Sergio Gor (toʻliq ismi Sergey Gorokhovsky, 1986-yil 30-noyabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – amerikalik tadbirkor va siyosiy xodim. U 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovi davrida Donald Trumpni qoʻllab-quvvatlovchi Right for America nomli super PACga rahbarlik qilgan. Saylov jarayonida Winning Team Publishing nashriyoti orqali Our Journey Together, Letters to Trump (2023) va Save America (2024) nomli kitoblarni nashr qilgan. Mazkur nashriyotni u Donald Trump Jr. (Trumpning toʻngʻich oʻgʻli) bilan birgalikda boshqaradi. Sergio Gor 2024-yilgi Respublikachilar milliy kongressida delegat sifatida ishtirok etgan.
Yoshligi va taʼlimi Gor 1986-yil 30-noyabrda Oʻzbekiston SSRning Toshkent shahrida tavallud topgan. Bolaligining koʻp qismini Maltada oʻtkazgan va 1999-yilda oilasi bilan AQShga koʻchib ketgan. U Los-Anjeles chekkasidagi oʻrta maktabda oʻqigan va keyinchalik Vashingtondagi George Washington universitetida tahsil olgan.
Karyerasi
Dastlabki faoliyati Gor 2008-yilda Barack Obamaga qarshi oʻtkazilgan aksiyada olmaxon libosida ishtirok etgan. Shu yili boʻlib oʻtgan AQSh prezidentlik saylovi davomida u „Catholics for McCain“ harakatining faoli boʻlgan. Universitetni tamomlagach, u Respublikachilar milliy qoʻmitasida ishlagan va vakillar Randy Forbes, Michele Bachmann hamda Steve Kingning shtabida xizmat qilgan. 2013-yilda esa u Rand Paulning yordamchisi boʻldi. 2015-yil boshida uning matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritdi va keyinchalik Paulning devonxona boshligʻi oʻrinbosari lavozimigacha koʻtarildi. U 2020-yilgacha Paul bilan ishlashda davom etgan. Gor 2017—2018-yillarda Moskvaga tashrif buyurgan. Keyinchalik uning advokati, Gor 2017-yilda Rossiyaning milliy aviakompaniyasi Aeroflot orqali Vashingtondan Rimga qilgan safarida Rossiyada „qoʻnib oʻtgani“ni taʼkidlagan va „boshqacha qilingan har qanday talqin tuhmat boʻlishi“ni aytgan.
Gor, shuningdek, Fox News telekanalida prodyuser yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan va sobiq kongressmen Matt Gaetzning toʻy marosimini boshqargan. U Donald Trumpning 2020-yilgi qayta saylanish kampaniyasida asosiy mablagʻ yigʻish rasmiysi boʻlgan va PAC Right for America siyosiy harakat qoʻmitasiga asos solgan. Ushbu qoʻmita 2024-yilgi saylov kampaniyasi davomida qariyb 72 million AQSh dollari sarflagan.
Prezident maʼmuriyati kadrlar boʻlimi 2024-yil 13-noyabr kuni Semafor nashri Donald Trump ikkinchi prezidentlik muddati davomida Oq uy huzuridagi kadrlar bo‘limi direktori lavozimini Gorga taklif qilganini xabar qildi. Gor 2025-yil 20-yanvarda ushbu lavozimni rasman egalladi va siyosiy tayinlovlarning Trump siyosiy dasturiga sodiqligini taʼminlash maqsadida sodiqlik testlarini joriy etdi. Bu testlar orqali Demokratlarga xayriya qilmagan shaxslar tanlab olindi. 2025-yil fevral oyi oxirida Politico nashri Gor Oq uy xodimlari orasida Elon Muskning Davlat samaradorligi departamentiga doir qarorlarni kadrlar boʻlimi bilan kelishmasdan qabul qilganidan norozi ekanini xabar qildi.
Gor 2025-yil iyun oyida NASA rahbarligiga nomzod sifatida ilgari surilgan Jared Isaacmanning nomzodligi bekor qilinishida muhim rol oʻynagan. Texnologiya sohasidagi milliarder va Elon Muskning hamkori boʻlgan Isaacman 2025-yil 30-aprelda AQSh Senatining Savdo, fan va transport qoʻmitasi tomonidan 19–9 ovoz bilan maʼqullangan hamda uning Senatda keng qoʻllab-quvvatlanishi kutilayotgan edi. Biroq Gor ushbu nomzodga qarshi lobbi yuritdi hamda Isaacmanning ilgari Demokratlarga qilgan xayriyalarini taʼkidlab oʻtdi. Natijada, Trump koʻrib chiqish yakunlariga koʻra, „ilgari boʻlgan aloqalar“ni asos qilib, nomzodlikni bekor qildi. Bu qaror Trump va Musk oʻrtasidagi munosabatlarda keskinlikka sabab boʻld. Bu ziddiyatda Gorning taʼsiri muhim omil sifatida tilga olindi.
