʻquvchilarining Oʻzbekistonda chiqqan kitoblardan foydalanishga keskin qarshi boʻlgani uchun hozir koʻp maktablarda, shu jumladan, Oʻzbek gimnaziyasida ham aksar darslar oʻzbek tilida ammo qirgʻiz tilidagi darsliklardan foydalanib oʻtilmoqda.

Maktab oʻquvchilarining umumrespublika testida ishtiroki Qirgʻizistonda 2002-yildan beri maktab bitiruvchilari orasida oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun umumrespublika testi oʻkaziladi. Testni topshirgan oʻquvchilar Qirgʻizistondagi koʻplab oliy oʻquv yurtlariga kirish va bepul taʼlim olish uchun erishgan ballari bilan boshqa abituriyentlar bilan tanlovda qatnashadi. Testni „Bilimni baholash va oʻqtish uslublari markazi“ hamda Taʼlim vazirligi uyushtiradi. AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) esa loyihani moliyalashtiradi. Umumrespublika testida qatnashish majburiy emas.

Umumrespublika testi ikki qismdan iborat: asosiy test va fan testlari. Asosiy testni barcha topshiruvchilar yozishi shart. Fan testlarini esa xohlagan oʻquvchilar oliy oʻquv yurtida tanlamoqchi boʻlgan sohalariga tayangan holda topshirishadi.

Oʻzbek gimnaziyasi ilk bitiruvchilarini 2003-yil chiqarganidan beri maktab bitiruvchilari umumrespublika testida qatnashib keladi. Umumrespublika testining asosiy testida maʼlum bir balldan (odatda 200 balldan) yuqori natija koʻrsatgan bitiruvchilarga „oltin sertifikat“ beriladi va bu oʻquvchilarda oʻquv yurtiga kirish va bepul oʻqish imkoni kattaroq boʻladi. Shu kungacha Oʻzbek gimnaziyasining birorta bitiruvchisi 200 yoki undan yuqori ball olgani yoʻq. Maktab tarixidagi eng yuqori natija boʻlmish 198 ballni 2012-yil bitiruvchisi Sarvinoz Abdullayeva olgan.

Qirgʻizistonda umumrespublika testini 2013-yilgacha qirgʻiz, rus va oʻzbek tillarida topshirish mumkin edi. Qirgʻiziston janubida oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida sodir boʻlgan toʻqnashuvlar ortidan ayrim qirgʻiz siyosatchilar muntazam ravishda testni oʻzbek tilida oʻtkazishni toʻxtatishga chaqira boshladi. 2013-yil oʻzbekcha umumrespublika testi yoʻq qilingani haqida xabar qilindi. Ammo keyinroq bu qaror bekor qilindi va oʻzbek bitiruvchilarida oʻsha yili ham testni oʻz ona tillarida topshirish imkoni boʻldi.

2014-yil umumrespublika testi boshlanishiga juda oz muddat qolgan boʻlishiga qaramasdan, oʻzbek tili test tillari safidan olib tashlangani qatʼiyan eʼlon qilindi. Ammo testning asosiy qismi boʻlib oʻtganidan keyin, bu sinovlarda qatnashish uchun qayddan oʻtmagan va testda qatnashmagan oʻquvchilarga 2014-yilning iyun oyida boʻlib oʻtadigan kechki sinovlarda testni oʻzbek tilida topshirish imkoni berilishi haqida xabar berildi. Kechki test sinovida ishtirok etish uchun bitiruvchilar faqat Bishkek va Oʻsh shaharlarida qayddan oʻtishlari mumkinligi aytildi. Hozir testni faqat rus va qirgʻiz tillarida topshirish mumkin.

Testni oʻzbek tilida topshirishning bekor qilinishi gimnazistlar uchun testni yanada qiyinlashtirdi. 2014-yilgi bitiruvchilar umumrespublika testida maktab tarixidagi eng past natijani koʻrsatishdi. 2013-yilgi bitiruvchilarning oʻrtacha balli 116,44 boʻlgan boʻlsa, 2014-yilgi bitiruvchilarning oʻrtacha balli bor-yoʻgʻi 101,35 ni tashkil qildi.

Oʻz-oʻzini boshqarish respublikasi Oʻzbek gimnaziyasida oʻquvchilarni demokratiya va liderlik haqida oʻrganishga chorlovchi oʻz-oʻzini boshqarish respublikasi mavjud. Respublikani prezident boshqaradi. Prezidentni oʻquvchilar ovoz berib saylaydi.

Gimnaziya madhiyasi Oʻzbek gimnaziyasining oʻz madhiyasi bor. Har kuni ertalab ish kuni boshlanishidan avval oʻquvchilar gimnaziya madhiyasini va Qirgʻiziston Respublikasi madhiyasini kuylashadi. Madhiyaning sheʼrini oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Davlatjon Boymatov yozgan. Musiqasini esa Saydulla Mamatqulov bastalagan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Isfanadagi maktablar Turkum:1999-yil asos solingan taʼlim muassasalari