Muhsinbek Moʻminov (asl ismi Muhsimjon Mansurovich Moʻminov; 1968-yil 17-avgust, Fargʻona viloyati, Buvayda tumanida tug'ilgan oʻzbek xonandasi, bastakor va pedagog. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (2013).

Hayoti va taʼlimi 1983–1987-yillarda Qoʻqon tasviriy va amaliy sanʼat bilim yurtida tahsil olgan. Keyinchalik Fargʻona davlat universitetining „Musiqa taʼlimi“ yoʻnalishini sirtqi shaklda (2018–2023) tamomlagan.

Faoliyati 1987-yildan Buvayda tumani madaniyat boʻlimida xonanda boʻlib ishlagan. 2000–2013-yillarda akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyasining „Mumtoz“ ansamblida solist boʻlgan. 2013–2018-yillarda Buvayda tumanidagi „Tabassum“ ashula va raqs xalq ansamblining badiiy rahbari boʻlgan.

2018–2023-yillarda Buvayda tumanidagi 17-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi direktori, 2023–2025-yillarda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Fargʻona mintaqaviy filiali „Xalq ijodiyoti“ kafedrasi dotsenti lavozimida ishlagan. 2025-yildan Qoʻqon davlat universiteti „Xalq ijodiyoti“ kafedrasi professori vazifasini bajaruvchi.

Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Vyetnam va Turkiyada gastrol safarlarida boʻlgan.

Ijodi Moʻminov xonandalik bilan bir qatorda bastakorlik va shoirlik bilan ham shugʻullanadi. „Onang borida“, „Davr boʻlmagʻay“, „Unut deysan“, „Yor-yorey“ kabi qoʻshiqlarning sheʼrini yozgan va musiqasini bastalagan. Shuningdek, Alisher Navoiyning „Orazin“, „Gul sochar“, Mashrabning „Boʻlmas“, Mahmudiyning „Boʻlmasmidi“, Nihoniyning „Keladur“, Furqatning „Keldim yana“, Choʻlponning „Oydan-da goʻzal“ gʻazallariga hamda Erkin Vohidovning „Rashk“ sheʼriga kuy bastalab, ijro etgan.

Qoʻqon davlat universiteti talabalari bilan hamkorlikda Muqimiyning „Navbahor“, „Asiri chashming“, „To saning“, „San kabi“, „Muqimiy nidosi“, „Ayrilmasun“ hamda Amiriyning „Ohkim“, „Ey pari“ gʻazallariga yaratilgan kuylarni ijro etib, yozib olgan.

Moʻminov mumtoz qoʻshiqlar bilan bir qatorda estrada yoʻnalishida ham ijod qiladi. Xususan, „Sevganim bor“, „Koʻrmasam boʻlmasmidi“, „Unut deysan“, „Yoronlar“, „Unutganman“, „Keladur“, „Bor emish“ qoʻshiqlari estrada uslubida boʻlib, mumtoz musiqa unsurlarini ham saqlagan.

Ustozlari orasida Tavakkal Qodirov, Sherali Joʻrayev, Oʻlmas Saidjonov, Rahmatjon Qurbonov va Mahmudjon Yoʻldoshev bor.

Qoʻshiqlari

„Onang borida“ „Davr boʻlmagʻay“ „Sevganim bor“ „Koʻrmasam boʻlmasmidi“ „Unut deysan“ „Yor-yorey“ „Yoronlar“ „Unutganman“ „Keladur“ „Bor emish“ „Iqror“ „Achinmaysan“ „Koʻrgim kelar“ „Oʻxshaydiku“ „Toʻylar muborak“ (Yahyobek Moʻminov bilan, 2022)

Mukofotlari

2011 — „Oʻzbekiston – vatanim manim“ koʻrik-tanlovi gʻolibi 2013 — „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ faxriy unvoni 2016 — „Eʼtirof – 2016“ mukofoti 2021 — „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi“ koʻkrak nishoni 2022 — „Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi“ koʻkrak nishoni

Oilasi Ukasi Yahyobek (Yahyoxon) Moʻminov ham xonanda; u ham 2013-yilda „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ unvonini olgan.

Manbalar

Havolalar

Apple Music sahifasi Rasmiy Instagram sahifasi YouTube kanali