Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati finalidagi tanaffus shousi 2026-yil 19-iyul kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining New Jersey shtati East Rutherford shahridagi MetLife stadionida bo‘lib o‘tdi. Bu Jahon chempionati tarixidagi ilk tanaffus shousi bo‘ldi. Hamish Hamilton rejissyorlik qilgan ushbu shouda Madonna, Shakira, BTS va Justin Bieber bosh ijrochi sifatida ishtirok etdi, shuningdek, unda bir qator mehmon san’atkorlar ham qatnashdi. Tadbir FIFA va Global Citizen tashkilotlari hamkorligida ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi FIFA Global Citizen Education Fund jamg‘armasi uchun 100 million AQSh dollari yig‘ish bo‘lib, ushbu jamg‘arma qashshoqlikning keskin shakllariga barham berish hamda bolalarning sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Shou sportning tijoratlashuvi va amerikachalashuvi bilan bog‘liq xavotirlar sabab jamoatchilik eʼtiboriga tushdi. Xususan, shou FIFA ning tanaffus 15 daqiqadan oshmasligi haqidagi qoidasini buzganligi yuzasidan tanqid qilindi.
Tarixi
2024-yil fevral oyida amerikalik musiqachi Usher bosh ijrochi sifatida ishtirok etgan Super Bowl LVIII tanaffus shousidan avval, The Athletic nashri jurnalisti Greg O'Keeffe FIFA Jahon chempionati yoki UEFA Chempionlar ligasi kabi futbol musobaqalarida ham shunga oʻxshash chiqishlar oʻtkazish maqsadga muvofiqmi, degan savolni oʻrtaga tashlagan maqola eʼlon qildi. Marketing boʻyicha maslahatchi Tim Crow esa FIFA va UEFA homiylari boʻlgan bir qator brendlar bilan ishlashini aytib, ushbu tashkilotlar „ikkalasi ham tanaffus vaqtini uzaytirish gʻoyasini koʻzlab kelmoqda“, deya taʼkidladi. 2024-yilda Global Citizen tashkilotining hammuassisi Hugh Evans FIFA prezidenti Gianni Infantinoga 2025-yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionati finalida tanaffus shousini oʻtkazish gʻoyasini taklif qildi. U buni „ushbu jarayon orqali nimalarni oʻrganishimiz mumkinligini koʻrish, shuningdek, FIFA Global Citizen Education Fund faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyati“ sifatida baholadi". Shou 2025-yil iyun oyida rasman eʼlon qilindi va FIFA Jahon chempionati tarixidagi ilk tanaffus shousiga aylandi. U Global Citizen hamda Global Citizen Festival kuratori, Coldplay guruhi aʼzosi Chris Martin bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Evans va Martin 2026-yilgi Jahon chempionatidagi tanaffus shousi gʻoyasini Hamish Hamilton va Ben Winston kabi bir qator prodyuserlar bilan ham muhokama qildi.
2024-yil 28-sentyabrda FIFA va Global Citizen toʻrt yillik hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni eʼlon qildi. Hamkorlikning asosiy maqsadi dunyo boʻylab oʻta qashshoqlikka barham berishga koʻmaklashish hamda bolalarning sport va sifatli taʼlimdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat edi. Shu bilan birga, tomonlar 2026-yilgi Jahon chempionati finali doirasida New Jersey shtatining East Rutherford shahridagi MetLife stadionida boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati tarixidagi ilk tanaffus shousini hamkorlikda tashkil etishini ham maʼlum qildi. 2025-yil 5-mart kuni FIFA Coldplay guruhi tanaffus shousida ishtirok etadigan ijrochilar roʻyxatini shakllantirishda yordam berishini eʼlon qildi. FIFA prezidenti Gianni Infantino bu haqda shunday dedi: „Bu FIFA Jahon chempionati tarixidagi unutilmas lahza va dunyoning eng yirik sport tadbirlariga munosib shou boʻladi“. Global Citizen hammuassisi Hugh Evans esa shouni „sport, musiqa va madaniyatni birlashtiradigan, futbolning barchamizni birlashtirishdagi betakror qudratini nishonlaydigan, tarixdagi ilk va yangi bosqichni boshlab beradigan voqea“ deya taʼrifladi.
Eʼlon qilinishi
2026-yil 13-may kuni amerikalik xonanda Madonna, kolumbiyalik xonanda Shakira va Janubiy Koreyaning BTS guruhi tanaffus shousining bosh ijrochilari boʻlishi eʼlon qilindi. Shuningdek, shouda The Muppets hamda Sesame Street qahramonlari ham ishtirok etishi maʼlum qilindi. Bu haqdagi eʼlon ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videorolik orqali berildi. Unda shou kuratori Chris Martin The Muppets va Sesame Street qahramonlari ishtirokida ijrochilarni tanishtirdi. Shuningdek, Live Nation Entertainment va Done+Dusted kompaniyalari shouning hamkor prodyuserlari sifatida eʼlon qilindi. Oʻsha kunning oʻzida ijrochilar tarkibi New York shahrida oʻtkazilgan Global Citizen NOW Summit sammitida rasman taqdim etildi. Tadbirda Gianni Infantino, Hugh Evans, sobiq futbolchi Kaká hamda Shakira ishtirok etdi.