Gor tez-tez Mar-a-Lago qarorgohida koʻrinish beradi va sobiq Marvel rahbari, Trump tarafdori va siyosiy ittifoqchisi hisoblangan Isaac Perlmutter bilan yaqin aloqalarni saqlab keladi.
2025-yil iyun oyida ommaviy axborot vositalari Gor xavfsizlik tekshiruvidan oʻtmaganini maʼlum qildi hamda uning tarjimai holidagi ayrim tafsilotlarda nomuvofiqliklar mavjudligini taʼkidladi. Gor oʻzini 1986-yilda Maltada tugʻilgan va bolaligida AQShga koʻchib kelgan deb taʼriflagan. Biroq Malta rasmiylari uning nomiga oid tugʻilish haqidagi hech qanday rasmiy hujjatlarni aniqlay olishmagan. Cospicua shahridagi mahalliy aholining ayrim aʼzolari uni bolaligida shu hududda yashaganini eslashgan boʻlsa-da, uni „rus bolasi“ deb atashganini va oilasi sharqiy Yevropa tilida soʻzlashganini ham qayd etishgan. The Shift nashri suhbatlashgan fuqarolardan birining soʻzlariga koʻra, Gorning ota-onasi kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan xorijliklar boʻlib, ular orolga 1980-yillarning oxirida yosh bola bilan kelganhttps://eutoday.net/questions-over-identity-of-trumps-personnel-chief/. Keyinchalik, xavfsizlik boʻyicha tadqiqotchi Brian Krebs Gorning elektron pochta akkaunti 1980-yil 20-noyabrda Rossiyaning Saratov shahrida tugʻilgan rossiyalik Sergey Anatolevich Goryachev tomonidan Rossiyada roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy elektron pochta akkauntlari uchun foydalanilgan parollar bilan bir xil paroldan foydalanganini maʼlum qildi. Biroq 2025-yil 20-iyun kuni Twitter orqali Brian Krebs avvalgi tadqiqotini rad etdi va quyidagicha bayonot berdi: „Men bu hafta Mastodon va LinkedInda Sergio Gorning kelib chiqishi haqida tadqiqot joylashtirdim. Tahlilda jiddiy xatolik borligini bilganimdan soʻng, darhol postlarni oʻchirib tashladim, chunki ular faktlar bilan tasdiqlanmagan edi. Men bu xatodan afsusdaman va kimnidir chalgʻitgan boʻlsam, uzr soʻraymanhttps://x.com/briankrebs/status/1936177266662514838 .“
2025-yil 18-iyun kuni Elon Musk ijtimoiy tarmoqlarda Gorga qarshi keskin chiqish qildi, uning shaxsiga shubha bildirgan holda uni „ilon“ deb atadi. Keyinchalik Musk izoh berib, Gorni „jiddiy jinoyat“ sodir etganlikda ayblayotganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, Senatdagi respublikachilar Gorni Jared Isaacmanning NASA rahbari lavozimiga nomzodini bekor qilinishiga sababchi sifatida ayblashmoqda.
New York Post gazetasi 2025-yil 17-iyundagi maqolasida Gorning rus emasligini aytganiga iqtibos keltirgan. 2025-yil 8-iyul kuni esa The Organized Crime and Corruption Reporting Project (OCCRP) hamda Times of Malta nashrlari Sergio Gor aslida Sergey Gorohovsky ism-sharifiga ega boʻlib, Sovet Ittifoqi fuqarosi sifatida Toshkentda tugʻilganini ochiqlagan maqolalarni eʼlon qildi.
Shaxsiy hayoti Gor Florida shtatining Palm-Bich hududida havaskor didjey. U ingliz va malta tillarini yaxshi biladi. Gorning rus yoki oʻzbek tillarini bilishi borasida aniq maʼlumot mavjud emas. Maltada yashagan davrida Gorning ota-onasi rus tilida soʻzlashgan, bu holat AQShdagi maltaliklar jamoasining 2025-yil fevral oyidagi axborotnomalarida tilga olingan.
Mukofotlari Doʻstlik ordeni (2026-yil 19-oktyabr) — Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash hamda strategik sheriklikni kengaytirishga qoʻshgan hissasi uchun.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:George Washington universiteti bitiruvchilari Turkum:AQSh kishilari