Abu Tolib Rustam (; 997–1029) — 997-yildan 1029-yilgacha Raydadagi hukmronlik qilgan Buvayhiylarning soʻnggi amiri. Majd ud-Davla () laqabi bilan tanilgan. Faxr ud-Davlaning () toʻngʻich oʻgʻli. Siyosiy jihatdan zaif hukmdor boʻlib, taxtda oʻtirgan yillarining katta qismida amalda nomigagina hukmdor edi. Davlat boshqaruvi esa onasi Sayyida Shirinning qoʻlida boʻlgan.
Majd ad-Davla hukmronligi davrida Buvayhiylarning Markaziy Erondagi mulklari asta-sekin qisqarib borgan. 997-yilda Goʻrgon va Tabariston Ziyoriylar qoʻliga oʻtgan, gʻarbdagi bir qancha shaharlar esa Ozarbayjondagi Saloriylar tomonidan egallab olingan. Davlat ichida ham muammolar mavjud edi. Jumladan, 1016-yilda daylamiy harbiy sarkarda Ibn Fulad boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtarilgan. 1028-yilda Sayyida Shirin vafot etgach, Majd ud-Davla oʻzining daylamiy askarlari tomonidan uyushtirilgan qoʻzgʻolonga duch kelgan. Shu sababli Gʻaznaviylar hukmdori Mahmud Gʻaznaviydan () yordam soʻragan. Gʻaznaviy 1029-yilda Rayga kelib, Majd ud-Davlani hokimiyatdan agʻdargan va shaharni talon-taroj qilgan. Shu tariqa Raydagi Buvayhiylar hukmronligiga yakun yasalgan.
Majd ud-Davlaning Gʻaznaviylar poytaxti Gʻaznaga yuborilgani va shu shaharda vafot etgani haqida maʼlumotlar mavjud.
Kelib chiqishi Abu Tolib Rustam Buvayhiylar sulolasi vakili boʻlib, bu daylamiy oila, asosan, hozirgi Eronning janubiy va gʻarbiy qismlari hamda bugungi Iroqning deyarli butun hududi ustidan hukmronlik qilgan. Buvayhiylar davlati koʻpincha uch mustaqil amirlikka boʻlingan boʻlib, ularning markazlari Ray (Jibal), Sheroz (Fors) va Bagʻdod (Iroq) markazlari atrofida shakllangan edi.
Abu Tolib Rustam 993-yilda tugʻilgan. U Jibal, Tabariston va Goʻrgon ustidan hukmronlik qilgan Buvayhiy amir Faxr ud-Davla () va Tabaristondagi Bovandiylar sulolasiga mansub malika Sayyida Shirinning oʻgʻli edi. Abu Tolib Rustam davlatni boshqarishga layoqatli boʻlishi uchun har tomonlama chuqur taʼlim olishi kerak edi. Shu sababli unga mashhur hamadonlik fors olimi va tilshunos Ibn Faris (1004-yilda vafot etgan) ustozlik qilgan.
Hukmronligi Taxtga chiqishi 997-yilda Faxr ud-Davla oshqozon kasalligidan vafot etgach, uning Jibaldagi mulklari ikki oʻgʻli oʻrtasida taqsimlangan. Poytaxt Ray shahri va uning atrofi Abu Tolib Rustamga berilgan, Hamadon va Qirmisin shaharlari Mesopotamiya chegaralarigacha boʻlgan hududlar bilan birga kenja oʻgʻli Shams ud-Davlaga tekkan. Ularning har ikkalasi ham hali yosh boʻlgani bois onasi Sayyida Shirin tomonidan hokimiyatni birgalikda boshqaruvchi hukmdorlar etib tayinlangan, Sayyida Shirin esa davlat boshqaruvini regent sifatida oʻz qoʻliga olgan. Shunga qaramay, Shams ud-Davla Abu Tolib Rustamga boʻysunuvchi hukmdor hisoblangan. Forsni boshqargan Buvayhiylarning katta amiri Samsam ud-Davla () Faxr ud-Davla hukmronligi davrida sadoqat bilan uni oliy amir sifatida tan olgan edi. Shu sababli endilikda Samsam ud-Davla bu xizmati evaziga Majd ud-Davladan oʻziga sadoqat bildirishini talab qilishga haqli edi.
