Oʻqituvchi () — 2008-yilda ssenariysi asosida, rejissyor Peter Werner tomonidan suratga olingan Amerika biografik drama telefilmi. Film Brad Cohenning Lisa Wysocky bilan hammualliflikda yozgan „Front of the Class: How Tourette Syndrome Made Me the Teacher I Never Had“ () nomli memuar asariga asoslangan boʻlib, unda Cohenning Tourette sindromi bilan kechgan hayoti va bu holat uni boshqa oʻquvchilarga dars berishga qanday ilhomlantirgani haqida hikoya qilinadi.
Filmda Cohen rolini aktyorlik faoliyatini endi boshlagan James Wolk, uning ota-onasi rollarini esa Treat Williams va Patricia Heaton ijro etgan. U 2008-yil 7-dekabrda CBS telekanalida „Hallmark Hall of Fame“ loyihasining navbatdagi qismi sifatida efirga uzatilgan.
Syujeti Oʻn ikki yoshli Brad Cohen ota-onasi ajrashgach, onasi va ukasi bilan Missurida yashaydi. Undagi beixtiyoriy harakatlar va ovozlar () sababli maktabda hamda otasi bilan tez-tez muammolarga duch keladi. Dastlab shifokorlar unga xato tashxis qoʻygach, onasi tibbiyot kitoblaridan mustaqil izlanib, oʻgʻlidagi holat aslida Tourette sindromi ekanligini aniqlaydi. Kasallikning davosi yoʻqligini bilgan Brad tushkunlikka tushmaslikka va hayotda muvaffaqiyatga erishishga qatʼiy ahd qiladi.
Oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlari maktab direktori uni tadbir vaqtida sahnaga chaqirib, kasalligi haqida barchaga ochiq tushuntirib berishiga imkoniyat yaratadi. Boshqa oʻquvchilarning qizgʻin olqishidan taʼsirlangan Brad kelajakda aynan shu direktor kabi insonparvar va mehribon oʻqituvchi boʻlishni orzu qila boshlaydi.
Voyaga yetgan Brad Jorjiya shtatiga koʻchib oʻtadi va boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlash maqsadida maktablarga murojaat qiladi. Kasalligi tufayli ketma-ket 24 ta suhbatdan rad javobini olganiga qaramay, u umidsizlikka tushmaydi. Nihoyat, rahbariyat uning holatini toʻgʻri tushunadigan maktablardan biri Bradni ishga qabul qiladi. Oʻz faoliyati davomida u oʻquvchilariga alohida mehr bilan yondashadi, xususan, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi va Obsessiv-kompulsiv buzuqlik () kabi kasalliklarga chalingan bolalarga taʼlim berishda oʻziga xos yondashuvni qoʻllaydi.
Tez orada Bradning shaxsiy hayotida ham ijobiy oʻzgarishlar yuz berib, u Nancy ismli ayol bilan tanishadi va u bilan munosabatlari jiddiylashadi. Film yakunida Bradning oʻz kasbiga boʻlgan fidoyiligi munosib baholanib, u „Yil oʻqituvchisi“ mukofotiga loyiq koʻriladi. Titr yozuvlarida esa Bradning magistrlik darajasini olgani hamda 2006-yilda Nancy bilan turmush qurgani maʼlum qilinadi.
