Nikiou jangi – Amr ibn al-Os boshchiligidagi arab musulmon qoʻshinlari hamda Vizantiya imperiyasi oʻrtasida 646-yilning may oyida Misrda boʻlib oʻtgan jang.

Tarixi 640-yilning iyul oyida boʻlib oʻtgan Heliopolis jangidagi gʻalaba hamda 641-yil noyabr oyida Iskandariyaning taslim etilishidan soʻng, arab qoʻshinlari Rim imperiyasining bir qismi boʻlgan Misr viloyatini egallab oldi. Sharqiy Rim (Vizantiya) taxtiga oʻtirgan yangi imperatori Constans II bu hududni qaytarib olishga qatʼiy bel bogʻladi va yirik flot orqali askarlarni Iskandariyaga yuborishni buyurdi. Ushbu qoʻshinlar Manuel boshchiligida 645-yil oxirida kichik arab garnizonidan shaharni kutilmaganda dengiz orqali uyushtirilgan hujum natijasida bosib oldilar. Shunday qilib, 645-yilda vizantiyaliklar Iskandariyani maʼlum muddatga qaytarib oldi. Oʻsha paytda Amr ibn al-Os Makkada boʻlgan boʻlishi mumkin va shu sababli Misrdagi arab qoʻshinlarini boshqarish uchun zudlik bilan chaqirtirilgan.

Jang kichik va mustahkam Nikiou shahrida boʻlib oʻtdi. Ushbu shahar Iskandariyadan Fustatgacha boʻlgan yoʻlning taxminan uchdan ikki qismida joylashgan edi. Arab qoʻshinlari soni taxminan 15,000 nafarni tashkil etgan boʻlib, ular son jihatidan ustun boʻlgan Vizantiya qoʻshinlariga qarshi jang qilgan. Arablar ushbu jangda gʻalaba qozongan, natijada Vizantiya qoʻshinlari tartibsiz holatda Iskandariyaga chekinishga majbur boʻlgan.

Vizantiyaliklar ortlaridan quvib kelayotgan arablarga Iskandariya darvozalarini yopib qoʻygan boʻlsalar-da, oʻsha yilning yozida shahar arablar tomonidan qattiq hujumga uchragan va egallab olingan. Manuel qoʻshinlarining magʻlubiyati Vizantiya imperiyasining Misrni qaytarib olishga qaratilgan soʻnggi urinishini ifodalaydi. Keyingi 500 yil davomida bu hududni tiklashga urinish boʻlmagan, faqatgina XII asrda imperator Manuel I Komnenos oʻzinin muvaffaqiyatsiz yurishini amalga oshirgan.

Manbalar

Adabiyotlar

Butler, Alfred J. The Arab Conquest of Egypt and the Last Thirty years of Roman Dominion Oxford, 1978.

Turkum:Roshidun xalifaligi ishtirokidagi janglar Turkum:Vizantiya imperiyasi janglari Turkum:646