Chahor maqola () — Nizomiy Aruziy tomonidan 1155—1157-yillar oraligʻida fors tilida yozilgan nasriy asar. Toʻrtta alohida risoladan (maqola) iborat boʻlib, ularning har biri turli mavzuga bagʻishlangan. Asar Nizomiyning fors nasrini mukammal egallagani hamda falsafiy tushunchalar, astronomiya va tibbiyot boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlganini namoyish etadi. Asar yozib tugatilganidan 60 yil oʻtgach, Ibn Isfandiyor undagi Mahmud Gʻaznaviy va Firdavsiy haqidagi toʻliq rivoyatni oʻzining „Tarixi Tabariston“ asariga kiritgan.
Yaratilishi Nizomiy Aruziy „Chahor maqola“ () asarini 1155—1157-yillar oraligʻida yozgan. Fors tilida nasriy uslubda bitilgan ushbu asar hukmdor uchun eng zarur deb hisoblangan toʻrt asosiy maslahatchi: kotib, shoir, munajjim va tabibga bagʻishlangan alohida boblardan iborat. Har bir bobda amaliy tavsiyalar bilan bir qatorda tarixiy voqealar va misollar ham keltirilgan. Mazkur asar mavzu jihatidan hukmdorlar uchun avvalroq yozilgan pandnoma janridagi „Qobusnoma“ asari bilan, ayniqsa, uning aristokratik va dunyoviy yoʻnalishi nuqtayi nazaridan oʻxshashliklarga ega.
„Chahor maqola“ Alovuddin Husayn hukmronligi davrida yozilgan va Faxriddin Masudning oʻgʻli shahzoda Abulhasan Husomiddin Aliga bagʻishlangan. Nizomiy ushbu asarni yozgan paytida allaqachon Gʻuriylarga 45 yildan beri xizmat qilib kelayotgan edi. Asar Nizomiyning fors adabiyoti nasr janrini mukammal egallagani, falsafiy gʻoyalarni chuqur tushungani hamda astronomiya va tibbiyot sohalaridagi bilimlarini yaqqol namoyon etadi. Asar, shuningdek, muallifning adabiyot va bibliografiyaga boʻlgan ilmiy qiziqishini ham aks ettiradi. Asrlar davomida keng oʻqilgan va yuksak baholangan ushbu asar nafaqat XII asr fors nasri uchun mezon boʻlib xizmat qilgan nafis uslubi, balki mashhur olimlar va adabiyot arboblari haqidagi qimmatli tarixiy hamda biografik maʼlumotlarni oʻz ichiga olgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. „Chahor maqola“ning taʼsiri keyingi asarlarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Jumladan, Ibn Isfandiyor Mahmud Gʻaznaviy va Firdavsiy haqidagi butun rivoyatni „Chahor maqola“dan olib, 1216—1217-yillarda yozilgan oʻzining „Tarixi Tabariston“ asariga kiritgan.
Sulton Sanjarning Xurosondagi saroyiga tez-tez borib turgan Nizomiy Aruziy „Chahor maqola“ asarida Saljuqiylar haqida quyidagicha yozgan: Ular koʻchmanchilar (biyaban-nishin) boʻlib, davlat ishlarini yuritish va podshohlarning yuksak yutuqlaridan bexabar edilar. Shu sababli ularning davrida qirollik urf-odatlarining aksariyati yoʻqolib ketgan va hukmdorlikning koʻplab muhim asoslari amaldan chiqqan.
„Chahor maqola“ asari yaratilishidan oldingi ikki asrlik Eron madaniyati tarixi ham shu asarda batafsil yoritilgan. Shuningdek, unda Nizomiy Aruziy yashagan davrdagi adabiy muhit haqida ham muhim maʼlumotlarni taqdim etilgan. Shu bois asar nafaqat oʻsha davr adabiyotining rivojlanishini oʻrganishda, balki Gʻarbiy va Markaziy Osiyoning siyosiy manzarasini tadqiq etishda ham muhim birlamchi manba hisoblanadi. Asarda hukmron tabaqaning ustuvor madaniy qadriyatlari va davrning ijtimoiy urf-odatlari aks etgani sababli oʻsha zamonning ijtimoiy, intellektual va adabiy jarayonlarini oʻrganish uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, Firdavsiy, Umar Xayyom va Amir Mu’izziy kabi shoirlar, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy va Muhammad Zakariyo Roziy singari olimlar haqidagi rivoyat va hikoyalari bu jihatdan alohida ahamiyatga ega.
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Gʻuriylar Turkum:Oʻrta asrlar fors adabiyoti Turkum:Fors tilidagi kitoblar Turkum:12-asr adabiyoti