FIFA va Global Citizen shoudan koʻzlangan maqsad FIFA Global Citizen Education Fund uchun 100 million AQSh dollari yigʻish ekanini maʼlum qildi. Global Citizen vakillarining The Athletic nashriga tasdiqlashicha, Madonna, Shakira va BTS chiqishlari uchun gonorar olmagan, chunki ular „ijtimoiy adolat yoʻlida faoliyat yurituvchi tashkilot uchun oʻz vaqtini begʻaraz bagʻishlagan“. Matbuot bayonotida Madonna FIFA Global Citizen Education Fundni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini „juda katta maʼno kasb etadigan ish“ deb atadi. Shakira esa shunday dedi: „Butun umrim davomida ikki ish bilan shugʻullandim — qoʻshiqlar yaratish va maktablar qurish. FIFA Jahon chempionatida esa bu ikki yoʻl birlashadi“. 2026-yil 8-iyul kuni FIFA kanadalik xonanda Justin Bieber ham shouning bosh ijrochilaridan biri sifatida ishtirok etishini eʼlon qildi. Shuningdek, Burna Boy, Gustavo Dudamel, PS22 Chorus va Coldplay mehmon ijrochilar sifatida sahnaga chiqishi maʼlum qilindi. Done+Dusted kompaniyasi vakili Guy Carrington shou eʼlon qilingan dasturdan tashqari yana bir qator kutilmagan syurprizlarni ham oʻz ichiga olishini aytdi.
Madonna futbol ishqibozi ekanini aytib, tanaffus shousida ishtirok etishni oʻzi istaganini maʼlum qildi. U bu haqda: „Bir yildan ortiq vaqt davomida menejerimni bu masalada tinmay bezovta qilib keldim“, dedi. Shakira va Burna Boy turnirning rasmiy qoʻshigʻi boʻlgan „Dai Dai“ni yozib, 2026-yil 14-may kuni taqdim etdi. U 2026-yil 5-iyunda chop etilgan turnirning rasmiy musiqiy toʻplami — Official FIFA World Cup 2026 Album tarkibiga ham kiritildi. 2026-yil 11-iyun kuni Shakira va Burna Boy ushbu qoʻshiqni Mexiko shahrida boʻlib oʻtgan 2026-yilgi Jahon chempionatining ochilish marosimida ijro etdi. Shakira keyinchalik mazkur qoʻshiqni finaldagi tanaffus shousida ham kuylashini maʼlum qildi. 2026-yil 25-iyun kuni FIFA Official FIFA World Cup 2026 Album albomining Bonus Edition talqinini chiqardi. Unga Madonna va Feid tomonidan Madonnaning oʻn beshinchi studiyaviy albomi Confessions II uchun yozilgan „Read My Lips“ qoʻshigʻining FIFA version nomli maxsus talqini ham kiritildi.
Tayyorlanishi
Shouga Hamish Hamilton rejissyorlik qildi. U avvalroq 2010-yildan buyon har bir Super Bowl tanaffus shousiga rejissyorlik qilgan. Shou barcha ijrochilar bilan hamkorlikda bir necha oy davomida tayyorlandi. Done+Dusted vakili Guy Carrington uni „ixcham, yuqori darajada muvofiqlashtirilgan mega-miks“ deya taʼrifladi. Shouning dunyo miqyosidagi vakillik ruhini aks ettirishi hamda „hamkorlik va birdamlikning chinakam lahzasi“ni yaratish maqsadida Chris Martin turli mamlakatlardan ijrochilarni jalb qildi. Maysaga zarar yetkazmaslik va uchrashuvning oʻziga salbiy taʼsir koʻrsatmaslik uchun prodyuserlar maydon yuzasiga katta himoya qoplamasini toʻshashni rejalashtirdi hamda barcha ishtirokchilarga yengil poyabzal kiyishni buyurdi. Sahna konstruksiyalari va kamera aravachalarini oʻz ichiga olgan chiqish maydoni imkon qadar tez yigʻilib va demontaj qilinadigan tarzda loyihalashtirildi. Bu ishlab chiqarish guruhiga uni 3–4 daqiqa ichida oʻrnatish va olib tashlash imkonini berdi.
