thumb|Instagramga joylashtirilgan tuxum surati Instagram tuxumi – Instagram ijtimoiy media platformasida @world_record_egg foydalanuvchi hisobi tomonidan joylashtirilgan tuxum surati. Yaratilganidan bir necha kun oʻtgach, u global fenomen va internet memiga aylandi. Instagram tuxumi bugungi kungacha Instagramdagi eng koʻp yoqtirilgan ikkinchi post hisoblanadi. Shuningdek, u 2022-yilning 20-dekabriga qadar eng koʻp yoqtirilgan Instagram post boʻlib kelgan, shu kuni Argentina terma jamoasi safida 2022-yilgi FIFA Jahon chempionatida gʻalaba qozonganidan soʻng, jamoadoshlari bilan bayram qilayotgani haqidagi Lionel Messining posti layklar soni boʻyicha tuxum rasmini ortda qoldirgan. Foydalanuvchi hisobi egasi britaniyalik reklama ijodkori Chris Godfrey ekanligi maʼlum boʻlgan, u keyinchalik ikki doʻsti Alissa Khan-Whelan va CJ Brown bilan ruhiy salomatlik haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan tuxum aks ettirilgan Hulu reklamasida ishlagan.

Kelib chiqishi Fotosurat dastlab Sergey Platanov tomonidan olingan boʻlib, u 2015-yil 23-iyunda „oq fonda ajratilgan tuxum“ sarlavhasi bilan Shutterstock nashriga joylashtirgan.

Tarixi 2019-yilning 4-yanvarida @world_record_egg foydalanuvchi hisobi yaratildi va sahifasiga „Kelinglar, birgalikda jahon rekordini oʻrnatamiz va rasmni Instagramda eng koʻp layk toʻplagan postga aylantiramiz. Hozirgi jahon rekordini Kylie Jenner yangilagan (18 million)! Biz buni uddalaymiz“ sarlavhasi ostida qush tuxumi tasvirini joylashtirdi. Jennerning avvalgi rekordi, qizi Stormining birinchi surati jami 18.4 million layk toʻplagan edi.

Bu post 10 kun ichida 18.4 million layk yigʻishga muvaffaq boʻldi va oʻsha paytdagi Instagramdagi eng koʻp layk toʻplangan postga aylandi. Keyin u keyingi 48 soat ichida 45 milliondan ortiq layk toʻplashda davom etib, Despacito musiqiy videosini ortda qoldirdi va tarixdagi eng koʻp yoqtirilgan onlayn post (har qanday media platformada) sifatida jahon rekordini oʻrnatdi.

2019-yil 14-yanvarda foydalanuvchi hisobi tasdiqlanganidan soʻng, postning mashhurlik va yoqtirishlar soni ortib ketdi, bu esa uning turli ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga sabab boʻldi.

2019-yil 18-mart holatiga koʻra, post 53.3 milliondan ortiq layk toʻplagan, bu avvalgi rekord 18.4 milliondan deyarli uch baravar koʻp edi. Instagram tuxumi Instagram Stories shaklida bir necha kun davomida tez-tez layklar soni yangilanishlarini joylashtirib borgan.

Layklar soni bilan bir qatorda, 2023-yil yanvar holatiga koʻra post izohida 3.8 million sharh bor.

Bir necha shaxslar oʻzlarini hisob yaratuvchisi deb daʼvo qilishga harakat qilishdi, bu daʼvolar Instagramdagi xabarlarda „tuxum“ tomonidan rad etilgan. 2019-yil 3-fevralda Hulu va The New York Times tomonidan Instagram tuxumining yaratuvchisi britaniyalik reklama ijodkori Chris Godfrey ekanligi maʼlum qilindi.

2019-yil 18-yanvarda foydalanuvchi sahifasida tuxumning ikkinchi surati joylashtirildi, u yuqori chap burchagida kichik yoriq borligini hisobga olmaganda, birinchisi bilan deyarli bir xil edi. 2019-yil 25-fevral holatiga koʻra, post 11.8 million layk toʻplagan. 2019-yil 22-yanvarda sahifada tuxumning uchinchi surati joylashtirildi, bu safar unda ikkita kattaroq yoriq bor boʻlgan. 25 daqiqadan kamroq vaqt ichida post 1 million layk toʻpladi, 2019-yilning 25-fevraliga kelib esa layklari soni 9.5 millionni tashkil etgan. 2019-yilning 29-yanvarida sahifaga tuxumning toʻrtinchi surati joylashtirildi, uning oʻng tomonida yana bir katta yoriq bor edi va u 2019-yil 25-fevraligacha 7.6 million layk toʻpladi. 2019-yilning 1-fevralida tez kunlarda oʻtkazilishi kutilayotgan Super Bowl LIII musobaqasiga ishora qilib, futbol toʻpi kabi tikilgan tuxumning beshinchi surati joylashtirildi. Bu post 2019-yil 25-fevraligacha 6.5 million layk toʻplagan edi. Foydalanuvchi hisobi 3-fevral kuni Hulu buyurtma xizmatining obuna videosida tuxum ichida nima borligini ochib koʻrsatishga vaʼda berdi.

