Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi () — Oʻzbekistonda aralash jang sanʼatlarini rivojlantirish, sportchilarni tayyorlash hamda milliy va xalqaro MMA musobaqalaridagi ishtirokni muvofiqlashtiruvchi sport tashkiloti. Assotsiatsiya Xalqaro aralash jang sanʼatlari federatsiyasi — IMMAFning Oʻzbekistondagi aʼzo tashkiloti hisoblanadi. Assotsiatsiya 2019-yil 23-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Tashkilotning asosiy vazifalari havaskor va professional MMA sportchilarini tayyorlash, mamlakat chempionatlari va hududiy musobaqalarni oʻtkazish, murabbiylar hamda hakamlar malakasini oshirish va Oʻzbekiston terma jamoalarining xalqaro musobaqalardagi ishtirokini taʼminlashdan iborat.

Tarixi

Tashkil etilishi Oʻzbekiston aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi 2019-yilda tashkil etilgan. Tashkilot 2019-yil 23-oktyabrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, Oʻzbekistonda MMAni rasman boshqaruvchi tashkilot sifatida faoliyat boshlagan. 2019-yil 10-noyabr kuni oʻtkazilgan assotsiatsiya yigʻilishida Otabek Umarov tashkilotning birinchi prezidenti etib saylandi. Assotsiatsiyaning ilk rahbariyati tarkibiga MMA jangchisi Murod Xontoʻrayev vitse-prezident va Zafar Qahramonov ijrochi direktor sifatida kirgan. Assotsiatsiya tashkil etilganidan keyin Toshkentda GFC-20 professional MMA turniri va mamlakat chempionati oʻtkazildi. GFC-20 turnirida rossiyalik sobiq UFC chempioni Xabib Nurmagomedov ham faxriy mehmon sifatida qatnashgan.

Xalqaro federatsiyalarga qoʻshilishi 2020-yil 9-fevral kuni Oʻzbekiston MMA assotsiatsiyasi IMMAF kengashi tomonidan tashkilotga kuzatuvchi maqomidagi yangi aʼzo sifatida qabul qilindi. Shu yigʻilish doirasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston vakillarini birlashtiruvchi Markaziy Osiyo MMA tuzilmasi shakllantirildi. Otabek Umarov yangi tuzilmaning rahbari etib saylandi. 2021-yilda Nukus shahrida assotsiatsiya va IMMAF ishtirokida aralash jang sanʼatlari boʻyicha birinchi Markaziy Osiyo chempionati tashkil etildi. Musobaqada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Ozarbayjondan jami 54 nafar sportchi qatnashgan. 2022-yilda Oʻzbekiston MMA assotsiatsiyasi Osiyo MMA federatsiyasini tashkil etgan milliy federatsiyalardan biri boʻldi.

2024-yilgi jahon chempionati 2024-yil 5—10-noyabr kunlari Toshkent shahrida IMMAF aralash jang sanʼatlari boʻyicha kattalar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati oʻtkazildi. Bu Oʻzbekiston mezbonlik qilgan birinchi IMMAF jahon chempionati edi. Chempionatda qariyb 70 mamlakatdan 800 ga yaqin sportchi ishtirok etdi. Oʻzbekiston 70 nafar sportchidan iborat eng katta terma jamoalaridan biri bilan qatnashdi va umumjamoa medallar jadvalida birinchi oʻrinni egalladi. Jahon chempionati vaqtida, 2024-yil 5-noyabr kuni Toshkentda Osiyo MMA federatsiyasining saylov konferensiyasi ham oʻtkazildi. Unda Osiyo mamlakatlarining milliy MMA federatsiyalari vakillari qatnashgan.

