Perfect Blue (, Pāfekuto Burū) – 1997-yilda yaratilgan yapon animatsion psixologik dahshatli film boʻlib, unga Satoshi Kon rejissyorlik qilgan. Film Yoshikazu Takeuchining Perfect Blue: Complete Metamorphosis (パーフェクトブルー:完全変態, Pāfekuto Burū: Kanzen Hentai) nomli romaniga asoslangan boʻlib, ssenariyni Sadayuki Murai yozgan. Filmga Junko Iwao, Rica Matsumoto, Shiho Niiyama, Masaaki Okura, Shinpachi Tsuji va Emiko Furukawa ovoz bergan. Syujet yapon idol guruhining aʼzosi boʻlgan Mima Kirigoe haqida: u musiqiy faoliyatni tark etib, aktyorlik yoʻlini tanlaydi. Ammo shu paytdan boshlab uni ashaddiymuxlisi taʼqib qiladi, atrofida vahshiyona qotilliklar sodir boʻla boshlaydi va Mima asta-sekin haqiqat bilan xayol oʻrtasidagi chegarani yoʻqota boshlaydi. Film fantaziya va reallikning qorishib ketishi mavzusini yoritadi. Bu Satoshi Konning Millennium Actress (2001), Paranoia Agent (2004) va Paprika (2006) kabi boshqa asarlarida ham uchraydigan asosiy falsafiy gʻoya hisoblanadi.
Perfect Blue tanqidchilar tomonidan yuksak baholangan va hozirda animatsiya sanʼatining durdonasi hamda eng yaxshi anime filmlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
Syujeti Mima Kirigoe mashhur yapon J-pop guruhi CHAM! tarkibidan chiqib, toʻliq aktyorlik faoliyatiga oʻtishga qaror qiladi. Uning bu qarori koʻplab muxlislar orasida norozilik uygʻotadi, ayniqsa, Me-Mania ismli ashaddiy muxlisi uni taʼqib qila boshlaydi. Bir kuni muxlislaridan biri yuborgan maktubdagi koʻrsatmaga amal qilib, Mima „Mimaʼs Room“ nomli veb-saytni topadi. Saytda uning nomidan yozilgan kundaliklar joylashtirilgan boʻlib, ular qoʻshiqchining hayoti va shaxsiy fikrlarini gʻayrioddiy aniqlikda tasvirlaydi. Mima bu holatdan qoʻrqib, sobiq pop yulduz va hozirda menejeri boʻlgan Rumi Hidakaga murojaat qiladi. Rumi unga saytdagi yozuvlarni eʼtiborsiz qoldirishni, bunga ahamiyat bermaslikni maslahat beradi. Mima oʻzining yangi aktyorlik faoliyatidagi ilk kichik rolni „Double Bind“ nomli detektiv teleserialida oladi. Ammo uning agenti Tadokoro prodyuserlar bilan muzokara olib borib, unga kattaroq rol olishga erishadi. Biroq bu rol Mimani jinsiy tajovuz sahnasida suratga tushishga majbur qiladi. Rumi bunga keskin qarshi chiqsa-da, Mima professional faoliyatini rivojlantirish uchun bu sahnada qatnashishga rozi boʻladi. Biroq suratga olish jarayoni unga ruhiy zarba beradi. U oʻzini haqiqatan ham tajovuzga uchragandek his qiladi. Serial suratga olinayotgan paytda ortib borayotgan stress, CHAM! guruhini tark etganidan qolgan pushaymonlik va taʼqibchi muxlis sababli paydo boʻlgan qoʻrquv Mimani tobora koʻproq siqadi. U ikki xil hayot – sahnadagi obraz va real hayoti oʻrtasidagi chiziqni yoʻqota boshlaydi. Tez orada Mimada psixoz holati yuzaga keladi. U haqiqat bilan xayolni ajrata olmay qoladi va tez-tez oʻzining sobiq „idol“ qiyofasidagi tasvirini koʻra boshlaydi. Bu soxta „Mima“ unga qarab: „Men haqiqiy Mimaman“, deb aytadi.
Mimaning aktyorlik faoliyati bilan bogʻliq shaxslarga qarshi bir qator qotilliklar sodir etiladi. Oradan koʻp oʻtmay Mima oʻz javonidan uni asosiy gumondor sifatida koʻrsatuvchi dalillarni topadi. Uning tobora zoʻrayib borayotgan ruhiy beqarorligi tufayli oʻz xotiralari va aybsizligiga shubha qila boshlaydi. U fotograf Muranoni, undan yalangʻoch suratga tushishga ruxsat soʻraganidan soʻng, shafqatsizlarcha oʻldirganini gʻira-shira eslay boshlaydi. Mima „Double Bind“ filmida suratga tushishni yakunlaydi. Filmning soʻnggi sahnasida uning qahramoni psixologik jarohat oqibatida yuzaga kelgan dissotsiativ shaxsiyat buzilishi sababli singlisini oʻldirib, uning shaxsiyatini oʻzlashtirgani maʼlum boʻladi. Suratga olish jamoasi studiyani tark etgach, Me-Mania „haqiqiy Mima“ning elektron xatidagi koʻrsatmalariga binoan „soxta Mima“ni yoʻq qilish uchun uni burchakka qisib, zoʻrlash va oʻldirishga urinadi. Biroq Mima uni bolgʻa bilan urib qochib ketishga erishadi. Keyinchalik, Mimani oʻldira olmagani uchun Me-Manianing oʻzi „haqiqiy Mima“ tomonidan qatl etiladi.
Manbalar
Turkum:1997-yil filmlari Turkum:1990-yillar yapon filmlari Turkum:1997-yilgi anime filmlari Turkum:Rejissyorlar debyut filmlari