Choi Su-bong (koreyscha: 최수봉), sahnadagi taxallusi – Thanos (koreyscha: 타노스), shuningdek, 230-oʻyinchi nomi bilan tanilgan – Netflix’ning Janubiy Koreyada suratga olingan „Squid Game (Kalmar oʻyini)“ serialining ikkinchi mavsumidagi qahramonlardan biri. U taniqli rep ijrochisi boʻlib, giyohvand moddalar bilan bogʻliq muammolari bor va beparvo hayot tarzini kechirgan. Bu holat uni jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga olib kelgan. Oxirgi pullarini kriptovalyutaga muvaffaqiyatsiz sarmoya qilganidan soʻng, omon qolish uchun oʻtkaziladigan oʻyinlar ishtirokchisiga aylanadi. Yorqin va batafsil ishlab chiqilgan obrazi, shuningdek, giyohvandlik taʼsirida tutgan gʻayrioddiy xatti-harakati uni mavsumdagi eng esda qolarli qahramonlardan biriga aylantirgan.
Qahramon aniq bir aktyorga moslab yaratilmagan boʻlsa-da, rejissyor Xvan Don Xyok hayoti oʻxshash sabablarga koʻra oʻzgargan kishini topishga intilgan. Bir nechta suhbatlardan soʻng Thanos roli uchun Chxve Syn Xyon (koʻproq T. O.P nomi bilan tanilgan) tanlandi – mashhur janubiy koreyalik ijrochi, K-pop guruhi Big Bangʻning sobiq aʼzosi, 2017-yilda marixuana isteʼmol qilish bilan bogʻliq mojaroga aralashgan edi. Uning ishi jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab boʻldi va tomoshabinlar hamda tanqidchilardan turlicha fikr-mulohazalar olgan.
Netflix tomonidan oʻtkazilgan „Eng yaxshi yangi qahramon“ soʻrovnomasida 700 000 ishtirokchi orasida Thanos 50 foiz ovoz bilan gʻolib boʻlgan.
Syujeti Choi Su-bong, yaʼni Thanos, ilk bor "Kalmar oʻyini" ikkinchi mavsumining uchinchi epizodida – „001“ nomli qismda paydo boʻlgan. 1,19 milliard von qarzga botgan reper 456 nafar ishtirokchi qatorida nomaʼlum taklif etuvchining chaqiruvini qabul qilib, xavfli oʻyinlarda qatnashishga qaror qilgan. Gʻolibga katta pul mukofoti vaʼda qilingan.
Bu yerda u oʻzini baxtsiz holatga solgan odam – MG Coin nomi bilan tanilgan YouTube blogeri Li Myon Gi (333-oʻyinchi, aktor Lim Sivan) bilan yuzma-yuz keladi. MG Coin firibgarlik bilan bogʻliq kriptovalyuta sxemasi reklamasining yuzi boʻlgan, va Tanos shu loyihaga sarmoya kiritib, barcha pulidan ajralgan. Endilikda, ular ikkalasi ham oʻyinda.
Sinovlarda ishtirok etish shartnomasini imzolaganlaridan soʻng Tanos va 333-oʻyinchi oʻrtasida ogʻzaki janjal yuzaga keladi, hatto bu deyarli mushtlashuvga aylanadi. Ammo Li Myon Giga nisbatan umumiy nafrat bilan birlashgan yana bir ishtirokchi – Nam Gyu (124-oʻyinchi, aktyor Ro Chje Von) ularni tinchlantiradi. Thanos Nam Gyu bilan yaqinlashadi va ular orasida oʻyinda oʻzaro ittifoq shakllanadi.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Kalmar oʻyini Turkum:Personajlar