Vim Venders (, tugʻilganda Wilhelm Ernst Wenders, 1945-yil 14-avgust, Dyusseldorf) — nemis kinorejissyori va fotografi. Yangi nemis kinosining yirik namoyandasi va muallif-rejissyor sifatida tan olingan. U BAFTA, „Oltin palma novdasi“, „Oltin sher“ va faxriy „Oltin ayiq“ mukofotlarini olgan, shuningdek, „Oscar“ mukofotiga toʻrt marta nomzod boʻlgan. 1996–2020-yillarda Yevropa kino akademiyasining prezidenti boʻlgan.

Hayoti

Venders Dyusseldorfda anʼanaviy katolik oilasida tugʻilgan, otasi Xaynrix Venders jarroh edi. Rejissyorning „Vim“ ismi aslida gollandcha ism boʻlib, u choʻqintirilganda berilgan rasmiy „Vilgelm“ ismining qisqartma shaklidir. Maktabni Ruhr hududidagi Oberxauzen shahrida tamomlagan, soʻng Freyburg universitetida tibbiyot (1963–1964) va Dyusseldorf universitetida falsafa (1964–1965) boʻyicha oʻqigan, ammo oʻqishni tashlab, 1966-yil oktyabrida rassom boʻlish uchun Parijga koʻchib borgan. Parijda u Fransiya milliy kino maktabi — IDHEC (hozirgi „La Fémis“)ga kirish imtihonlaridan oʻta olmaydi. Shundan soʻng Monparnasdagi Jonni Fridlender ustaxonasida gravyurachi boʻlib ishlaydi. Aynan shu davrda uning kino sanʼatiga boʻlgan ishtiyoqi kuchayadi.

1967-yilda Germaniyaga qaytib, Dyusseldorfdagi „United Artists“ ofisida ishlagan, shu yili kuzda Myunxen televideniye va kino universitetiga (HFF) oʻqishga kirgan. 1967–1970-yillarda oʻqish bilan birga „FilmKritik“ jurnali, „Süddeutsche Zeitung“ gazetasi, „Twen“ jurnali va „Der Spiegel“ uchun kino tanqidchisi boʻlib ishlagan.

Ijodi

Venders faoliyati 1960-yillar oxirida, Yangi nemis kinosi davrida boshlangan. Uning filmlaridagi oʻziga xos vizual uslub koʻp jihatdan gollandiyalik operator Robby Müller bilan koʻp yillik hamkorlikning samarasidir. Rejissyorning toʻliq metrajli debyut asari — Myunxen televideniye va kino universitetidagi bitiruv (diplom) ishi hisoblangan, 16 mm plyonkaga tasvirga olingan qora-oq formatdagi „Shaharda yoz fasli“ (1970) filmi boʻladi. Keyin Peter Handke romani asosida „Penalti vaqtidagi darvozabonning hayajoni“ (1972) va Nathaniel Hawthorne romani asosida „Qirmizi harf“ (1973) filmni suratga olgan. 1974–1976-yillarda „Yoʻl filmlari trilogiyasi“ni — „Shaharlardagi Alisa“ (1974), „Notoʻgʻri harakat“ (1975) va „Qirollar yoʻli“ (1976)ni yaratgan, oxirgisi 1976-yilgi Cannes kinofestivalida FIPRESCI mukofotini olgan.

1977-yilda Patricia Highsmith romani asosidagi „Amerikalik doʻst“ (Dennis Hopper va Bruno Ganz ishtirokida) filmi bilan shuhrat qozongan. „The New York Times“ tanqidchisi Jey Xoberman uni Martin Scorsesening "Taksi haydovchisi" filmiga qiyoslab, haqiqiy kino shinavandalari uchun yaratilgan yangi turdagi film sifatida taʼriflagan. „Parij, Texas“ (1984, bosh rollarda Harry Dean Stanton va Nastassja Kinski) dramasi Cannes kinofestivalida „Oltin palma novdasi“ni olgan. Peter Handke bilan hammualliflikda yozilgan „Xohish qanotlari“ (1987) uchun 1987-yilgi Cannes kinofestivalida eng yaxshi rejissyor deb topilgan. Uning davomi „Uzoq, yaqin!“ (1993) esa Cannes kinofestivalida Grand-pri bilan taqdirlangan.

