„Hayot qadri“ (asl nomi: „A Walk to Remember“) — amerikalik yozuvchi Nicholas Sparksning 1999-yil oktyabr oyida nashr etilgan romani. Voqealari 1958–1959-yillarda Shimoliy Karolina shtatining Bofort shahrida boʻlib oʻtadigan ushbu asar feʼl-atvori bir-biridan tubdan farq qilishiga qaramay, bir-biriga koʻngil qoʻygan ikki oʻsmir haqida hikoya qiladi. „Hayot qadri“ romani asosida xuddi shu nomdagi film ham suratga olingan.
Yozilishi Sparks oʻzining uchinchi romani „Hayot qadri“ning qoʻlyozmasini 1999-yilning yozida Shimoliy Karolinada yozgan. Asar voqealari ham Shimoliy Karolinada boʻlib oʻtadi. Nashr etilgan birinchi romani „The Notebook“ singari „Hayot qadri“ning muqaddimasi ham eng oxirida yozilgan. Roman birinchi shaxs tilidan yozilgan boʻlib, uning hikoyachisi 1950-yillarda yashovchi 17 yoshli yigitdir.
Roman 2000-yil iyun oyida saraton kasalligidan vafot etgan Sparksning singlisi Danielle Sparks Lewis hayotidan ilhomlanib yozilgan. Asar voqealari asosan badiiy toʻqima boʻlsa-da, ayrim qismlari hayotiy voqealarga asoslangan. Masalan, uning singlisi ham xuddi Jamie kabi maktabda odamovi boʻlgan va doim xunuk sviter kiyib yurardi. U ham Jamiega oʻxshab, qayerga bormasin, doim oʻzi bilan Muqaddas kitobni olib yurar edi. Xuddi Landon va Jamiening hikoyasida boʻlgani kabi, qachondir kimdir uni telbalarcha sevib qolishi hech kimning yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi. Singlisining turmush oʻrtogʻi uning xastaligiga qaramay, qoʻlini soʻragan. Singlisining vafotidan soʻng, Sparks xotira nutqida shunday degan edi: „…Menimcha, bu romanni nafaqat singlimni yaqindan tanishingiz, balki turmush oʻrtogʻining bir vaqtlar u uchun qanchalar olijanob ish qilganini bilishingiz uchun ham yozdim“.
Qisqacha mazmuni Hikoya 57 yoshli Landon Carterning soʻzboshisi bilan boshlanadi. Asarning qolgan qismida Landonning 17 yoshli maktab bitiruvchisi boʻlgan davridagi voqealar tasvirlanadi. Landon Shimoliy Karolinadagi dindorlar yashaydigan kichik Bofort shaharchasida istiqomat qiladi. Uning otasi xushmuomala va xarizmatik kongressmen boʻladi.
Landonning otasi Vashingtonda yashagani sababli uyda juda kam boʻladi. Landonning biroz odamoviligi ularning oʻrtasidagi munosabatlarda muayyan taranglikni keltirib chiqaradi. Otasi Landonni maktab sardorligiga oʻz nomzodini qoʻyishga majbur qiladi. Maktabning eng mashhur yigiti boʻlgan eng yaqin doʻsti Eric Hunter unga yordam beradi va Landon oʻzi ham kutmagan holda saylovda gʻolib chiqadi. Oʻquvchilar kengashi raisi sifatida Landon maktab raqs kechasiga biror qiz bilan borishi shart edi. U koʻp qizlarni taklif qilib koʻradi, ammo ularning hech biri boʻsh boʻlmaydi. Oʻsha kuni kechqurun u munosib hamroh topish ilinjida maktab fotoalbomini koʻzdan kechiradi. Boshqa hech kim boʻsh boʻlmagani sababli Landon noilojlikdan Bofort cherkovi ruhoniysi Hegbert Sullivanning qizi Jamie Sullivanni taklif qiladi. Qiz uning taklifini qabul qiladi. Jamie juda dindor qiz boʻlib, qayerga bormasin oʻzi bilan Muqaddas kitobni olib yurar, maktabning eng oldi oʻquvchilaridan biri boʻlgan Landon esa bunday qiz bilan raqs kechasiga borishni unchalik xohlamayotgan edi. Lew Landonga poʻpisa qilganida, Jamie uning joniga oro kiradi va Landon bundan juda minnatdor boʻladi. Kecha soʻngida yigit u eng ajoyib hamroh boʻlganini tan oladi.
Bir necha kundan soʻng, Jamie Landondan maktabda sahnalashtirilayotgan „Iso mavludi farishtasi“ spektaklida qatnashishini soʻraydi. Landon buni unchalik xohlamayotgan boʻlsa-da, baribir taklifga rozi boʻladi. Jamie esa, aksincha, sahnadagi yangi sherigidan boshi koʻkka yetgudek xursand edi. Landon spektakldagi roli haqida doʻstlari bilib qolsa, uni tinimsiz kalaka qilishlarini bilardi. Kunlarning birida repetitsiya payti Jamie Landondan uyigacha kuzatib qoʻyishini iltimos qiladi va bu hol odat tusiga kiradi. Oradan ikki-uch kun oʻtgach, Eric uyga qaytayotgan juftlikning ustidan kuladi, shunda Landon Jamie bilan birga yurganidan qattiq uyalib ketadi.
Manbalar
Havolalar Official Nicholas Sparks website
Turkum:Nicholas Sparks romanlari