Balaban ogʻa masjidi (; „mescit“ soʼzi turk tilida kichik masjid maʼnosini anglatadi) — Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan masjid. Bino sobiq Vizantiya imperiyasi davrida qurilib, keyinchalik masjidga aylantirilgan. Vizantiya imperiyasi davrida binodan qay maqsadda foydalanilgani nomaʼlum. 1930-yilda yangi yoʻl qurilishi munosabati bilan buzib tashlangan bu kichik inshoot Konstantinopoldagi Vizantiya meʼmorchiligining kichik namunalaridan biri boʼlgan.

Joylashuvi Inshoot Turkiyaning Istanbul shahri Fotih tumani Balabanogʼa mahallasida, bugungi Harikzadeler Sokak koʻchasining oʻrtasida joylashgan edi. Binoning buzilishiga aynan shu yoʻlning ochilishi sabab boʻlganMüller-Wiener (1976), p. 98. Inshoot Laleli bilan Boyazid masjididan Edirne darvozasiga olib boruvchi yoʻl oraligʻida joylashgan ediJanin (1953), p. 558Van Millingen (1912), p. 253.

Tarixi Vizantiya davrida V–VI asrlar oraligʻida qurilgan ushbu kichik inshoot tarixi haqida hech qanday maʼlumot saqlanib qolmagan. Ayrim olimlarning fikricha bu yer marhumlar dafn etiladigan joy boʼlgan, yana boshqalar esa monastirlar kutubxonasi boʻlgan deb hisoblaydi. XIII asrda inshootga qoʼshimcha ravishda deyarli kvadrat shakldagi dafn etiladigan xona qurilgan. Bu esa binodan Paleologlar davrida maqbara sifatida foydalanilganini tasdiqlaydi.

1453-yilda Usmoniylar tomonidan Konstantinopol fath etilganidan koʻp oʻtmay, sulton Boyazid II hukmronligi davrida bino Sekbanbaşı — yanicharlarlar boshligʻi Balaban ogʼa ibn Abdulloh tomonidan masjidga aylantirilgan. Masjidga tegishli vaqf 1483-yilda taʼsis etilgan. Masjid yanicharlar istiqomat qilgan Eski Odalar () deb atalgan mahallada joylashgan edi. 1660, 1693 va 1718-yillarda sodir boʼlgan yongʻinlar natijasida masjidga bir necha bor zarar yetgan. 1782-yilgi kuchli yongʻin vaqtida bino qisman yonib ketgan, keyinchalik tarhi oʻzgartirilgan va qayta tiklangan. 1911-yilda yuz bergan yongʻin binoga jiddiy zarar yetkazgan. 1930-yilda esa muzey boshqarmasi tomonidan qisqa muddatli oʻrganish ishlari olib borilgach, yangi yoʻl qurilishi rejalashtirilgan hududning oʻrtasida joylashgan bu bino buzib tashlangan.

Tavsifi Bino dastlab tashqi diametri 11,2 m boʻlgan doirasimon shaklda qurilgan va ustki qismi gumbaz bilan qoplangan boʼlishi mumkin. Paleologlar davriga oid 2,9 m x 3,17 m oʻlchamdagi dafn xonasi yassi gumbaz bilan yopilgan edi. Bino masjidga aylantirilganida minora ham qurilganligi sababli dastlabki kirish eshigi gʻisht bilan berkitilib, shimoli-gʻarbiy tomonda yangi kirish joyi ochilgan. Masjid ayvoni Usmoniylar tomonidan qurilgan. 1930-yilda bino buzilayotgan paytda ham Paleologlar davriga oid devorlardagi bezak izlari saqlanib qolgan edi. Buzish ishlari davomida ayrim meʼmoriy qismlar ajratib olinib, keyinchalik Istanbul arxeologiya muzeyiga topshirilgan va hozirgacha shu yerda saqlanadi.

Manbalar

Adabiyotlar

Havolalar

3D rekonstruksiya — Byzantium 1200 loyihasida Balaban Oqa masjidi

Turkum:Istanbuldagi masjidlar Turkum:1930-yilda buzib tashlangan binolar va inshootlar Turkum:Turkiyadagi gumbazli masjidlar