Biroq Iroqdagi Buvayhiylar amiri Baho ud-Davla () va Abbosiylar xalifasi bilan kelishuv Ray saroyi uchun maʼqulroq koʻringan. Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralarning tafsilotlari maʼlum emas. 998-yilda Baho ud-Davlaning iltimosiga koʻra, xalifa al-Qodir () Abu Tolib Rustamga Majd ud-Davla va Falak ul-umma unvonini bergan. Eronshunos olim Wilferd Madelungning taʼkidlashicha: „Ushbu xizmati evaziga Baho ud-Davla xalifa al-Qodirning eʼtirofidan tashqari ittifoqchilikka hamda oʻz oliy hukmronligining maʼlum darajada tan olinishiga ham erishgan boʻlishi kerak. Vaholangki, uning nomi oradan yillar oʻtgachgina Majd ud-Davla zarb qildirgan tangalarda paydo boʻlgan“.
Oradan koʻp oʻtmay Samsam ud-Davla vafot etgan va 999-yilda Fors Baho ud-Davla nazoratiga oʻtgan. Shu tariqa Baho ud-Davla Buvayhiylar davlatining oliy amiri maqomini egallagan.
Hukmronligining boshlanish davri Faxr ud-Davlaning vafotidan soʻng Ziyoriylar hukmdori Qobus () ilgari Buvayhiylar tortib olgan, ammo avval oʻzi boshqargan Tabariston va Goʻrgonni qayta egallagan. Majd ud-Davla Qobusga qarshilik koʻrsata olmagach, Qobus bu ikki viloyatni deyarli hech qanday toʻsiqlarsiz boshqargan. Majd ud-Davla, shuningdek, Ozarbayjondagi Saloriylarga bir qancha gʻarbiy qismdagi shaharlarni, jumladan, Zanjonni ham boy bergan. Buvayhiylar vassali sifatida Qirmisin atrofida hukmronlik qilgan Hasanvayhiylar hukmdori Badr ibn Hasanvayh () Majd ud-Davlaga mahalliy boshqaruv ishlarida yordam berish uchun Rayga kelgan. Biroq uning yordami rad etilgan. Natijada, Badr asta-sekin Raydagi siyosiy ishlardan chetlasha boshlagan. Kamida 1003-yilda Sayyida Shirin oʻz amakivachchasi Alauddavla Muhammadni Isfahon hokimi etib tayinlashga muvaffaq boʻlgan. Bu esa Kakuyiylar sulolasining shakllanishiga asos edi.
1005-yilda Majd ud-Davla oʻz aka-ukalari va vassallari ustidan ustunligini koʻrsatib qoʻyish maqsadida 1005-yilda qadimgi forslarning imperatorlik unvoni shahanshoh () rutbasini olgan. Shunga qaramay, Baho ud-Davlaning hukmron mavqeiga qarshi chiqishga urinmagan. 1009/1010-yildan boshlab Majd ud-Davla oʻz tangalarida Baho ud-Davlani rasman oliy amir sifatida tan olgan. Keyinchalik ayrim tangalarda Baho ud-Davla hatto shahanshoh unvoni bilan ham tilga olingan. Baho ud-Davla 1012-yilning dekabr oyida vafot etgan. Uning oʻrniga esa oʻgʻli Abu Shujo Fanno Xusrav (Sulton ud-Davla) taxtga chiqqan va otasining hukmronligiga vorislik qilish daʼvosi bilan shahanshoh unvonini qabul qilgan. Biroq Majd ud-Davla Sulton ud-Davlaning bu daʼvosini tan olmagan, chunki amalda Buvayhiylar davlatining oliy amiri endi uning oʻzi boʻlib qolgan edi.
