Edson Omar Álvarez Velázquez (1997-yil 24-oktabrda tugʻilgan) — Meksikalik professional futbolchi boʻlib, Angliya Premyer-ligasining West Ham United jamoasida yarim himoyachi sifatida o'ynaydi. Meksika milliy terma jamoasi futbolchisi va sardori hisoblanadi.

Yoshligi Álvarez Mexico shahridan shimolroqda joylashgan Tlalnepantla-de-Baz munitsipalitetida Adriana Velázquez va Evaristo Álvarez oilasida tug‘ilgan. Bolaligida u mahalliy jamoalar uchun futbol kiyimlari ishlab chiqaruvchi oila biznesida ishlagan va bu uning sportga qadam qo‘yishiga yo'l ochib bergan. 10 yoshida Álvarez Pachuca akademiyasiga qoʻshilgan, ammo ikki yildan soʻng past boʻyi tufayli klubni tark etishga majbur bo'lgan. Futboldan voz kechishni oʻylagan. Ota-onasining qarshiligiga qaramay, professional futbolchi boʻlish orzusidan voz kechmagan va Club Américaning yoshlar jamoasiga sinovdan oʻtgan va uch oylik sinovdan soʻng jamoaga qabul qilingan. Mashg'ulotlarga borish uchun Tlalnepantla va klubning Koapadagi mashgʻulot maydoni o‘rtasida har kuni 3-4 soatlik sayohatni amalga oshirgan. Álvarezning aytishicha, oylik maoshining 70 foizini transport xarajatlariga sarflagan.

Klublardagi faoliyati América 2014-yilda, 16 yoshida Álvarez América klubining yoshlar tizimiga qoʻshilgan. 17 yoshgacha boʻlgan jamoada oʻynay boshlagan. Keyingi yili u hali ham U-17 jamoasida oʻynagan boʻlsa-da, Américaning ikkinchi divizion jamoasi safiga chaqirilgan.

2016-yil avgust oyida, jamoa bosh murabbiyi Ignacio Ambríz Álvarezni ilk marota asosiy jamoaga chaqirgan va u Monarcas Moreliaga qarshi liga oʻyinida zaxirada qoldirilgan. 29-oktabr kuni yangi murabbiy Ricardo La Volpe 19 yoshli Álvarezni Santos Lagunaga qarshi Liga MX o'yinida maydonga tushirgan. O'sha o'yinda u 90 daqiqa oʻynagan. 25-dekabr kuni u Tigres UANL jamoasiga qarshi Apertura finalida oʻzining ilk golini urgan.

2017–1208-yilgi mavsum oldidan Álvarez 4-raqamli futbolkani olgan. Ushbu raqamli futbolka Erik Pimentel klubni tark etgach boʻshab qolgan edi.

2018-yil 16-dekabr kuni u Apertura finalining Kruz Azulga qarshi javob oʻyinida jarohat olgan Mateus Uribe oʻrniga yarim himoyada oʻynagan va ikki marta gol urib Américaga 13-chempionlikni olib kelgan. 2019-yil 23-fevralda Álvarez jamoa safidagi yubiley 100-oʻyinini Lobos BUAPga qarshi oʻtkazgan. Ushbu o'yinda uning jamoasi 3-0 hisobida gʻalaba qozongan.

Ajax

2019-yil 19-iyulda Niderlandiyaning Ajax klubi Álvarezni tibbiy koʻrikdan oʻtish sharti bilan 17 million dollar evaziga sotib olishga kelishilganligi haqida eʼlon qilgan. U bilan besh yillik shartnoma imzolanishi belgilangan. Tibbiy koʻrikdan muvaffaqiyatli oʻtganidan so‘ng, 22-iyul kuni Álvarez rasman jamoa muxlislariga tanishtirilgan va Matthijs de Ligt jamoani tark etganidan so'ng boʻshab qolgan 4-raqamli futbolkani olgan. Rasmiy transfer summasi 15 million yevroni tashkil qilgan. 17-avgust kuni Álvarez Ajax tarkibida debyut qilgan. O'sha o'yinda uning jamoasi VVV-Venlo ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozongan. 29-avgust kuni Álvarez UEFA Chempionlar Ligasining pley-off bosqichidagi APOELga qarshi o'yinda jamoa safidagi ilk golini urgan. 17-sentabr kuni Álvarez Chempionlar Ligasi guruh bosqichida Lillega qarshi o‘yinda ikkinchi golini urgan va Chempionlar Ligasidagi debyutida gol urgan birinchi meksikalik futbolchiga aylangan .

