thumb|Eshitish moslamasi Yordamchi texnologiya — nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun moʻljallangan yordamchi, moslashtiruvchi va reabilitatsiya qurilmalarini ifodalovchi atama. Nogironligi boʻlgan insonlar koʻpincha kundalik hayot faoliyatini mustaqil ravishda yoki hatto yordam bilan bajarishda qiyinchiliklarga duch keladi. Kundalik hayot faoliyatiga oʻziga gʻamxoʻrlik qilish mashgʻulotlari, jumladan, hojatga chiqish, harakatlanish (yurish), ovqatlanish, choʻmilish, kiyinish, pardoz qilish va shaxsiy qurilmalarga qarash kiradi. Yordamchi texnologiyalar ushbu kundalik faoliyatni bajarish qobiliyatini cheklaydigan nogironlik oqibatlarini yumshatishi mumkin. Yordamchi texnologiya insonlarga ilgari bajara olmagan yoki bajarishda katta qiyinchilikka duch kelgan vazifalarni bajarish imkonini berish orqali koʻproq mustaqillikni taʼminlaydi. Bunga texnologiyani takomillashtirish yoki u bilan oʻzaro aloqa qilish usullarini oʻzgartirish orqali erishiladi. Masalan, nogironlik aravachalari yura olmaydigan insonlar uchun mustaqil harakatlanishni taʼminlasa, yordamchi ovqatlanish qurilmalari mustaqil ovqatlanolmaydigan insonlarga bu ishni amalga oshirish imkonini beradi. Yordamchi texnologiyalar tufayli nogironligi boʻlgan insonlar „ijtimoiy ishtirok“, „xavfsizlik va nazorat“ ortishi hamda „uy xoʻjaligi xarajatlarini sezilarli darajada oshirmasdan, shifoxona xarajatlarini kamaytirish“ imkoniyati bilan ijobiyroq va qulay turmush tarziga ega boʻladi. Maktablarda yordamchi texnologiyalar nogironligi boʻlgan oʻquvchilarning umumiy taʼlim dasturlaridan foydalanishini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. Masalan, yozish yoki klaviaturada ishlashda qiyinchilikka duch keladigan oʻquvchilar buning oʻrniga nutqni aniqlash dasturidan foydalanishlari mumkin. Yordamchi texnologiyalar insultdan keyin sogʻayayotgan insonlarga va kundalik vazifalariga taʼsir qiluvchi jarohat olgan shaxslarga yordam beradi.

Hindistonda doktor Edmond Fernandes boshchiligidagi Edvard va Sintiya Jamoat salomatligi instituti tomonidan oʻtkazilgan hamda JSSTning SEARO jurnalida chop etilgan soʻnggi tadqiqot shuni koʻrsatadiki, keksa yoshdagi insonlarning funksional qiyinchiliklariga qaratilgan geriatrik parvarish siyosati asosiy yoʻnalishga aylantirilishi kerak. Yordamchi texnologiyalar uchun shaxsiy mablagʻ hisobidan qilinadigan xarajatlarni hal qilishda esa ijtimoiy himoya boʻyicha davlat dasturlariga tayanish zarur boʻladi.

Moslashuvchan texnologiya Moslashuvchan texnologiya va yordamchi texnologiya bir-biridan farq qiladi. Yordamchi texnologiya nogironligi boʻlgan insonlarga yordam berish uchun ishlatiladigan har qanday narsa. Moslashuvchan texnologiya esa yanada ixtisoslashgan, faqat nogironligi boʻlgan insonlar uchun loyihalashtirilgan va nogironligi boʻlmagan kishilar tomonidan deyarli qoʻllanilmaydigan buyumlarni qamrab oladi. Boshqacha aytganda, yordamchi texnologiya nogironligi boʻlgan, ayrim hollarda esa nogironligi boʻlmagan insonlarga yordam beruvchi har qanday obyekt yoki tizimdir, moslashuvchan texnologiya esa aynan nogironlar uchun maxsus yaratilgan boʻladi. Shunga koʻra, moslashuvchan texnologiya yordamchi texnologiyaning bir qismi (ost toʻplami) hisoblanadi. Moslashuvchan texnologiya koʻpincha elektronika va axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlariga tegishli boʻladi.

Ekzoskeletlar Quvvatlantiriluvchi ekzoskelet — bu elektr motorlar, pnevmatika, richaglar, gidravlika yoki oyoq-qoʻllarning harakatini oshirilgan kuch va chidamlilik bilan taʼminlovchi texnologiyalar kombinatsiyasi tizimi orqali ishlaydigan kiyiladigan mobil mashina. Uning dizayni belni qoʻllab-quvvatlashga, foydalanuvchining harakatini sezishga va uzatmalarni boshqaradigan motorlarga signal yuborishga qaratilgan. Ekzoskelet yelka, bel va sonni tutib turadi hamda ogʻir buyumlarni koʻtarish va ushlab turishda harakatga yordam berib, beldagi zoʻriqishni kamaytiradi.

Moslashuvchan oʻtirish Muvozanat va motorika funksiyasi bilan bogʻliq muammolari bor insonlar koʻpincha xavfsiz va mustahkam oʻtirish yoki turish uchun maxsus jihozlarga muhtoj boʻladi. Bu jihozlar koʻpincha sinfxona yoki qariyalar uyi kabi muayyan sharoitlar uchun ixtisoslashtiriladi. Oʻtirish tartibida joylashtirish koʻpincha foydalanuvchi tanasining bosimi kerakli harakatga toʻsqinlik qilmagan holda teng taqsimlanishini taʼminlash uchun muhimdir.

Manbalar

Adabiyotlar

Assistive Technology in Education: A Teacher’s Guide , Amy Foxwell, 15 February 2022.

Havolalar WHO fact sheet on assistive technology Turkum:Yordamchi texnologiya Turkum:Taʼlim texnologiyasi