Rollarda James Wolk — Brad Cohen rolida Dominic Scott Kay — Brad Cohenning yoshligi rolida Treat Williams — Norman Cohen, Bradning otasi rolida Patricia Heaton — Ellen Cohen, Bradning onasi rolida Johnny Pacar — Jeff Cohen, Bradning ukasi rolida Charles Henry Wyson — Jeff Cohenning yoshligi rolida Sarah Drew — Nancy Keene, Bradning sevgilisi rolida. Qahramon Cohenning hayotdagi rafiqasi Nancy Lazarusga asoslangan. Charlie Finn — Ron, Bradning xonadoshi rolida Kathleen York — Diane Cohen, Bradning oʻgay onasi va Normanning ikkinchi rafiqasi rolida Joe Chrest — Jim Ovbey rolida Mike Pniewski — Maktab direktori Myer rolida Katherine Shepler — Heather, Bradning saratondan vafot etgan oʻquvchilaridan biri rolida Zack Miller — Thomas, Brad sinfidagi muammoli oʻquvchi rolida Anna Rappaport — Amanda, otasi Turett sindromi tufayli uni Bradning sinfidan olib ketgan oʻquvchi qiz rolida Ashley Young — 3-oʻquvchi, Bradning Heather bilan doʻstlashgan oʻquvchilaridan biri rolida
Yaratilishi Film ssenariysi Brad Cohen va Lisa Wysocky tomonidan yozilgan „Front of the Class: How Tourette Syndrome Made Me the Teacher I Never Had“ asariga asoslangan va unga Peter Werner rejissyorlik qilgan. Suratga olish ishlari Shreveportda boʻlib oʻtgan.
2006-yilda The Oprah Winfrey Show dasturidagi ishtirokidan soʻng, Cohen 2007-yilda Special Olympics vakili Timothy Shriverning chiqishidan soʻng konferensiyada nutq soʻzladi. Shriverning soʻzlariga koʻra: „Tomoshabinlar avvaliga kulishdi, keyin yigʻlashdi, yana kulishdi, yana yigʻlashdi va xursandchilik qilishdi, yakunda esa uni oʻrinlaridan turib, davomli qarsaklar bilan olqishlashdi“. Shriver Cohenga bu haqida film suratga olishni taklif qildi va oradan bir yil oʻtib oʻzi loyihaga ijrochi produser boʻldi.
Cohendagi beixtiyoriy harakatlar va ovozlarni ishonchli tarzda gavdalantirish maqsadida James Wolk va Dominic Scott Kay turli videotasmalar koʻrishgan hamda dialekt boʻyicha murabbiy bilan ishlashgan. Ular bu tayyorgarlik jarayonini „Tourette tayyorgarlik lageri“ () deb atashgan. Cohen oʻzidagi beixtiyoriy harakatlar va ovozlarning filmda tasvirlanishini „juda va juda ishonchli chiqqan“ deya eʼtirof etgan. Toʻrt farzandning onasi boʻlgan Patricia Heaton ssenariyga qiziqib qoldi, chunki u oʻzini matonatli ona qiyofasiga yaqin deb bildi: „Oxir-oqibat, onalar oʻz farzandlari uchun oxirigacha kurashish va nima notoʻgʻri ekanligini aniqlash yoʻlida qiladiganlaridek, u oʻzi kutubxonaga bordi va oʻgʻlida Tourette sindromi borligini tushunib yetdi“, — deb tushuntirdi Heaton.
Garchi aksariyat bolalarda oʻsmirlik davridan oʻtganlaridan keyin asta-sekin kamayib borsada, Cohenda haligacha tez-tez, baland beixtiyoriy harakatlar va ovozlar, hurish kabi holatlar uchrab turadi. U hazillashib: „Oʻz filmimdan haydalib ketmayman, degan umiddaman“, — degan edi.
Relizi Film 2009-yil yanvar oyida DVD formatida sotuvga chiqarilgan. Shuningdek, muallif Brad Cohen tomonidan imzolangan nusxasi ham DVDda taqdim etilgan.
Qabul qilinishi Cohen filmning hayotiy haqiqatdan uzoqlashmasligidan hamda Turett sindromini oʻta boʻrttirib (sensatsiya qilib) yubormasligidan xavotirda edi. U umumiy natijadan mamnun boʻldi, biroq taʼsirchanlikni oshirish maqsadida hayotidagi baʼzi sanalar (masalan, uning toʻy sanasi) filmda tezlashtirib koʻrsatilganini taʼkidlab oʻtdi.
Manbalar
Havolalar
Brad Cohen Official Website
Turkum:2008-yil filmlari Turkum:Oʻqituvchilar haqidagi biografik filmlar Turkum:Boshlangʻich maktablarda suratga olingan filmlar