Sayyid Abbos Aroqchi (, 1960-yil Tehronda tugʻilgan) – eronlik diplomat, 2024-yildan beri Eron Tashqi ishlar vaziri.

Taʼlimi Abbos Aroqchi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar maktabida xalqaro munosabatlar boʻyicha bakalavr darajasini olgan. Keyin esa Islom Azad universiteti Markaziy Tehron filialida siyosiy fanlar boʻyicha magistrlik darajasiga ega boʻlgan. Bundan tashqari, Aroqchi Angliyaning Kent universitetida siyosiy tafakkur fanidan PhD darajasini olgan. Ingliz va arab tillarini biladi.

Ish faoliyati Aroqchi 1989-yil Eron Tashqi ishlar vazirligiga ishga kiradi. 1990-yillarning boshida Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan Islom konferensiyasi tashkiloti Eron Islom Respublikasi Doimiy vakolatxonasining muvaqqat ishlar vakili boʻlib ishlagan.

Elchi boʻlishdan oldin Tehrondagi Siyosiy va xalqaro munosabatlar instituti (IPIS) bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan. 2004—2005-yillarda Xalqaro munosabatlar maktabining rektori boʻlgan.

Finlandiya (1999-2003) va Yaponiyada (2007-2011) elchilik qilgan.

2017-yildan 2021-yilgacha Tashqi ishlar vazirligida siyosiy oʻrinbosar boʻlib ishlagan. Bungacha esa Tashqi ishlar vazirligining Osiyo-Tinch okeani va Hamdoʻstlik masalalari hamda huquqiy va xalqaro ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Hasan Ruhoniy hukumatida P5+1 bilan muzokaralarda Eronning yadroviy masalalar boʻyicha bosh muzokarachisi boʻlgan.

Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 2024-yil 11-avgustda yangi saylangan prezident Masʼud Pizishkiyon tomonidan Tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi va 21-avgustda Islom maslahat kengashining (Eron parlamenti) ishonch votumidan soʻng Tashqi ishlar vaziri lavozimiga kirishdi.

Aroqchi Qarshilik koʻrsatish oʻqi ittifoqini () qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Manbalar

Turkum:1960-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Eron kishilari Turkum:Eronning tashqi siyosati