Nahda (arabcha: النهضة — “uyg‘onish”), shuningdek, Arab uyg‘onishi, Arab ma’rifatparvarligi yoki Arab renessansi deb ataladi. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Usmonli imperiyasining arablar yashaydigan hududlarida, xususan, Suriya, Livan, Misr va Tunisda rivojlangan madaniy harakatdir.

An’anaviy qarashlarga ko‘ra, Nahda harakati 1798-yilda Napoleon Bonapartning Misrga bostirib kirishi ortidan yuzaga kelgan madaniy o‘zgarishlar va Muhammad Ali posho kabi hukmdorlarning islohotlari bilan bog‘liq. Biroq keyingi tadqiqotlar bu harakat faqat G‘arb ta’sirida shakllanmaganini ko‘rsatadi. Uning rivojlanishiga Usmonli imperiyasidagi Tanzimat islohotlari, konstitutsiyaviy boshqaruvning joriy etilishi, yangi siyosiy qatlamning paydo bo‘lishi, matbuot va nashriyot faoliyatining kengayishi hamda Misr, Suriya va Livandagi ichki ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatganAdnan A. Musallam, “Arab Press, Society and Politics at the End of the Ottoman Era”.Stephen Sheehi, Foundations of Modern Arab Identity. Gainesville: University Press of Florida, 2004..

Nahda Misr va Levant hududida deyarli bir vaqtda boshlangan. Misrda harakatning siyosiy jihatlariga, Levantda esa madaniy masalalarga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Biroq bu farq qat’iy bo‘lmagan va harakat rivojlangani sari ikki yo‘nalish bir-biriga yaqinlashgan.

Dastlabki namoyandalar

Rifo’a at-Tahtoviy

Misrlik olim Rifo’a at-Tahtoviy (1801–1873) Nahda harakatining dastlabki yetakchilaridan biri hisoblanadi. 1826-yilda Muhammad Ali hukumati uni G‘arb fanlari va ta’lim usullarini o‘rganish uchun Parijga yuborgan. Dastlab uning vazifasi Parijdagi harbiy akademiyada tahsil olayotgan misrlik kursantlarga imomlik qilish bo‘lgan.

At-Tahtoviy Fransiya jamiyatiga ijobiy baho bergan, biroq uning ayrim jihatlarini ham tanqid qilgan. Fransuz tilini o‘rganib, ilmiy va madaniy asarlarni arab tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, 1830-yildagi Iyul inqilobi voqealarini kuzatgan. Keyinchalik parlament boshqaruvi va ayollar ta’limini qo‘llab-quvvatlaganPeter Gran, “Tahtawi in Paris”, Al-Ahram Weekly Online, 2002-yil 10–16-yanvar..

Fransiyada besh yil bo‘lgach, Misrga qaytgan va islohotlar haqidagi qarashlarini Takhlis al-Ibriz fi Talkhis Bariz nomli asarida bayon qilgan. 1834-yilda nashr etilgan ushbu asar Fransiya va Yevropani misrlik musulmon nuqtayi nazaridan tasvirlaydi. At-Tahtoviy Misr va musulmon dunyosi Yevropadan ko‘p narsani o‘rganishi mumkinligini ta’kidlagan, shu bilan birga islohotlar islomiy madaniyat qadriyatlariga moslashtirilishi lozimligini ilgari surgan. Bu yondashuv Nahda harakatining muhim g‘oyalaridan biriga aylangan.

Ahmad Faris ash-Shidyoq

Ahmad Faris ash-Shidyoq 1805 yoki 1806-yilda hozirgi Livan hududida tug‘ilgan. U dastlab maroniy nasroniy bo‘lgan, keyinchalik esa hayotining turli davrlarida Qohira, Malta, Buyuk Britaniya, Parij va Tunisda yashagan. Qohirada yashagan yillarida protestantlikni qabul qilgan. Buyuk Britaniyada arabcha Injil tarjimasi ustida ishlagan, keyinchalik Tunisda yashagan vaqtida islomni qabul qilib, Ahmad ismini olgan.

1860-yilda Istanbulga ko‘chib o‘tib, Usmonli hukumati uchun tarjimon bo‘lib ishlagan va arab tilidagi gazeta tashkil etgan. Nashr Usmonli imperiyasi, Misr va Tunis tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hamda XIX asrning so‘nggi yillarigacha chop etilgan.

Ash-Shidyoq arab tili va madaniyatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, Usmonli hukmronligi davridagi turklashtirish siyosatiga qarshi chiqqan. U zamonaviy arab adabiyotining asoschilaridan biri hisoblanadi.

Butrus al-Bustoniy

Butrus al-Bustoniy (1819–1893) 1819-yil yanvarida Livanning Shuf hududidagi Dibbiye qishlog‘ida maroniy nasroniy oilasida tug‘ilgan. U ko‘p tillarni bilgan ma’rifatparvar, pedagog va jamoat arbobi bo‘lib, XIX asr o‘rtalarida Bayrutda kechgan Nahda harakatining muhim namoyandalaridan biri edi.