Venders koʻplab mashhur hujjatli filmlar ham suratga olgan, „Buena Vista Social Club“ (1999, Kuba musiqasi haqida), 3D formatidagi „Pina“ (2011, raqqosa Pina Bausch haqida), „Yer tuzi“ (2014) — uchalasi ham „Oscar“ mukofotiga eng yaxshi hujjatli film nominatsiyasiga nomzod boʻlgan. Rejissyorning 2023-yilda suratga olingan „Ajoyib kunlar“ (Perfect Days) filmi hayotning kichik quvonchlaridan goʻzallik topish falsafasiga bagʻishlangan boʻlib, 2024-yilda „Eng yaxshi xalqaro badiiy film“ nominatsiyasida "Oscar" mukofotiga nomzod sifatida koʻrsatiladi. Venders shuningdek faol fotograf boʻlib, 1980-yillar boshidan 20 yil davomida „Yer yuzasidan suratlar“ loyihasi ustida ishlagan, uning birinchi turkumi — „Gʻarbda yozilgan“ — „Parij, Texas“ filmiga tayyorgarlik chogʻida AQShning Gʻarbini kezib chiqqanida yaratilgan.

Filmografiyasi

Badiiy filmlari

Yil Film nomi Asl nomi 1970 „Shaharda yoz fasli“ Summer in the City 1972 „Penalti vaqtidagi darvozabonning hayajoni“ Die Angst des Tormanns beim Elfmeter 1973 „Qirmizi harf“ Der scharlachrote Buchstabe 1974 „Shaharlardagi Alisa“ Alice in den Städten 1975 „Notoʻgʻri harakat“ Falsche Bewegung 1976 „Qirollar yoʻli“ Im Lauf der Zeit 1977 „Amerikalik doʻst“ Der amerikanische Freund 1982 „Xammett“ Hammett 1982 „Ishlarning ahvoli“ Der Stand der Dinge 1984 „Parij, Texas“ Paris, Texas 1987 „Xohish qanotlari“ Der Himmel über Berlin 1991 „Dunyo oxirigacha“ Bis ans Ende der Welt 1993 „Uzoq, yaqin!“ In weiter Ferne, so nah! 1994 „Lissabon hikoyasi“ Lisbon Story 1995 „Bulutlar ortida“ Al di là delle nuvole (Mikelanjelo Antonioni bilan; Vendersning ishtiroki qisman) 1997 „Zoʻravonlikka chek qoʻyish“ The End of Violence 2000 „Million dollarlik mehmonxona“ The Million Dollar Hotel 2004 „Farovon mamlakat“ Land of Plenty 2005 „Eshikni taqillatmang“ Donʼt Come Knocking 2008 „Palermodagi suratga olish“ Palermo Shooting 2015 „Hammasi yaxshi boʻladi“ Every Thing Will Be Fine 2016 „Aranxuesning goʻzal kunlari“ Les Beaux Jours d’Aranjuez 2017 „Choʻkish“ Submergence 2023 „Ajoyib kunlar“ Perfect Days

Hujjatli filmlari

Yil Film nomi Asl nomi 1980 „Suv ustida chaqmoq“ (Nikolas Rey bilan hammuallifda) Lightning Over Water 1985 „Tokio-ga“ Tokyo-Ga 1989 „Shaharlar va kiyimlar haqida daftar“ Notebook on Cities and Clothes 1995 „Yorugʻlik hiylasi“ A Trick of Light 1998 „Villi Nelson Teatrda“ Willie Nelson at the Teatro 1999 „Buena Vista ijtimoiy klubi“ Buena Vista Social Club 2002 „Kyolnga qasida: rok-n-roll film“ Ode to Cologne: A Rock 'Nʼ Roll Film 2003 „Inson ruhi“ The Soul of a Man 2011 „Pina“ Pina 2014 „Yer tuzi“ (Juliano Ribeyro Salgadu bilan hammuallifda) The Salt of the Earth 2018 „Papa Fransisk: soʻziga sodiq inson“ Pope Francis: A Man of His Word 2023 „Anselm“ Anselm

Manbalar

Havolalar

Vim Venders — rasmiy veb-sayt

Turkum:14-avgustda tugʻilganlar

Turkum:1945-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Nemis kinorejissyorlari