Hulu Instagram tuxumining ochilishi ruhiy salomatlik kampaniyasi haqidagi animatsiyani targʻib qilish uchun ishlatilgan. Klipdagi izohda shunday deyilgan: „Yaqinda yorilib ketdim, menga ijtimoiy tarmoqlarning bosimi tushmoqda. Agar siz ham qiynalayotgan boʻlsangiz, kimdir bilan gaplashing“. Keyinroq video @world_record_egg Instagram hisobiga joylashtirildi va bu post 2019-yilning mayigacha 33 milliondan ortiq koʻrildi. 2020-yilning may oyi holatiga koʻra, u 41 milliondan ortiq koʻrilgan.

2019-yilning 16-iyulida Chris Godfrey (hisob yaratuvchisi) internetdagi eng nufuzli 25 kishidan biri sifatida qayd etildi.

2022-yil 20-dekabr kuni Instagramdagi eng koʻp layk toʻplangan post boʻyicha rekord argentinalik futbolchi Lionel Messi tomonidan yangilandi. Futbolchi Argentina milliy terma jamoasi 2022-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionatida gʻalaba qozonganidan soʻng bayramni nishonlayotgan oʻzi va jamoadoshlarining rasmi aks etgan posti bilan bu natijaga erishgan. @world_record_egg Messidan layk koʻrsatkichi boʻyicha ortda qolishiga javoban shunday izoh yozgan: „Bugun [Lionel Messi] tojga ega chiqdi, hozircha. Lekin menda hali ham bitta savol bor… Kim barcha davrlarning eng zoʻri – Cristiano Ronaldo yoki Leo Messi?“.

Qarshi olinishi Tuxumning Instagramdagi eng koʻp layk toʻplagan postlar ichida jahon rekordini yangilashiga javoban hisob egasi „Bu telbalik. Qanday zamonda yashayapmiz“ deb yozgan. Oradan bir necha soat oʻtgach, Kylie Jenner Instagramda tuxumni yorib, uning sarigʻini yerga quyayotgani tasvirlangan videoni joylashtirdi va unga „Mana bu tuxumchani oling“ degan yozuvni qoʻshdi.

Mutaxassislar tuxum suratining ijtimoiy tarmoqlardagi „yetakchi oila“ ustidan hukmronlik qilayotgani maʼnosini taʼkidladilar. Vogue taʼkidlaganidek, yurak piktogrammasini bosish oson, tuxum esa „sevimli“.

Westminster universitetining internet-memlar boʻyicha tadqiqotchisi buni Birlashgan Qirollikdagi ilmiy tadqiqot kemasiga Boaty McBoatface deb nom berish harakati bilan taqqosladi.

Instagrammerning muvaffaqiyati ijtimoiy tarmoqlardagi pul toʻlanmagan virusli kampaniyaning kamdan-kam gʻalabasiga misoldir. „Bu yerda mashhurlarga qarshi bir oz qoʻzgʻolon bor – oddiy tuxum bilan nima qilishimiz mumkinligiga bir qarang“.

Tadqiqotchining taʼkidlashicha, bunday keng tarqalgan pul toʻlanmagan virusli postga aylanish kamdan-kam kuzatilishi mumkin, chunki ijtimoiy tarmoqlar koʻproq pul toʻlanadigan xizmat va biznesni reklama qilishga tayanadi.

Postning tarqalishi „isteʼmolchilik“ga qarshi populistik repressiya sifatida tavsiflangan va baʼzilar tomonidan mashhurlik ustidan jamiyatning gʻalabasi sifatida koʻriladi.

Applening App Store doʻkonida Instagram tuxumiga asoslangan yuzlab oʻyinlar paydo boʻldi. Instagram tuxumining yaratuvchilari Huluni targʻib qilish boʻyicha ham kelishuvga erishdilar.

Manbalar

Havolalar

Instagramdagi haqiqiy fotosurati

Turkum:Instagram Turkum:Internet memlari