Paprika (, Papurika) – 2006-yilda yaratilgan, kattalar uchun moʻljallangan syurrealistik ilmiy-fantastik anime filmi boʻlib, unga Satoshi Kon rejissyorlik qilgan va Seishi Minakami bilan hamkorlikda ssenariysini yozgan. Film Yasutaka Tsutsuining 1993-yilda yozilgan shu nomli romaniga asoslangan. Filmga Megumi Hayashibara, Tōru Emori, Katsunosuke Hori, Tōru Furuya, Akio Otsuka, Koichi Yamadera va Hideyuki Tanaka ovoz bergan. Syujet nomaʼlum „tush terrorchisi“ atrofida aylanadi. U boshqalarning tushlariga kirishga imkon beruvchi maxsus qurilmani oʻgʻirlab, insonlarda dahshatli tushlar uygʻotadi. Shu bilan birga, filmda psixolog olim Dr. Atsuko Chiba va uning ongida yashovchi „tush detektivi“ Paprika obrazi oʻrtasidagi qarama-qarshilik tasvirlanadi.

Paprika Satoshi Konning 2010-yildagi vafotidan avval suratga olgan soʻnggi toʻliq metrajli filmi hisoblanadi. Ssenariy muallifi Seishi Minakami avval Konning mashhur seriali Paranoia Agent (2004) uchun ham ishlagan. Personajlar dizayneri va animatsiya rejissyori Masashi Ando. Musiqa Konning doimiy hamkori Susumu Hirasawa tomonidan yaratilgan, badiiy rahbar esa Konning barcha loyihalarida ishlagan Nobutaka Ike boʻlgan. Film Madhouse studiyasi tomonidan animatsiya qilingan va ishlab chiqilgan.

Film ilk bor 63-Venetsiya xalqaro kinofestivalida namoyish etilib, Golden Lion („Oltin sher“) mukofoti uchun nomzod boʻlgan. U Yaponiyada 2006-yil 25-noyabr kuni chiqqan va tanqidchilar tomonidan yuksak eʼtirof etilgan. Syujeti Yaqin kelajakda yaratilgan DC Mini nomli yangi qurilma yordamida odamlarning tushlarini koʻrish imkoniyati paydo boʻladi. Ushbu davolash texnologiyasi ustida ishlayotgan guruh rahbari Dr. Atsuko Chiba qurilmadan ruxsatsiz foydalanib, tadqiqot markazidan tashqarida ruhiy muammolarga duchor bemorlarga yordam bera boshlaydi. Buning uchun u oʻzining tushlardagi boshqa „men“i — Paprika nomli detektiv qiyofasiga kiradi. Atsukoning eng yaqin hamkasblari – boʻlim boshligʻi Dr. Toratarō Shima va DC Mini qurilmasining ixtirochisi Dr. Kōsaku Tokita hisoblanadi.

Paprika oʻzining mijozlaridan biri detektiv Toshimi Konakawaga yordam beradi. U har kecha bir xil takrorlanadigan tushdan aziyat chekadi. Bu tushi oʻzining sobiq hamkasbi va hozirda u tergov qilayotgan qotillik ishidagi jabrlanuvchibilan bogʻliq. Paprika unga ustida veb-sayt manzili yozilgan tashrif qogʻozi beradi; sayt orqali Toshimi bir bar sahifasiga kiradi va u yerda yana Paprika bilan uchrashadi. U Paprika bilan suhbatda internetni tushlar olamiga oʻxshash hodisa sifatida tasvirlaydi. Bu orada kompaniya rahbari Dr. Seijirō Inui bilan uchrashuv chogʻida uchta DC Mini prototipi oʻgʻirlanishi masalasi muhokama qilinadi. Kutilmaganda, Dr. Toratarō Shima gʻalati, mantiqsiz soʻzlarni ayta boshlaydi va oʻzini derazadan tashlab yuboradi va oʻlishiga bir bahya qoladi. Keyinchalik Shimaning tushini tahlil qilganlarida, unda turli-tuman, mantiqsiz buyumlar ishtirok etgan parad sahnasi namoyon boʻladi. Shu tahlil paytida Dr. Kōsaku Tokita tushda oʻz yordamchisi Kei Himuroni tanib qoladi, bu esa ularning oʻgʻirlik ichkaridan amalga oshirilganiga boʻlgan gumonini tasdiqlaydi. Filmdagi mavzular Konning boshqa asarlari singari, bu film ham „xayolot va haqiqat“ motividan foydalanadi. Unda bir-biriga uzviy bogʻlangan tushlar va voqelik shafqatsizlarcha almashtirilgan, natijada xayolot va haqiqat oʻrtasidagi chegara noaniq boʻlib qolgan dunyo oʻziga xos realistik tarzda tasvirlanadi. Kon uchun „xayolot“ va „haqiqat“ qarama-qarshi tushunchalar emas, balki ikkalasi ham „chizilgan narsalar“ boʻlib, ularni faqat „nima tasvirlangani“ ajratib turadi. Kon hech qachon haqiqiy manzaralarni kuzatib chizmagan va u oʻz rasmlarini realistik emas, balki mavhumroq boʻlishini xohlagan. Boshqacha aytganda, tomoshabinlarga haqiqatdek tuyulgan ekrandagi voqelik Kon uchun shunchaki bir „rasm“ boʻlib, animatsiya boʻlgani uchun uning ifodasida voqelik va xayolot oʻrtasida aslida hech qanday farq yoʻq. Bu tafovut Satoshi Konning asarlarini qoʻllab-quvvatlaydigan „hiylalar“ni vujudga keltiradi.

Manbalar

Turkum:2006-yil filmlari Turkum:Yaponiya ilmiy-fantastik filmlari