Rahbariyatning yangilanishi 2025-yil 8-oktyabr kuni assotsiatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻtkazildi. Konferensiyada Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpo'latov assotsiatsiya raisi etib bir ovozdan saylandi. Konferensiyada assotsiatsiya rahbariyati qayta shakllantirilib, hududiy boʻlimlar faoliyatini rivojlantirish, yosh sportchilarni saralash, murabbiy va hakamlar malakasini oshirish hamda xalqaro musobaqalarda ishtirokni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Assotsiatsiyaning hududiy boʻlimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Oʻzbekiston viloyatlarida MMA chempionatlari, saralash musobaqalari hamda oʻquv-seminarlarini tashkil etadi. Jumladan, 2025-yilda Namangan va Sirdaryo viloyatlarida kattalar va yoshlar oʻrtasida hududiy chempionatlar oʻtkazilgan. 2026-yilgi Osiyo chempionatlari

2026-yil 18—20-may kunlari Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida aralash jang sanʼatlari boʻyicha ikkinchi Osiyo yoshlar chempionati oʻtkazildi. Musobaqalar Modern MMA va Traditional MMA yoʻnalishlarida tashkil etildi.

22—24-may kunlari esa Toshkentda kattalar oʻrtasidagi toʻrtinchi Osiyo MMA chempionati boʻlib oʻtdi. Turnir Aichi–Nagoya 2026 Osiyo oʻyinlari va Yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari uchun rasmiy saralash musobaqasi sifatida oʻtkazildi.

Chempionat doirasida assotsiatsiya raisi Aziz Tashpulatov va Osiyo MMA assotsiatsiyasi prezidenti Gordon Tang oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, Osiyoda MMAni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish va sportchilar tayyorlash boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Osiyo oʻyinlaridagi ishtiroki

Aralash jang sanʼatlari 2026-yil 19-sentyabrdan 4-oktyabrgacha Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida oʻtkaziladigan XX yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga ilk bor medal sport turi sifatida kiritildi. MMA musobaqalari jangovar sport turlari tarkibida oltita yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilishi belgilandi.

2026-yil may oyida Toshkentda oʻtkazilgan Osiyo chempionati Aichi–Nagoya 2026 Osiyo oʻyinlari uchun rasmiy saralash musobaqalaridan biri boʻldi. Oʻzbekiston MMA terma jamoasi ushbu saralash musobaqasida qatnashdi.

Faoliyati

Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekistonda havaskor MMA musobaqalarini tashkil etish; milliy terma jamoalarni shakllantirish va xalqaro chempionatlarga tayyorlash; bolalar va yoshlar MMA sportini rivojlantirish; murabbiylar, hakamlar va boshqa sport mutaxassislarini tayyorlash; hududiy assotsiatsiyalar va sport klublari faoliyatini muvofiqlashtirish; MMA boʻyicha yagona sport qoidalari va xavfsizlik talablarini joriy etish; IMMAF hamda Osiyo MMA tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish; sportchilar orasida antidoping qoidalari va sport etikasi talablarini targʻib qilish.

Assotsiatsiya tomonidan murabbiylar va hakamlar uchun nazariy-amaliy seminarlar ham tashkil etiladi. Bunday seminarlarda sportchilarni tayyorlash, janglarni boshqarish, hakamlik, xavfsizlik va sport etikasi masalalari oʻrgatiladi.

Rahbarlari

№ Rahbar Lavozim Faoliyat davri Izoh 1 Otabek Umarov Prezident 2019—2020 Assotsiatsiya asoschisi va birinchi rahbari 2 Aziz Toshpoʻlatov Rais 2025-yildan 2025-yil 8-oktyabrda saylangan 3 Xojiakbar Xakimov Bosh kotib 2025-yildan 2025-yil 8-oktyabrda saylangan

Yana qarang Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekistonda sport

Manbalar

Havolalar Oʻzbekiston MMA assotsiatsiyasining IMMAFdagi profili Assotsiatsiyaning Instagram sahifasi Assotsiatsiyaning Facebook sahifasi Turkum:2019-yilda Oʻzbekistonda tashkil etilganlar Turkum:Oʻzbekiston sporti Turkum:Oʻzbekistonda Sport Federatsiyalari