Al-malik al-Mansur Alouddin Ali ibn Shaʼbon ibn Husayn ibn Muhammad ibn Qalavun (1368 – 19-may 1381), Al-Mansur Ali II nomi bilan yaxshiroq tanilgan, 1377–1381-yillarda hukmronlik qilgan mamluk sultoni edi. U taxtga hali bola paytida, yirik mamluk amirlari tomonidan, uning otasi sulton Al-Ashraf Shaʼbonni (1361–1377-yillarda hukmronlik qilgan) agʻdarib oʻldirishgach oʻtqazilgan. Al-Mansur Ali nomigagina sulton edi, haqiqiy hokimiyat yirik amirlar, eng avvalo Barquq qoʻlida boʻlgan. Al-Mansur Ali hukmronligining toʻrtinchi yilida vafot etgan va uning oʻrniga ukasi As-Solih Hojji oʻtirgan, ammo haqiqiy hokimiyat Barquq qoʻlida qolgan va u 1382-yilda taxtni tortib olgan.
Tarjimai holi Al-Mansur Ali 1368-yilda Qohirada tugʻilgan. Uning otasi sulton Al-Ashraf Shaʼbon (1363–1377-yillarda hukmronlik qilgan), onasi esa mamluk amirining qizi Xavand bint Manklibugʻa edi. Al-Mansur Alining yetti aka-ukasi hamda olti singlisi bor edi. Uning aka-ukalari Abu Bakr (v. 1400), Ahmad (1381-yildan oldin vafot etgan), Ramazon (1381-yildan oldin vafot etgan), Qosim (1381-yildan oldin vafot etgan), Ismoil (vafoti 1395) va Hojji (vafoti 1412) edi. Mamluk davri manbalarida tilga olingan singillari Xadicha (1422/1423-yillar oraligʻida vafot etgan) va Fotima (vafoti 1432) edi.
Al-Ashraf Shaʼbon 1377-yil mart oyida mamluk qoʻzgʻolonida oʻldirilgan va isyonchi mamluk amirlari yosh bola boʻlgan Al-Mansur Alini sulton qilib taxtga oʻtqazadilar. Isyonchilar oʻrtasidagi hokimiyat kurashi chogʻida, nisbatan past martabali boʻlgan va 1366-yilda vafot etgan amir Yalbugʻa al-Umariyning mamluklari boʻlgan ikki amir – Barquq va Baraka – Al-Mansur Alining valiylariga aylanadilar. Barquq Al-Ashraf Shaʼbonga qarshi boʻlgan mamluk qoʻzgʻolonida qatnashgan va 1378-yilda Al-Mansur Ali tomonidan rasmiy ravishda atabeg al-asakir (bosh qoʻmondon) lavozimiga tayinlangan. Odatda sultonlar xazina mablagʻiga erkin kira olgan boʻlsalar-da, Al-Mansur Alining daromadi kunlik nafaqa bilan cheklangan edi. Al-Mansur Ali 1381-yil 19-mayda vafot etdi, va agar boshqa yirik amirlarning qattiq eʼtirozlari boʻlmaganida, Barquq sultonlikni egallab, 1277-yildan beri hokimiyatda boʻlgan Qalavuniylar sulolasiga yakun yasagan boʻlar edi. Buning oʻrniga, Al-Mansur Ali taxtda toʻqqiz yoshda boʻlgan ukasi As-Solih Hojji bilan almashtirilgan. Barquq taxt ortidagi haqiqiy hokim sifatida qolib, nihoyat 1382-yil noyabrda As-Salih Hojjini agʻdarib, sultonlikni tortib oladi.
Manbalar
Turkum:1368-yilda tugʻilganlar Turkum:1381-yilda vafot etganlar Turkum:14-asr mamluk sultonlari Turkum:Bahriy sultonlar Turkum:Qalavuniylar sulolasi