Gʻozi Haydar Kadi masjidi (; , ) — Shimoliy Makedoniyaning Bitola shahrida joylashgan masjid. Ilgari mahalliy Makedoniya hukumati tomonidan ushbu diniy inshoot omborxonaga aylantirilgan. Turkiya Respublikasi ko‘magida va hamkorligida bir necha yil davomida keng ko‘lamli ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilgan. Nihoyat, 2016-yil noyabr oyida inshoot to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan va jamoatchilik uchun ochilgan.
Tarixi Masjid Rumeliya eyaletining (Usmoniylar imperiyasining eng yirik ma’muriy hududi) o‘sha paytdagi beylarbeyi Haydar Beyning buyrug‘i bilan bunyod etilgan. Manastir (hozirgi Bitola) ushbu viloyatning muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Masjid eshigi tepasidagi tosh lavhada bitilgan arabcha yozuvga ko‘ra, bino hijriy 969-yil (milodiy 1561–1562-yillar)da qurilgan. Masjidning tepa qismi gumbaz bilan qoplangan bo‘lib, devorlarining qalinligi qariyb 1,4 metrni tashkil etadi. Qurilish ustalari Manastir atrofidagi kichik qishloqlardan kelgan. Biroq loyiha, ehtimol, o‘sha davrning mashhur me’morlari, jumladan, Xoʻja Sinon ijodidan ta’sirlangan noma’lum musulmon me’mor tomonidan ishlab chiqilgan. XVII asrda Bolqon bo‘ylab sayohat qilgan Avliyo Chalabiy o‘z asarlarida ushbu masjidni eng go‘zal bezatilgan masjidlardan biri sifatida ta’riflagan. Masjiddan saqlanib qolgan qismlarni o‘rganish natijasida Haydar Kadi masjidi Bitolada ikkita minoraga ega bo‘lgan yagona masjid ekani aniqlangan. Masjidning mehrob va uchburchak shaklidagi tromplari marmar bezaklar bilan ziynatlangan. Peshtoq, ustunlarning tepa qismlari va minbarda toshga o‘yib ishlangan bo‘rtma naqshlar mavjud. Derazalar atrofi, ravoqlar va tromplar rang-barang geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Yog‘och eshik ham bo‘rtma o‘ymakorlik usulida ishlangan. Undagi eng o‘ziga xos naqsh — arab alifbosidagi „alif“ harfining badiiy shaklda ishlangan tasviridir. Bunday o‘ymakor yog‘och eshiklarni Istanbuldagi masjidlarda ham uchratish mumkin. Masjid 1890-yilda ta’mirlangan. Shuningdek, 1910-yilda sulton Mehmed V tashrif buyurishidan oldin shahardagi barcha masjidlar ta’mirlangan. Buni o‘sha davrda ishlangan ichki bezaklarning ayrim qismlari ham tasdiqlaydi.
1912-yilda besh asrlik Usmoniylar hukmronligi barham topgach, masjid ham qarovsiz qolgan. Masjid gumbazini qoplagan qo‘rg‘oshin o‘g‘irlab ketilgan, shundan so'ng 1967-yildagina qayta tiklangan. Keyinchalik masjid mahalliy spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxona uchun qadoqlash ombori, so‘ngra konsert zali sifatida foydalanilgan. 2014-yilda masjid Turkiya vaqflar bosh boshqarmasi mablag‘lari hisobidan to‘liq ta’mirlangan. Ushbu idora Usmoniylar davridan qolgan vaqf mulklarini boshqarish bilan shug'ullanadi. Ta’mirlash ishlari uchun 4,5 million liradan ortiq mablag‘ sarflangan. 104 yillik tanaffusdan so‘ng 2016-yil 4-noyabrda masjid qayta ochilib, unda yana ibodat amallarini ado etish yo‘lga qo‘yilganAzan heard at the Haydar Kadı Mosque after 104 years. karar.com. Retrieved 7 March 2022.
Galereya
Manbalar
Turkum:Shimoliy Makedoniyadagi Usmoniylar masjidlari Turkum:Bitoladagi binolar va inshootlar Turkum:1561-yilda qurib bitkazilgan diniy binolar va inshootlar