Amerikalik missionerlar ta’sirida protestantlikni qabul qilgan va dastlab ularning maktablarida dars bergan. Shuningdek, Injilni arab tiliga tarjima qilish ishlarida qatnashgan. Keyinchalik missionerlardan mustaqil faoliyat yurita boshlagan.

1860-yildagi druzlar va maroniylar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlardan keyin, diniy mansublik asosida bo‘linish kuchaygan bir sharoitda, al-Bustoniy 1863-yilda dunyoviy tamoyillarga asoslangan Milliy maktabni — al-Madrasa al-Vataniyyani tashkil etdi. Ushbu maktabda Nahda harakatining yetakchi namoyandalari faoliyat yuritgan va undan yangi avlod ma’rifatparvarlari yetishib chiqqan.

Al-Bustoniy maktab darsliklari va lug‘atlar tuzgan, arab tilidagi matbuot rivojiga hissa qo‘shgan. U Nafir Suriyya jurnalida milliy birlikka chaqiruvchi maqolalar e’lon qilgan. Shuningdek, Eli Smit va Kornelius Van Deyk bilan birga Injilni arab tiliga tarjima qilish ustida ishlagan.

Al-Bustoniyning asarlari zamonaviy arab nasriy uslubining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatdi. U G‘arb texnologiyalarini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlagan, biroq dunyoviylik tamoyillariga ham qat’iy amal qilgan. Uning o‘g‘li Salim al-Bustoniy ham Nahda harakatida qatnashganStephen Sheehi, “Butrus al-Bustani: Syria's Ideologue of the Age”, The Origins of Syrian Nationhood: Histories, Pioneers, and Identity, 2011, 57–78-betlar..

Hayriddin posho

Hayriddin posho at-Tunisiy (1820–1890) Usmonli Tunisiga qul sifatida olib kelingan, keyinchalik esa Tunis hukmdori Ahmad Bey hukumatida yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan. U diplomatik topshiriqlar bilan Usmonli imperiyasi va Yevropa mamlakatlariga safar qilgan hamda G‘arb g‘oyalari va Tanzimat islohotlari bilan tanishgan. 1859–1882-yillarda Tunis bosh vaziri bo‘lib ishlagan va mamlakatni modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynagan.

U o‘z asarlarida islomiy an’analarni G‘arb modernizatsiyasi bilan uyg‘unlashtirish mumkinligini ilgari surgan. Yevropa ma’rifatparvarligi va arab siyosiy tafakkuridan ilhomlanib, Tunis xalqining mustaqilligini, shuningdek, musulmon xalqlarining siyosiy erkinligini saqlashga intilgan. Uning qarashlari Tunis va Usmonli imperiyasidagi siyosiy tafakkurga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Fransis Marrash

Suriyalik olim, publitsist, yozuvchi, shoir va shifokor Fransis Marrash yoshligida G‘arbiy Osiyo va Fransiya bo‘ylab sayohat qilgan. Uning taxminan 1865-yilda nashr etilgan Ghabat al-haqq asarida siyosiy va ijtimoiy islohotlar g‘oyalari ilgari surilgan.

Marrash zamonaviy maktablar tashkil etish va diniy qarashlardan xoli vatanparvarlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan. U milliy o‘zlikni belgilashda tilning ahamiyatiga e’tibor qaratib, til diniy va mazhabiy farqlarni muvozanatlashtirishi mumkinligini ilgari surgan; .

Marrash zamonaviy davrning dastlabki kosmopolit arab ziyolilaridan biri sifatida e’tirof etiladi. U Fransiya inqilobi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlagan va o‘z asarlarida Usmonli hukmronligini bilvosita tanqid qilgan. Shuningdek, zamonaviy arab she’riyatining ifoda uslubi, mavzulari, metaforalari va obrazlarini yangilashga harakat qilgan.

Siyosat va jamiyat

Nahda tarafdorlari, odatda, jamiyatni isloh qilishni qo‘llab-quvvatlagan. Butrus al-Bustoniy va Ahmad Faris ash-Shidyoq islohotlarni inqilobsiz amalga oshirish tarafdori bo‘lgan bo‘lsa, Fransis Marrash va Adib Ishoq kabi ziyolilar yanada keskin o‘zgarishlarni ilgari surgan.

1876-yilda Usmonli imperiyasi Tanzimat islohotlarining yakuni sifatida konstitutsiyani e’lon qildi. Bu mamlakat tarixidagi Birinchi konstitutsiyaviy davrning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Yevropa boshqaruv tizimlaridan ilhomlangan konstitutsiya sulton vakolatlarini cheklashga qaratilgan bo‘lsa-da, siyosiy va ramziy jihatdan katta ahamiyatga ega edi.

Parlament boshqaruvining joriy etilishi Usmonli imperiyasi tasarrufidagi viloyatlarda yangi siyosiy qatlamning shakllanishiga yordam berdi. Keyinchalik ushbu qatlamdan liberal va millatchi ziyolilar yetishib chiqdi. Misr millatchiligi arab millatchiligidan farqli ravishda, Misrning o‘ziga xos tarixi va etnik o‘zligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Usmonli markaziy boshqaruviga qarshi norozilik va sultonning avtoritar siyosatiga qarshilik arab millatchiligi g‘oyalarining rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Nahdaning so‘nggi bosqichlarida Suriya va Falastin millatchiligi kabi boshqa milliy harakatlar ham rivojlangan. Ularning ayrimlari arab millatchiligidan ko‘ra muayyan hududning o‘ziga xosligini ta’kidlagan.

