Anna Sisková (1-iyul 2001-yilda tugʻilgan) — chexiyalik tennischi. WTA reytingida yakkalik yoʻnalishida 227-oʻrin, juftlik yoʻnalishida 53-oʻrinni egallagan. WTA Challenger Tour musobaqalarining juftlik bahslarida ikki marta chempionlikka sazovor boʻlgan. Shuningdek, ITF Womenʼs Circuit musobaqalari yakkalik yoʻnalishida 7 ta va juftlik yoʻnalishida 28 ta unvonni qoʻlga kiritgan.

Shaxsiy hayoti Anna Siskováning onasi Kateřina Sisková ham professional tennischi boʻlgan.

Sport faoliyati Sisková oʻzining ilk yirik unvonini 2021-yilgi ITS kubogi musobaqasi juftlik bahslarida qoʻlga kiritgan. Sovrin jamgʻarmasi $60 minglik turnirda Jessie Aney bilan birga juftlik bahsida ishtirok etgan.

2023-yil yanvarida ular Estoniyaning Tallin shahrida oʻtkazilgan musobaqaning juftlik bahslarida chempion boʻlishdi. 2023-yil iyulida sportchi Jessie Aney bilan birga WTA tur doirasida 2023-yilgi Budapesht Grand Prix turnirida ilk bor juftlik bahslari finaliga chiqdi, ammo final bahsida Katarzyna Piter va Fanny Stollárga oʻyinni boy berdi. Sisková, shuningdek, yakkalik yoʻnalishi boʻyicha asosiy toʻr bahslarida Evgeniya Rodinaga qarshi oʻyinida oʻzining ilk gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

Sportchi yakkalik yoʻnalishida saralash bosqichidan oʻtib, 2023-yilgi Polsha Ochiq turnirida 1/8 finalga chiqdi. Avval Sinja Krausni magʻlub etdi, soʻng Maja Chwalińskaga oʻyinni boy berdi. Xuddi shu oyda Přerovda boʻlib oʻtgan sovrin jamgʻarmasi $60 minglik turnirda Sapfo Sakellaridi bilan birga juftlik bahslarida ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. 2023-yil sentyabr oyida Sisková Katarzyna Kawa bilan juftlik yasab, WTA Challenger tasnifidagi Open delle Puglie turnirida ilk bor oʻzining juftlik yoʻnalishidagi unvonini qoʻlga kiritdi. Bu natija uni WTA tasnifi juftlik yoʻnalishi reytingida ilk bor top-100 talikka kirishiga sabab boʻldi.

Miriam Kolodziejová bilan juftlik boʻlgan Sisková 2024-yilgi WTA 125 La Bisbal d’Emporda turnirida final bahsiga qadar yetib keldi. Biroq Timea Babos va Dalma Gálfi juftligi final oʻyinidan chekinganidan soʻng ular musobaqa gʻolibligini qoʻlga kiritdi.

Sisková Katta dubulgʻa musobaqalaridagi debyut ishtirokini 2024-yilgi Fransiya Ochiq turnirida (yana Miriam Kolodziejová bilan) amalga oshirdi va rossiyalik raketka ustalari Ekaterina Alexandrova hamda Anastasia Pavlyuchenkovani magʻlub etdi. Biroq yakunda chempionlikni qoʻlga kiritgan sportchilar Katerina Siniakova va Coco Gauffga qarshi oʻyinni boy berdi.

Manbalar

Havolalar

Turkum:2001-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Chexiyalik ayol tennischilar Turkum:21-asr chexiyalik ayol sportchilar