2021-yil 21-mart kuni Ajax Eredevisieda ADO Den Haag jamoasiga qarshi o‘yinda 5:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ushbu o'yinda Edson jamoasining birinchi goliga mualliflik qilgan. 18-aprel kuni Niderlandiya kubogi finalida Vitesse jamoasiga qarshi o‘yinda u butun o‘yinni o‘tkazgan. O'sha o'yinda uning jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Ikkinchi mavsum oxirida u Eredevisieda yilning eng yaxshi oʻyinchisi mukofotiga nomzod boʻlgan.

2021-yil 27-oktabr kuni Álvarez Ajax bilan 2025-yilgacha mo'ljallangan yangi shartnoma imzolagani eʼlon qilingan. 2022-yil 30-aprel kuni u PEC Zwolle jamoasiga qarshi oʻyinda klubning 3:0 hisobidagi gʻalabasida ishtirok etgan. O'sha o'yinda u jamoa safidagi 100-oʻyinini oʻtkazgan va Ajaxning jamoa safida 100 o'yin o'tkazgan 100-o‘yinchisi aylangan.

West Ham United 2023-yil 10-avgust kuni Angliyaning West Ham United klubi Álvarezni 35 million funt sterling evaziga sotib olganini eʼlon qilgan. Unga 19-raqamli futbolka berilgan. Álvarez West Hamda oʻynagan toʻrtinchi meksikalik futbolchi boʻlgan. U 20-avgust kuni Chelseaga qarshi 3:1 hisobidagi g‘alabada 81-daqiqada James Ward-Prowsening o‘rniga maydonga tushgan va jamoa safidagi o'z debyutini amalga oshirgan.

2023-yil 14-dekabr kuni Álvarez Yevropa Ligasida SC Freiburgga qarshi 2:0 hisobida gʻalaba qozonilgan oʻyinda klub safidagi ilk golini urgan. 2024-yil 2-mart kuni u Evertonga qarshi boʻlib oʻtgan oʻyinda Premyer-ligadagi ilk golini kiritgan.

Xalqaro faoliyati Yoshlar Álvarez 2017-yilgi KONKAKAF U-20 chempionatiga tayyorgarlik koʻrayotgan U-20 jamoasiga chaqirilgan. Musobaqa so'nggida u musobaqaning eng yaxshi oʻyinchilari ro‘yxatiga kiritilgan. Álvarez U-20 Jahon chempionati uchun terma jamoa tarkibiga ham kiritilgan va Meksikaning Vanuatu ustidan 3-2 hisobida g‘alaba qozongan o‘yinda g‘alaba golini urgan.

Kattalar

2017-yil 30-yanvarda Álvarez kattalar terma jamoasiga Islandiyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyiniga chaqirilgan. U 8-fevral kuni Islandiyaga qarshi o‘yinda Jesús Molinaning o'rniga 60-daqiqada maydonga tushirilgan. U 19 yoshida terma jamoa safidagi oʻzining ilk golini urgan.

2018-yil may oyida Álvarez Jahon chempionati uchun Meksikaning dastlabki tarkibiga kiritilgan va ro‘yxatdagi eng yosh futbolchi bo‘lgan.

2022-yil oktabr oyida Álvarez Meksika terma jamoasining Jahon chempionati uchun dastlabki tarkibiga kiritilgan va noyabr oyida yakuniy 26 futbolchi roʻyxatidan joy olgan.

Manbalar

Havolalar

Profile West Ham United veb-saytida

Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Alifbo boʻyicha futbolchilar Turkum:Meksikalik erkak futbolchilar Turkum:Erkak futbol yarim himoyachilari Turkum:Erkaklar futbol markaziy himoyachilari turkum:Club América futbolchilari Turkum:AFC Ajax futbolchilari Turkum:West Ham United F.C. futbolchilari Turkum:Eredivisie futbolchilari Turkum:Angliya Premyer-ligasi futbolchilari