Ayollar huquqlari

Ahmad Faris ash-Shidyoq 1855-yilda Parijda nashr etilgan Leg Over Leg asarida ayollar huquqlarini himoya qilgan. Livanlik yahudiy yozuvchi Ester Moyyal esa 1890-yillarda The Family jurnalida ayollar huquqlariga bag‘ishlangan maqolalar yozgan.

Din

Musulmonlar

Jamaliddin al-Afg‘oniy (1839–1897) islomga modernistik yondashuvni ilgari surgan. U Yevropa davlatlarining ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda musulmonlarning birdamligini qo‘llab-quvvatlagan va mustamlakachilikka qarshi chiqqan. Al-Afg‘oniy avtoritar monarxiyalar o‘rniga vakillik boshqaruvini joriy etish tarafdori bo‘lgan. Uning fikricha, diniy tafakkurdagi turg‘unlik va an’analarni tanqidsiz takrorlash islomiy jamiyatlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan.

Al-Afg‘oniyning eng taniqli shogirdlaridan biri Muhammad Abduh (1849–1905) edi. U al-Afg‘oniy bilan birgalikda qisqa muddat faoliyat yuritgan Al-Urva al-Vusqo jurnalini tashkil etishda qatnashgan. Abduh islomiy muassasalardagi ayrim rahbarlarni axloqiy va intellektual turg‘unlikda ayblagan. U musulmonlar Qur’on va Muhammad payg‘ambar ta’limotlarini chuqurroq o‘rganishi hamda diniy qarashlarni aql va adolat tamoyillari asosida qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidlagan.

Abduhning shogirdlaridan biri suriyalik islomshunos va islohotchi Rashid Rizo (1865–1935) bo‘lib, u adolatli islomiy boshqaruv haqidagi g‘oyalarni rivojlantirgan. Uning qarashlari keyinchalik zamonaviy islomiy siyosiy harakatlarga, jumladan, Musulmon birodarlar tashkilotiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Shia olimlari ham Nahda harakatiga hissa qo‘shgan. Ular orasida tilshunos Ahmad Rizo va uning kuyovi, tarixchi Muhammad Jaber as-Safa bor edi. Eronda ham siyosiy islohotlar amalga oshirilib, konstitutsiyaviy harakat shakllandi. Bu jarayonlarning ayrim jihatlari Misrdagi Nahda islohotlariga o‘xshash bo‘lgan.

Nasroniylar

Arab nasroniylari Nahda harakatida muhim rol o‘ynagan. Ularning ta’lim olgan jamoa sifatidagi mavqei adabiyot, siyosat, biznes, falsafa, musiqa, teatr, kino, tibbiyot va fan sohalariga sezilarli hissa qo‘shish imkonini bergan.

Damashq, Bayrut, Qohira va Halab harakatning asosiy markazlari bo‘lgan. Ushbu shaharlarda maktablar, universitetlar, teatrlar va bosmaxonalar tashkil etilgan. Ta’lim muassasalari, jumladan, Avliyo Yusuf universiteti, keyinchalik Bayrut Amerika universitetiga aylangan Suriya protestant kolleji va Bag‘doddagi al-Hikma universiteti arab madaniyatining rivojlanishiga hissa qo‘shgan.

XX asr boshlarida arab nasroniylari orasidan ko‘plab taniqli arab millatchilari va ziyolilari yetishib chiqdi. Ular orasida Konstantin Zurayq, Mishel Aflaq va Jurji Zaydon bor edi.

Mahjar — arab diasporasi adabiy harakati — ham arab adabiyotining rivojlanishiga hissa qo‘shgan. XX asr boshlarida Livan, Suriya va Falastindan Amerikaga ko‘chib ketgan arab tilida ijod qiluvchi yozuvchilar ushbu harakatni shakllantirgan. 1920-yilda Nyu-Yorkda faoliyat yurita boshlagan Qalam uyushmasi (ar-Robita al-Qalamiyya) uning muhim adabiy tashkilotlaridan biri bo‘lgan. A’zolari orasida Jubron Xalil Jubron, Iliyo Abu Moziy, Mixail Nuayma va Amin ar-Rayhoniy bor edi.

Fan

XIX asr boshlarida Misrdan ko‘plab talabalar san’at va fanlarni o‘rganish, texnik ko‘nikmalarni egallash uchun Yevropa universitetlariga yuborilgan. Keyinchalik arab tilidagi jurnallarda ommabop ilmiy maqolalar ham chop etila boshlagan.

Zamonaviy adabiyot

XIX asr va XX asr boshlarida arab adabiyotida yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Dastlab mumtoz adabiy shakllar saqlangan bo‘lsa-da, yozuvchilar zamonaviy mavzular va arab dunyosi duch kelayotgan muammolarni yoritishga kirishganlar.