„Wasted Love“ (oʻzbekcha: Isrof qilingan sevgi) — avstriyalik qoʻshiqchi JJ tomonidan ijro etilgan debyut singl. Qoʻshiq 2025-yil 6-martda chiqarilgan boʻlib, u JJning oʻzi, Teodora Špirić hamda Thomas Thurner tomonidan yozilgan. Ushbu tarona Shveysariyaning Bazel shahrida boʻlib oʻtgan Eurovision qoʻshiq tanlovi 2025da Avstriya sharafini himoya qilgan hamda 436 ball bilan tanlov gʻolibiga aylangan. Natijada, ushbu qoʻshiq Avstriya uchun Conchita Wurstning 2014-yildagi „Rise Like a Phoenix“ taronasi bilan qozongan gʻalabasidan keyingi birinchi gʻalabani taʼminlagan.
JJ ushbu qoʻshiqni oʻzining javobsiz muhabbat borasidagi shaxsiy kechinmalari hamda ogʻriq va goʻzallik oʻrtasidagi ziddiyatli his-tuygʻulari ifodasi deb taʼriflaydi. Qoʻshiq koʻplab tanqidchilar tomonidan ijobiy kutib olingan hamda uning musiqiy kompozitsiyasi va JJning vokal imkoniyatlari alohida eʼtirof etilgan. Tanlovdagi gʻalabadan soʻng „Wasted Love“ koʻplab mamlakatlarda tijoriy muvaffaqiyatga erishgan: Avstriya va Gretsiya chartlarida birinchi oʻrinni, Litva va Shveysariyada kuchli beshlikni, yana beshta mamlakatda esa kuchli oʻnlikni egallagan. Shuningdek, qoʻshiq IFPI Austria tomonidan oltin sertifikat bilan taqdirlangan.
Yaralish tarixi va kompozitsiyasi „Wasted Love“ qoʻshigʻi Johannes Pietsch (professional sifatida JJ nomi bilan tanilgan), Teodora Špirić (Teya nomi bilan tanilgan) va Thomas Thurner tomonidan yozilgan boʻlib, unga Thurner, Pele Loriano hamda Wojciech Kostrzewa prodyuserlik qilgan. Špirić avvalroq Salena bilan birgalikda „Who the Hell Is Edgar?“ qoʻshigʻi bilan Eurovision qoʻshiq tanlovi 2023da Avstriya nomidan ishtirok etgan edi. Kleine Zeitung nashrining xabar berishicha, qoʻshiq 2024-yilning yozida bir kun ichida yaratilgan. Qoʻshiq 2025-yil 6-martda ommaga taqdim etilgan.
Matbuotga bergan intervyularida JJ qoʻshiq uning 2024-yildagi javobsiz muhabbat borasidagi kechinmalaridan ilhomlanib yozilganini taʼkidlagan. U bu tuygʻuni „dengizda parchalanib ketayotgan nozik qogʻoz qayiqda suzish“ga oʻxshatgan. Shuningdek, u: „Bu begʻubor fidoyilikning oʻziga xos goʻzalligi bor. Oxir-oqibat, shunchaki sevish imkoniyatiga ega boʻlishning oʻzi goʻzal — bu sevgi isrof boʻladimi yoki yoʻqmi, buning ahamiyati yoʻq“, — deya qoʻshimcha qilgan. Keyinchalik oʻtkazilgan matbuot anjumanida u insoniyat uchun sevgi qanchalik muhimligini taʼkidlab: „Sevgi gʻalaba qozonadi. Men qoʻshigʻimda sevgi isrof boʻlishi haqida gapirganman, lekin baribir sevgi gʻolibdir. Sevgi tarqating, nafratni unuting, sevgi — eng qudratli kuchdir“, — deb aytgan.
Musiqiy video va targʻibot Qoʻshiq bilan birga Vesely Marek rejissyorligida suratga olingan musiqiy video ham oʻsha kunning oʻzida eʼlon qilingan. Video Avstriyaning turli joylarida, jumladan, Viener Noishtadt yaqinidagi qaragʻayzor, shoʻngʻish maktabi, Quyi Avstriyadagi studiya va Badendagi teatrda suratga olingan. Videoni suratga olish ishlari 2025-yil fevral oyida besh kun davom etgan. Rejissyor Marekning soʻzlariga koʻra, video besh pardaga boʻlingan boʻlib, unda „javobsiz muhabbatning chuqur tubiga boʻlgan vizual sayohat“ tasvirlangan. Videodagi lavhalardan birida JJ suvga qogʻoz qayiqcha qoʻygani va u asta-sekin choʻkib ketgani koʻrsatilgan.
Qoʻshiqni targʻib qilish maqsadida JJ 2025-yilning mart va aprel oylarida bir qator Eurovision partiyalarida, jumladan, 5-apreldagi „Eurovision in Concert“, 13-apreldagi „London Eurovision Party“ va 19-apreldagi „Pre-Party ES“ tadbirlarida ishtirok etgan. 11-aprelda JJ Eurovision qoʻshiq tanlovi 2014 gʻolibi Conchita Wurst bilan birgalikda „Wasted Love“ va „Rise Like a Phoenix“ qoʻshiqlarining duet mashupini taqdim etgan.