Ichki siyosat thumb|Majd ud-Davlaning ukasi hamda Hamadon va Kirmonshoh hukmdori Shams ud-Davla () tangasi
1008-yilda Majd ud-Davla oʻz vaziri Abu Ali ibn Ali yordami bilan onasi Sayyida Shirinning regentligidan qutulishga uringan. Biroq Sayyida Shirin Badr ibn Hasanvayhning huzuriga qochib borgan va Shams ud-Davla bilan birgalikda Rayni qamal qilgan. Bir necha janglardan soʻng shahar egallangan va Majd ud-Davla asir olingan. Onasi uni Tabarak qal’asiga qamab qoʻygan, Shams ud-Davla esa Rayda hokimiyatni qoʻlga olgan. Oradan bir yil oʻtgach, 1009-yilda Sayyida Shirin Shams ud-Davla bilan kelisha olmay qolgan. Natijada, Majd ud-Davlani ozod qilib, yana Ray taxtiga qaytargan, Shams ud-Davla esa Hamadonga qaytgan. Shunga qaramay, amaldagi hokimiyat hanuz Sayyida Shirinning qoʻlida qolavergan. 1014-yilda Shams ud-Davla Rayga hujum qilgach, Majd ud-Davla va Sayyida Shirin Damovandga qochishga majbur boʻlgan. Biroq Shams ud-Davla qoʻshinlari orasida yuz bergan isyon uni Hamadonga qaytishga majbur qilgan va Majd ud-Davla hamda Sayyida Shirin yana Rayga qaytgan. Xuddi shu yili mashhur qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino (1037-yilda vafot etgan) Rayga kelib, Majd ud-Davla va Sayyida Shirinning xizmatiga kirgan. Ibn Sino saroy tabibi lavozimida faoliyat yuritib, melanxoliya kasalligidan aziyat chekayotgan Majd ud-Davlani davolagan. Rivoyatlarga koʻra, keyinchalik Ibn Sino Qazvin va Hamadonda Sayyida Shirinning ish yurituvchisi vazifasini ham bajargan. Biroq bu faoliyat tafsilotlari aniq maʼlum emas. Soʻngra Ibn Sino Shams ud-Davlaning xizmatiga oʻtgan. Bunga uning raqibi Abulqosim al-Kirmoniy ham Sayyida Shirinning saroyida xizmat qilgani sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
1016-yilda Majd ud-Davla va Sayyida Shirin daylamiy harbiy sarkarda Ibn Fuladning Qazvin hokimi etib tayinlanishi haqidagi talabini rad etgan. Natijada, Ibn Fulad Ray atroflariga hujum qila boshlagan. Majd ud-Davla Bavandiylar shahzodasi Abu Jaʼfar Muhammad (1028-yilda vafot etgan) yordamida Ibn Fuladni Raydan haydab chiqargan. Ibn Fulad esa Ziyoriylar hukmdori Manuchihr () huzuriga qochgan. U yerda Manuchihrga sadoqat bildirish evaziga harbiy yordamga ega boʻlgan. Manuchihr bergan askar bilan kuchaygan Ibn Fulad Rayni qamal qilgan. Natijada, Majd ud-Davla uni Isfahon hokimi etib tayinlashga majbur boʻlgan. Shundan keyin Ibn Fulad haqida manbalarda deyarli maʼlumot uchramaydi. Bu holat uning oʻsha paytdagi Isfahon hokimi Alauddavla Muhammadni lavozimidan chetlatishga muvaffaq boʻla olmaganini koʻrsatadi.
Majd ud-Davla davlatining zaiflashuvi Alauddavla Muhammadga amalda mustaqil hukmdor sifatida faoliyat yuritish imkonini bergan. Alauddavla oʻz hududlarini kengaytirib, shimoliy va gʻarbiy togʻli viloyatlarni ham egallagan. Bu hududlar oʻsha davrda Annaziylar kabi mustaqil kurd sulolalari tomonidan boshqarilayotgan edi. 1023-yilda Alauddavla Muhammad Hamadonni egallab, Shams ud-Davlaning oʻgʻli va vorisi Samo ud-Davlaning () hukmronligiga barham bergan. Majd ud-Davla bu voqealarga aralashishga qodir emas edi. Alauddavla Muhammad amalda mustaqil podshoh va Jibaldagi eng qudratli shaxsga aylangan boʻlsa-da, 1029-yilda Majd ud-Davla hokimiyatdan qulaguniga qadar oʻz tangalarida uni oliy hukmdor sifatida koʻrsatishda davom etgan. 1019/1020-yilda Isfahonda Alauddavla Muhammad zarb qildirgan mashhur tangalardan birida Majd ud-Davla shahanshoh unvoni bilan tilga olingan.
