Bahriye Üçok (1919-yil, Trabzon — 1990-yil 6-oktabr, Anqara) — turkiyalik siyosatchi, ilohiyotshunos olima, ayollar huquqlari faoli va publitsist. Uning 1990-yilda sodir etilgan qotilligi hanuzgacha ochilmagan.

Turkiyadagi ilk ayol ilohiyotshunoslardan biri sifatida Turkiyada islom tarixi, islomda ayolning oʻrni va dunyoviylik (sekulyarizm) masalalarini tadqiq qilgan.

1971-yildan boshlab siyosatga kirib kelgan Bahriye Üçok respublikachi senator va parlament aʼzosi sifatida 1990-yilgacha faoliyat yuritgan. Faoliyati davomida sekulyarizm, diniy reaktsion kuchlar va diniy muammolar masalalarini koʻtarib chiqqan. Yoshligi va taʼlimi

Bahriye Üçok 1919-yil 10-mayda Trabzon shahrida Mehmet va Nadire Bektaşŏğlu oilasida tugʻilgan.

Boshlangʻich va oʻrta taʼlimni Orduda olgan, shuningdek Istanbuldagi Kandilli qizlar litseyini tamomlagan.

Bahriye Üçok toʻrt yil davomida bir vaqtning oʻzida Anqaradagi Anqara universiteti Til, tarix va geografiya fakultetining oʻrta asr turk-islom tarixi kafedrasida hamda shu universitetning Davlat konservatoriyasining opera boʻlimida tahsil olgan.

Har ikkala yoʻnalishni tugatgach, fakultet kutubxonasida ish yurituvchi lavozimiga nomzod sifatida ishlagan. 1942-yil 26-oktabrda Samsun oʻrta maktabiga tarix oʻqituvchisi stajyori etib tayinlangan, 1944-yil dekabrda esa Anqaradagi 4-oʻrta maktabda tarix va geografiya oʻqituvchisi boʻlib ishlay boshlaganr.

1953-yilda Bahriye Üçok Anqaradagi Oliy savdo maktabida ish boshlagan. Shu yil 16-noyabrda oʻrta maktabdagi ishini tark etib, Anqara universiteti ilohiyot fakultetining islom tarixi kafedrasiga assistent etib tayinlangan.

Bahriye Üçok ushbu fakultetdagi birinchi ayol oʻqituvchi va Turkiyadagi ilk ayol ilohiyotshunos boʻlgan. 1954-yil 28-sentabrdan boshlab doimiy assistent lavozimiga oʻtgan. Akademik faoliyati

Bahriye Üçok 1957-yilda „İslam Tarihinde İlk Sahte Peygamberler“ nomli doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Ushbu ilmiy ishida hijratning dastlabki oʻn yilida yuz bergan islomga qarshi harakatlarni tahlil qilib, islomga qarshi kurashning siyosiy va ijtimoiy sabablarini izohlagan.

Soxta paygʻambarlar harakati islom tarixiga ikki ijobiy va bir salbiy taʼsir koʻrsatganini taʼkidlaydi. Uning fikricha, bu harakatlarga qarshi kurash Muhammad vafotidan keyin muhojirlar va ansorlar oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklarning oldini olgan hamda bir qabila ichidagi musulmon va nomusulmonlarning qarama-qarshi tomonlarda jang qilishiga toʻsqinlik qilgan. Shu bilan birga, bu jarayon islomning tarqalishiga maʼlum darajada yordam bergan boʻlsa-da, vaqtincha uning yoyilish sur’atini sekinlashtirgan. 1961-yil 1-sentabrda malaka oshirish uchun Fransiyaga yuborilgan. Bir yildan soʻng Anqara universiteti ilohiyot fakultetidagi faoliyatiga qaytgan va 1964-yil 4-dekabrda „Islom davlatlarida ayol hukmdorlar“ mavzusidagi ishi bilan dotsent ilmiy unvonini olgan.

Ushbu ishida tarixda davlat boshqaruvida faol ishtirok etgan ayollar haqida yozgan va Sabo malikasi, Ataliya, Kleopatra hamda Zenobiya kabi hukmdor ayollarni misol keltirgan. Asarda islom olamidagi ayol hukmdorlar faoliyati, shuningdek Yevropadagi ayollar misolida ham tahlil qilingan.

1967-yilda Bahriye Üçok oʻz doktorlik dissertatsiyasini kengaytirib, „İslam Devletlerinde Türk Nâibeler ve Kadın Hükümdarlar“ nomi bilan qayta nashr ettirgan. Shu yili „Islom davlatlarida ayrim noibalar“ nomli maqolasi chop etilgan boʻlib, u ayollarning tarix davomida islom jamiyatidagi oʻrni haqidagi tadqiqotining davomi hisoblanadi.

Mazkur maqolada ayollarning ijtimoiy va shaxsiy hayotga taʼsirini tahlil qilib, ayrim yevropalik olimlar ayollarning faqat haramda yashagan, jamiyatdan ajratilgan degan notoʻgʻri tasavvurga ega boʻlganini tanqid qilgan. Shuningdek, Xristian Bartolomening Sosoniylar davlatida ayollarga keng huquqlar berilishi imperiyaning tanazzuliga olib kelgan degan fikrini ham rad etgan.

2021-yilgi tadqiqotlarga koʻra, Turkiyada ayollar va din masalasini ilmiy jihatdan ilk bor chuqur yoritgan shaxs aynan Bahriye Üçokdir. Manbalar

Turkum:1919-yilda tugʻilganlar Turkum:Anqara universiteti bitiruvchilari Turkum:Turkiyalik ayol tarixchilar Turkum:XX asr tarixchilari Turkum:Turkiyalik sotsiologlar Turkum:Turkiyalik ayol jurnalistlar