2026-yil 14-may kuni BBC Sport nashri tanaffus shousi 11 daqiqa davom etishi rejalashtirilganini xabar qildi. The Atlantic nashrining yozishicha, FIFA 2025-yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionati finalidagi tanaffus shousidan farqli ravishda, bu safar shou uchun MetLife stadionining oʻyin maydonidan foydalanishni rejalashtirgan. Avvalgi shou oʻyin maydoniga taʼsir koʻrsatmaslik maqsadida tribunalar yuqori qismida qurilgan sahnada oʻtkazilgan edi. Shuningdek, tanaffus futbol oʻyinlari uchun Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi tomonidan belgilangan 15 daqiqalik meʼyordan sezilarli darajada uzoq davom etishi kutilayotganini ham maʼlum qildi. 2026-yil 14-iyul kuni BBC Sport tanaffus 20–25 daqiqa davom etishi, 11 daqiqalik shou esa odatiy 15 daqiqalik tanaffus yakunlanganidan keyin boshlanishi rejalashtirilganini xabar berdi. Biroq The Atlantic FIFA tanaffus umumiy davomiyligi 20 daqiqadan oshmasligini maqsad qilganini yozdi. 2026-yil 17-iyul kuni FIFA teletranslyatorlarga tanaffus jami 18 daqiqa davom etishini maʼlum qildi. Shundan 7 daqiqasi sahnani oʻrnatishga, qolgan 11 daqiqasi esa shouning oʻziga ajratilgan edi.
Shou bir necha qismga boʻlingan boʻlib, har bir ijrochiga oʻz chiqishi uchun taxminan 1 daqiqa 45 soniya vaqt ajratildi. Shuningdek, shou davomida Ted Lasso teleserialidagi qahramonlari — |Ted Lasso va Willis Beard obrazlarida Jason Sudeikis hamda Brendan Hunt kutilmagan tarzda sahnaga chiqib, Justin Bieberni chiqishi oldidan „ruhlantirdi“.
Qabul qilinishi Eʼlon atrofidagi bahslar Shouning eʼlon qilinishi ommaviy axborot vositalari hamda futbol jamoatchiligi orasida bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Koʻpchilik buni futbolning tijoratlashuvi sifatida baholadi. CNN jurnalisti Ben Churchning taʼkidlashicha, futbolning „anʼanaviy tarafdorlari“ buni „sportning asl mohiyatidan shu qadar uzoqlashgan hodisa ediki, u deyarli aql bovar qilmas va muqaddaslikka ziddek tuyuladi“, deb qabul qilgan. Shuningdek, uchrashuv tanaffusi Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi tomonidan belgilangan 15 daqiqalik meʼyorni buzishi mumkinligi yuzasidan ham xavotirlar bildirildi. IFAB qoidalariga koʻra, tanaffus 15 daqiqadan oshmasligi, faqat hakamning ruxsati bilan oʻzgartirilishi mumkin. Chunki tanaffusning choʻzilishi futbolchilarning odatiy tayyorgarlik jarayoni va tiklanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2024-yilgi Copa América finali hamda 2025-yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionati finalidagi tanaffuslar 24 daqiqagacha davom etgan.
Tim Crow bu borada shunday dedi: „Futbol NFLdan farq qiladi, chunki unda oʻyin tez-tez toʻxtatilmaydi va hujum hamda himoya uchun alohida jamoalar yoʻq. Futbolda futbolchilarni 30 daqiqa davomida qanday qilib qizigan va oʻyinga tayyor holatda saqlab turish masalasi tugʻiladi“. U, shuningdek, Qoʻshma Shtatlardagi sport musobaqalari, jumladan Super Bowl, „televideniye reklamalarini sotish vositasi sifatidagi tijorat modeliga asoslangan“, Yevropada esa „Super Bowl tanaffus shousidagi reklama hajmiga nisbatan tomoshabinlarning qiziqishi va toqati pastroq boʻlishi mumkin“, deya taʼkidladi. Sport jurnalisti Gabriele Marcotti esa shunday fikr bildirdi: „Professional futbolchilar 15 daqiqalik tanaffusga moslashgan. Ular sportchilar. Ularning odatiy tartibini oʻzgartirsangiz, sovib qolishi, qizib ketishi, mushaklari qotishi yoki boshqa muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bunday tavakkal qilishga arzimaydi“.
Aksincha, Tim Crow bu holatni „aynan shunday madaniy toʻqnashuvlarga toʻla turnirdagi navbatdagi madaniy toʻqnashuv“, deya baholadi. Uning fikricha, amerikaliklar uchun „koʻngilochar dasturlar va sport doimo yonma-yon kelgan“, shu bois u: „Nega mezbon mamlakat oʻz hududida oʻtkazilayotgan uchrashuvlarga oʻziga xosligini singdirmasligi kerak?“ deya savol qoʻydi. Shuningdek, u FIFA va Shakiraning yillar davomida amalga oshirgan koʻplab hamkorliklarini eslatib, shunday dedi: „Keyin esa butun bir harakatni safarbar qilgan K-pop superguruhi BTS va, albatta, Madonna bor — axir Madonna shunchaki Madonna-ku. „Like a Prayer“ qoʻshigʻini kim yoqtirmaydi?“ Gabriele Marcotti esa „futbol rivojlanishi kerak va ehtimol bu zarur qadamlardan biridir“, degan fikrni bildirdi. Uning taʼkidlashicha, FIFA tijorat tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi tashkilot boʻlib, milliy futbol assotsiatsiyalari „Gianni Infantinoni asosan daromadlarni oshirish va ularni dunyo boʻylab qayta taqsimlashni davom ettirishi uchun prezident etib saylaydi“.