Tanqidiy qabul Die Presse nashridan Klemens Patek qoʻshiqni „ortiqcha yasama boʻlmagan, mukammal tarona“ deb atab, uning kupletlaridagi musiqiy tuzilishni yuqori baholagan. Der Standard vakili Ljubiša Tošić JJning vokal qobiliyatini va qoʻshiqning yuqori energiyali kompozitsiyasini eʼtirof etib, u „qoʻshiq tanlovi uchun eng mos keladigan asar“ ekanligini taʼkidlagan. Avstriyalik sharhlovchi Andi Knoll qoʻshiqning klassik musiqiy tuzilishini „nihoyatda avstriyacha“ deb atagan hamda uni „uch daqiqalik opera“ga qiyoslagan.
Xalqaro miqyosda ham qoʻshiq ijobiy baholangan. Wiwibloggs hayʼati qoʻshiqqa 10 balldan 7.87 ball berib, uni oʻsha yilgi tanlovning 37 ta qoʻshigʻi ichida beshinchi oʻringa loyiq koʻrgan. „ESC Beat“ nashridan Doron Lahav qoʻshiqni toʻrtinchi oʻringa qoʻyib: „Bu joriy yilda gʻoliblik ruhini bergan sanoqli qoʻshiqlardan biri boʻldi“, — deya fikr bildirgan.
Eurovision qoʻshiq tanlovi 2025
Ichki tanlov Avstriyaning ORF teleradiokompaniyasi 2024-yil 7-sentyabrda Eurovision 2025 tanlovida ishtirok etishini hamda vakilni ichki saralash orqali aniqlashini rasman eʼlon qilgan. 2024-yil oktyabr oyida ORF studiyalarida oʻtkazilgan kastingdan soʻng yetti nafar ijrochining sakkizta qoʻshigʻi saralab olingan. 2025-yil 30-yanvarda ORF JJ (Johannes Pietsch) tomonidan ijro etilgan „Wasted Love“ qoʻshigʻi mamlakat vakili sifatida tanlanganini eʼlon qilgan.
Tanlovda Eurovision qoʻshiq tanlovi 2025 Shveysariyaning Bazel shahridagi „St. Jakobshalle“ arenasida boʻlib oʻtgan. Avstriya 15-may kuni oʻtkazilgan ikkinchi yarim finalda oltinchi boʻlib chiqish qilgan hamda 104 ball bilan beshinchi oʻrinni egallab, finalga yoʻllanma olgan.
17-may kuni boʻlib oʻtgan finalda JJ toʻqqizinchi boʻlib sahnaga chiqqan. Natijalar eʼlon qilingach, JJ hakamlar hayʼatidan 258 ball va tomoshabinlardan 178 ball, jami 436 ball toʻplagan holda tanlov gʻolibiga aylangan. Bu Avstriyaning tanlov tarixidagi uchinchi gʻalabasi edi.
Gʻalaba haqidagi munosabatlar The Guardian nashrining jonli blogida Martin Belam qoʻshiqdagi janr oʻzgarishini yuqori baholagan va uni oʻzining „barcha davrlardagi Eurovision hitlari“ pleylistiga qoʻshganini aytgan. Ispaniyaning El Mundo nashri vakili Andrea M. Rosa del Pino JJning „tengsiz ovozi“ni eʼtirof etib, chiqish yakunida tomoshabinlarning hayqiriqlari juda baland boʻlganini taʼkidlagan.
Mukofotlar va nominatsiyalar Yil Mukofot Turkum Natija Manba 2025 OUTmusic Award Yilning Eurovision qoʻshigʻi 2026 Amadeus Austrian Music Awards Ö3 Yil qoʻshigʻi
Trek-list Raqamli yuklab olish / striming „Wasted Love“ – 2:44
Raqamli yuklab olish / striming – Cyril remiksi „Wasted Love“ (Cyril remix) – 2:24
Chartlar Haftalik chartlar Chart (2025) Eng yuqorioʻrin Avstriya (Ö3 Austria Top 40) 1 Belgiya (Ultratop 50 Flandriya) 28 Finlandiya (Suomen virallinen lista) 10 Germaniya (Official German Charts) 13 Gretsiya International (IFPI Greece) 1 Islandiya (Tónlistinn) 10 Litva (AGATA) 5 Shveysariya (Schweizer Hitparade) 3 Birlashgan Qirollik (UK Singles Chart) 53
Manbalar
Turkum:2025-yil qoʻshiqlari Turkum:2025-yil singllari Turkum:Eurovision qoʻshiq tanlovi gʻoliblari Turkum:Avstriya qoʻshiqlari Turkum:Ingliz tilidagi qoʻshiqlar Turkum:Avstriya chartlarida birinchi oʻrinni egallagan singllar Turkum:Gretsiya chartlarida birinchi oʻrinni egallagan singllar Turkum:Teodora Špirić yozgan qoʻshiqlar