Hokimiyatdan qulashi thumb|Gʻaznaviylar hukmdori Mahmud Gʻaznaviy () Majd ud-Davlani hokimiyatdan agʻdarib tashlaganidan keyin zarb qildirgan tanga
1028-yilda Sayyida Shirin vafot etgach, Majd ud-Davlaning siyosiy jihatdan yakkalanib qolishi oqibatlari yaqqol namoyon boʻlgan. Tez orada daylamiy askarlar tomonidan qoʻzgʻolon koʻtarilgan, ularga qarshi kurashishda Majd ud-Davla Gʻaznaviylar hukmdori Mahmud Gʻaznaviydan () yordam soʻragan. Mahmud uzoq vaqtdan beri oʻz hokimiyatini gʻarb tomon kengaytirishni istar, biroq Sayyida Shirinning qatʼiy siyosiy mavqei tufayli Rayga hujum qilishdan tiyilib kelgan edi. Mahmud Gʻaznaviy Majd ud-Davlaning yordam soʻrovini bahona qilib, 1029-yil mart/aprel oyida Rayni bosib olgan. Majd ud-Davlani hokimiyatdan chetlatib, shaharni talon-toroj qilgan. Shu tariqa Raydagi buvayhiylar hukmronligiga barham bergan. Raydagi ulkan kutubxonaning katta qismi yoqib yuborilgan, koʻplab shahar aholisi esa bid’atchi va kofir deb ayblanib, toshboʻron qilingan. Mahmud bu qirgʻinni „kofir Botiniylar va buzgʻunchi bid’atchilar“dan tozalash zarurati bilan oqlagan.
Eronshunos Clifford Edmund Bosworth Majd ud-Davlaning Mahmud Gʻaznaviydan yordam soʻrash boʻyicha qarorini „ahmoqona“ deb baholagan. Arab tarixchisi Ibn al-Asirning (1233-yilda vafot etgan) yozishicha, Ray zabt etilgandan soʻng Mahmud Gʻaznaviy Majd ud-Davlani huzuriga chaqirib, undan: "Forslar tarixini bayon qiluvchi „Shohnoma“ va musulmonlar tarixini oʻz ichiga olgan at-Tabariy tarixini oʻqiganmisan?" — deb soʻragan. Majd ud-Davla „Ha“, — deb javob bergach, Gʻaznaviy unga: „Unda sening xatti-harakating ularni oʻqigan kishining ishiga oʻxshamaydi“, — degan ekan. Manbalarga koʻra, Majd ud-Davla Gʻaznaviylar poytaxti Gʻaznaga yuborilgan va oʻsha yerda vafot etgan. Uning oʻgʻillaridan biri Fano Xusrav keyingi yillarda Buvayhiylar hokimiyatini qayta tiklashga urinib koʻrgan, biroq bu yoʻlda muvaffaqiyatga erisha olmagan. Majd ud-Davlaning, shuningdek, Abu Dulaf ismli yana bir oʻgʻli boʻlgan.
Madaniyat X asr oxiridan 1029-yilgacha Ray ilm-fan markazi sifatida ravnaq topgan. Bunga qisman shaharning Buvayhiylar davlatining boshqa qismlaridan mustaqilligini saqlab qolgani hamda sulolaviy nizolarga faqat vaqti-vaqti bilan aralashgani sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Majd ud-Davlaning oʻzi ham ilm-maʼrifatga katta qiziqish bildirgan va ilm ahlini qoʻllab-quvvatlagan. Eronning gʻarbiy hududlarida uzoq vaqt davomida arab adabiyoti ustun mavqega ega boʻlgan. Biroq taxminan X asr oʻrtalaridan boshlab Xurosonda shakllangan fors adabiy harakati gʻarbiy viloyatlarda, jumladan, Majd ud-Davla saroyida ham tobora ommalasha boshlagan.
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Rayning buvayhiy amirlari Turkum:993-yilda tugʻilganlar Turkum:11-asrda vafot etganlar Turkum:10-asr eroniylari Turkum:10-asr Oʻrta Sharq monarxlari Turkum:11-asr Oʻrta Sharq monarxlari Turkum:Oʻrta asrlarning goʻdak monarxlari Turkum:Monarxlarning oʻgʻillari Turkum:11-asr eroniylari