Fridrix Karl Rudolf Bergius (nemischa talaffuzi: [ˈfʁiːdʁɪç ˈbɛʁɡi̯ʊs], 1884-yil 11-oktabr — 1949-yil 30-mart) — koʻmirdan sintetik yoqilgʻi olish boʻyicha Bergius jarayoni bilan tanilgan nemis kimyogari. U kimyoviy yuqori bosim usullarini ixtiro qilish va rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Kimyo boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan (1931-yil, Karl Bosch bilan birgalikda).

Ikkinchi jahon urushi davrida IG Farben kompaniyasida ishlaganligi sababli, urushdan keyin uning fuqaroligi masalasi soʻroq ostida qoldi. Oqibatda u Argentinaga koʻchib oʻtdi va u yerda Sanoat vazirligida maslahatchi boʻlib faoliyat yuritdi.

Dastlabki hayoti Bergius Breslau (Vrotslav) yaqinida, oʻsha paytdagi Germaniya imperiyasi hududida tugʻilgan.

Akademik faoliyati Kimyoni oʻrganishdan oldin Bergius Mülheimdagi „Friedrich Wilhelms“ poʻlat quyish zavodida 6 oy davomida ishlash uchun yuborilgan. Uning tahsili 1903-yilda Breslau universitetida boshlanib, 4 yildan soʻng 1907-yilda Leypsig universitetida kimyo boʻyicha doktorlik darajasi (PhD) bilan yakunlangan. Uning sulfat kislota erituvchi sifatida mavzusidagi dissertatsiyasiga Arthur Rudolf Hantzsch rahbarlik qilgan. 1909-yilda Bergius bir semestr davomida Karlsrue universitetida Fritz Haber va Carl Bosch bilan birgalikda Haber–Bosch jarayonini ishlab chiqish ustida ishladi. Oʻsha yili u kimyoviy kinetika gʻoyasini ilgari surgan professor Max Bodenstein bilan birga Gannover Leybnits universitetida ishlash uchun taklif qilindi.

Ishlari

Koʻmirdan sintetik yoqilgʻi olish Habilitatsiya davrida tarkibida uglerod boʻlgan substratlarning yuqori bosim va yuqori harorat kimyosiga oid usullar ishlab chiqildi va bu 1913-yilda Bergius jarayoni boʻyicha patent olinishiga olib keldi. Ushbu jarayonda qoʻngʻir koʻmirni gidrogenlash orqali sintetik yoqilgʻi sifatida ishlatiladigan suyuq uglevodorodlar olinadi. U ushbu jarayonni keng tanilgan Fischer–Tropsch jarayonidan ancha oldin ishlab chiqqan edi. 1914-yilda Theodor Goldschmidt uni oʻzining „Th. Goldschmidt AG“ fabrikasida sanoat korxonasini qurish uchun taklif qildi. Biroq ishlab chiqarish faqat Birinchi jahon urushi tugaganidan keyin, yaʼni yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyoj allaqachon kamayib borayotgan 1919-yilga kelibgina boshlandi. Texnik muammolar, inflyatsiya hamda Franz Jozef Emil Fisherning tinimsiz tanqidlari (u jarayon shaxsan namoyish etilgach, qoʻllab-quvvatlashni boshlagan) jarayonni sekinlashtirdi. Oqibatda Bergius oʻz patentini BASF kompaniyasiga sotdi, u yerda ushbu ish ustida Carl Bosch izlanish olib bormoqda edi. Ikkinchi jahon urushidan oldin yillik quvvati 4 million tonna sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarishga teng boʻlgan bir nechta zavodlar qurildi.

Yogʻochdan shakar olish Sanoatda foydalanish uchun yogʻochni gidroliz qilish orqali shakar olish Bergius uchun mushkul vazifaga aylandi. Haydelbergga koʻchib oʻtgach, u jarayonni takomillashtirishni boshladi va sanoat miqyosidagi ishlab chiqarishni rejalashtirdi. Biroq yuqori xarajatlar va texnik muammolar uni deyarli bankrotlikka olib keldi. Hatto 1931-yilda Kimyo boʻyicha Nobel mukofoti pulini undirish uchun sud ijrochisi Bergiusning ortidan Stokgolmgacha boradi.

Ikkinchi jahon urushi oldidan yuzaga kelgan avtarkiya (iqtisodiy mustaqillik) harakati ushbu jarayonga turtki berdi va bir nechta zavodlar qurildi. Bergius Berlinga koʻchib oʻtdi, biroq u yerda loyiha rivojiga faqat qisman jalb qilindi. U Avstriyaning Bad Gastein shahri yaqinida boʻlganida, uning laboratoriyasi va uyi havo hujumi natijasida vayron boʻldi. Urushning qolgan qismini u Avstriyada oʻtkazdi.

Xalqaro faoliyati Urushdan keyin IG Farben bilan hamkorlik qilgani sababli uning fuqaroligi soʻroq ostida qoldi. Oqibatda u Germaniyani tark etib, Italiya, Turkiya, Shveysariya va Ispaniyada maslahatchi boʻlib ishladi. Keyinchalik Argentinaga emigratsiya qildi va u yerda Sanoat vazirligida maslahatchi lavozimida faoliyat yuritdi. U 1949-yil 30-martda Buenos-Ayresda vafot etdi va Cementerio Alemánga dafn qilindi.

Yutuqlari U va Carl Bosch kimyoviy yuqori bosim usullarini ixtiro qilgani va rivojlantirganidagi xizmatlari eʼtirofi sifatida 1931-yilda Kimyo boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanishdi. 1937-yilda u Vilgelm Eksner medali bilan mukofotlandi.

Shaxsiy hayoti Bergius Renate Burgessning otasi edi.

Manbalar

Turkum:Germaniyalik Nobel mukofoti sovrindorlari __INDEKS__