Dmitriy Andreyevich Muratov– rossiyalik jurnalist, teleboshlovchi va Rossiyaning Novaya gazeta nashri sobiq bosh muharriri. U „demokratiya va mustahkam tinchlikning zaruriy sharti boʻlgan soʻz erkinligini himoya qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun“ Maria Ressa bilan birgalikda Tinchlik boʻyicha 2021-yilgi nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Muratov 1993-yilda jurnalistlar bilan birgalikda demokratiya tarafdori boʻlgan Novaya Gazeta gazetasiga asos solgan. U 1995-yildan 2017-yilgacha ushbu nashrning bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan hamda 2019-yilda yana shu lavozimni egallagan. Gazeta hukumatdagi korrupsiya, inson huquqlarining buzilishi, saylovlardagi soxtalashtirishlar, politsiya zoʻravonligi va hokimiyatdan notoʻgʻri foydalanish kabi nozik mavzularni yoritishi bilan tanilgan. Bosh muharrir sifatida mustaqil matbuotning faol himoyachisi boʻlgan va Anna Politkovskayaning Putin maʼmuriyatini tanqid qilgan maqolalarini nashr etgan. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi maʼlumotlariga koʻra, Muratov „bugungi kunda Rossiyada milliy nufuzga ega boʻlgan yagona chinakam tanqidiy gazeta“ yaratishga yordam bergan. 2022-yil 28-martda Rossiyaning Ukrainaga bosqini paytida gazeta Roskomnadzordan ikkinchi ogohlantirish olganidan keyin onlayn va bosma faoliyatini toʻxtatishini eʼlon qildi.

2023-yil 1-sentyabrda Muratov Rossiya hukumati tomonidan xorijiy agent deb eʼlon qilindi.

Hayoti va taʼlimi Dmitriy Muratov 1961-yil 29-oktyabrda Kuybishev shahrida rus oilasida tugʻilgan. U besh yil davomida Kuybishev (hozirgi Samara) davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi va u yerda jurnalistikaga qiziqishi paydo boʻldi. Kollejda oʻqib yurganida mahalliy gazetalar bilan aloqa oʻrnatdi va jurnalistikada yarim kunlik ish bilan shugʻullandi. 1983-yildan 1985-yilgacha universitetni tugatgandan soʻng Sovet Armiyasida aloqa uskunalari xavfsizligi boʻyicha mutaxassis sifatida xizmat qilgan. U Sovet-Afgʻon urushida ham qatnashgan.

Mukofot va unvonlari Muratov Tinchlik boʻyicha 2021-yilgi nobel mukofotiga filippinlik Maria Ressa bilan birga „demokratiya va barqaror tinchlik sharti boʻlgan soʻz erkinligini himoya qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun“ sazovor boʻldi. Nobel mukofoti qoʻmitasi „Novaya gazeta“ning korrupsiya, politsiya zoʻravonligi, noqonuniy hibsga olishlar, saylovlardagi firibgarlik va „trollar fabrikalari“dan tortib, Rossiya ichida va tashqarisida Rossiya harbiy kuchlaridan foydalanishgacha boʻlgan mavzulardagi „tanqidiy maqolalarini“ alohida olqishladi . Nobel mukofoti qo‘mitasi Muratovni mukofotlagani, biroq qamoqqa olingan Rossiya muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni mukofotlamagani uchun tanqid qilindi. Bu qoʻmitaning Rossiyadagi „joriy siyosiy jarayondan maksimal darajada uzoqlashishga“ urinishi sifatida baholandi. Kreml Muratovni Nobel mukofotini qoʻlga kiritgani bilan tabrikladi. Muratovning aytishicha, agar tanlov uning ixtiyorida boʻlganida, mukofotni Aleksey Navalniyga bergan boʻlardi.

Manbalar

Turkum:1961-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Novaya Gazeta Turkum:Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari