Faxruddin Ali Ahmad (; 1905-yil 13-may — 1977-yil 11-fevral) — hindistonlik huquqshunos va siyosatchi, Hindistonning beshinchi prezidenti (1974–1977).

Dehlida tugʻilgan Ali Ahmad Dehli va Kembrijda tahsil olgan. Hindistonga qaytib, dastlab Lohurda, keyin esa Guvahatida advokatlik bilan shugʻullangan. 1930-yillarda Hindiston Milliy Kongressida uzoq muddatli faoliyatini boshlagan Ahmad, 1939-yilda Gopinath Bordoloi bosh vazirligi davrida Assam moliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan. U 1946-yilda Assamning bosh advokati boʻlgan va 1957-yilda Bimala Prasad Chaliha davrida yana moliya vaziri etib saylangan va bu lavozimda 1966-yilgacha faoliyat olib borgan. 1966-yilda Bosh vazir Indira Gandi tomonidan milliy vazirlar mahkamasi vaziri etib tayinlangan va turli vazirliklarni, jumladan, energetika, irrigatsiya, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalari boʻyicha vazirliklarni boshqargan. 1974-yil 17-avgustdagi prezidentlik saylovlarida Tridib Chaudhuri ustidan gʻalaba qozonib, Hindiston prezidenti etib saylangan.

Prezident sifatida Ali Ahmad 1975-yil avgust oyida Favqulodda holatni joriy qilgan, fuqarolik erkinliklarini keskin cheklaydigan va Indira Gandiga farmon bilan hukumat ishlariga aralashishda ruxsat beruvchi koʻplab qarorlar va konstitutsiyaviy tuzatishlarga rozilik bildirgan. Ommaviy chiqishlarida kishilarni Favqulodda vaziyat holatini qoʻllab-quvvatlashga chaqirgan.

Faxruddin Ali Ahmad 1977-yilning fevralida yurak xurujidan vafot etgan. Davlat tomonidan Nyu-Dehlidagi parlament binosi yaqinidagi masjidga dafn qilingan. U Hindiston tarixidagi ikkinchi musulmon prezident va vakolat muddati yakuniga yetmasdan vafot etgan ikki prezidentning biri boʻlgan. Ali Ahmad oʻrniga vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi Basappa Danappa Jattidan koʻproq ovoz toʻplagan Neelam Sanjiva Reddy 1977-yilda Hindistonning oltinchi prezidenti etib tayinlangan.

Hayoti va oilasi Ali Ahmad 1905-yil 13-mayda Dehlida tavallud topgan. Ahmadning bobosi Kaliluddin Ali Ahmad islom ulamosi, otasi polkovnik Zalnur Ali esa Hindiston tibbiyot xizmatida ishlovchi shifokor boʻlib, Assam shtatidagi birinchi tibbiyot yoʻnalishi bitiruvchisi hisoblangan. Ahmadning onasi Sohibzodi Ruqayya Sulton Loharu Navobining qizi boʻlgan. Ahmad polkovnik Zalnur Alining oʻn nafar farzandlari ichida beshinchi oʻgʻli edi. 2018-yilda Faxruddin Ali Ahmadning bir qancha qarindoshlari Assam shtati fuqarolarini milliy roʻyxatga olish jarayonidan chetda qolib ketgan, chunki ular oʻzlarining shaxslarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan.

Taʼlimi va faoliyati Ali Ahmad Gonda, Birlashgan provinsiyalar va Dehlidagi hukumat oʻrta maktablarida tahsil olgan. 1921—1922-yillarda Dehlidagi Saint-Stephen kollejida tahsil olgan va Angliyaga joʻnab ketgan. 1927-yilda Kembrijdagi Saint-Catharine kollejida tarix fanidan soʻnggi imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan. 1928-yilda Londondagi Inner Temple uyushmasidan chaqirib olingan va oʻsha yili Hindistonga qaytib kelgan. 1930-yilda Guvahatiga koʻchib oʻtishdan oldin Lohur Oliy sudida advokat sifatida oʻz ish faoliyatini boshlagan va u yerda dastlab Nabin Chandra Bardoloi qoʻl ostida kichik advokat boʻlib ishlagan. Guvahatida, keyinchalik shtatning bosh advokati boʻlgan Ali Ahmad 1948-yilda Assam Oliy sudi Advokatlar assotsiatsiyasining rahbari etib tayinlangan.

Hindiston Milliy Kongressidagi roli Faxruddin Ali Ahmad 1931-yilda Hindiston Milliy Kongressiga asosiy aʼzo boʻlib qoʻshilgan. 1936-yilda Assam-Pradesh Kongressi qoʻmitasi va Butun Hindiston Kongressi qoʻmitasi aʼzosi boʻlgan. U 1946—1947-yillarda Butun Hindiston Kongressi Ishchilar Qoʻmitasi aʼzosi boʻlgan. 1964—1974-yillarda Ali Ahmad partiyaning parlament kengashi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan.

Mustaqillikdan oldingi Hindistondagi saylov faoliyati Faxruddin Ali Ahmad 1937-yilgi Hindiston hukumati toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq oʻtkazilgan provinsiya saylovlarida Assam qonun chiqaruvchi assambleyasiga saylangan. U Gopinat Bordoloi boshchiligida Kongress hukumatidagi uchta musulmon vazirlaridan biri boʻlib, 1938-yil 20-sentyabrdan 1939-yil 16-noyabrgacha moliya, daromad va mehnat vaziri lavozimida ishlagan.

Faxruddin Ali Ahmad 1939—1940-yillarda bir qancha yangi soliqlarni joriy etgan. Qishloq xoʻjaligidan olinadigan daromad soligʻi, turli pul tikish orqali oʻynaladigan qimor oʻyinlari uchun soliqlar hamda davlat daromadlari taqchilligini bartaraf etish maqsadida tovarlarni sotishdan olinadigan soliqlar shular jumlasidandir. Qishloq xoʻjaligidan olinadigan daromad soligʻi choy sanoati rivoji uchun ishlatilgan, uning bir qismi choy plantatsiyalaridagi ishchilarning hayotini yaxshilash uchun sarflanishi kerak boʻlgan. Faxruddin Ali Ahmadning Assam neft kompaniyasidagi ish tashlash paytida tutgan yoʻli Britaniyaning Assamdagi tijoriy manfaatlariga zid deb topilgan, ammo Bordoloi vazirligi hamda yuqori jamoatchilik vakillari tomonidan bu ish qoʻllab-quvvatlangan.

1940-yilda Faxruddin Ali Ahmad Gandining buyrugʻi bilan satyagraxa qilgan va hukumat tomonidan ayblanib, bir yil qamoqda oʻtirgan. Hindistonni tark etish harakati boshlanganidan soʻng, Ali Ahmad 1942-yil 9-avgustda Assam provinsiyasi Kongress qoʻmitasining bir qancha boshqa rahbarlari bilan birga hibsga olingan. U Jorhatdagi qamoqxonada yana uch yil qamoqda saqlangan.

Faxruddin Ali Ahmad Musulmonlar Ligasining Pokiston davlatini tuzish talabiga va Hindiston aholisini ijtimoiy-jamoaviy mansubligiga koʻra (din va odatlariga qarab) boʻlinishiga qarshi boʻlgan. Biroq, 1946-yilgi saylovlarda Kongress Assamda Gopinat Bordoloi boshchiligida hukumat tuzish uchun yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, Ali Ahmad Shimoliy Kamrup saylov okrugidagi natijalarga koʻra, Musulmon Ligasi vakili Moulvi Abdul Hyedan kamroq ovoz toʻplagan. Gopinat Bordoloi boshchiligidagi Kongress partiyasi Faxruddin Ali Ahmadning gʻalabasini taʼminlash uchun koʻp pul va kuch sarflagan boʻlsa ham, u Hye tomonidan yigʻilgan 7 265 ta ovozga qarshi atigi 844 ta ovoz toʻplagan. Shundan soʻng Ali Ahmad Assamning general advokati etib tayinlangan va 1952-yilgacha ushbu lavozimda faoliyat yuritgan.

Hindiston mustaqilligi davridagi faoliyati 1952-yilgi qonunchilik assambleyasiga saylovda qatnashish taklif qilingan boʻlsa-da, Faxruddin Ali Ahmad Kongress partiyasi rahbariyati va bosh vazir Bishnuram Medhi bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar tufayli saylovlarda qatnashishdan bosh tortgan. 1954-yil aprel oyida u Rajya Sabha aʼzosi etib saylangan va 1957-yil mart oyida isteʼfoga chiqquniga qadar uning aʼzosi boʻlib qolgan. 1957-yil Assam Qonunchilik Assambleyasi saylovlarida qatnashgan va 66.13 % ovozni qoʻlga kiritib yutib chiqqan. 1962-yilgi Assam Qonunchilik Assambleyasiga saylovda 84.56 % ovozni qoʻlga kiritib, yana qayta saylangan. Bosh vazir Bimala Prasad Chaliha boshchiligidagi hukumat vakillar yordamida Ali Ahmad 1957—1962-yillarda moliya, huquq, jamiyat, panchayatlar va mahalliy vakillarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlarini rivojlantirish vaziri, 1962—1966-yillarda moliya, huquq, jamiyat va panchayatlarni rivojlantirish vaziri boʻlgan.

Faxruddin Ali Ahmad 1951-yilda Gopinat Bordoloidan oldingi Assam bosh vaziri lavozimini egallagan Musulmonlar Ligasi yetakchisi Muhammad Saadulaning Kongress partiyasiga kirishiga yordam bergan. U bosh vazir Chalihaning 1951-yildagi Fuqarolarning Milliy roʻyxatiga asoslanib, Assamda noqonuniy muhojirlarni aniqlash va deportatsiya qilishga urinishi amalga oshmay qolishida katta hissa qoʻshgan. Uning taʼkidlashicha, agar Kongress partiyasi ushbu rejani davom ettirsa, bu Assam va Hindistonning qolgan qismidagi musulmonlar orasida hukumatga nisbatan ishonchsizlik ortishiga sabab boʻlar edi. Shu tariqa Ali Ahmadni Sharqiy Pokistondan Hindistonga musulmonlarning koʻplab kirib kelishi va ularning Kongress partiyasi uchun oʻziga xos ovoz yigʻish quroliga aylanishida ayblashgan. Huquqshunos Salmon Xurshid bu holatni Nellie qatliomiga olib kelgan asosiy sabab sifatida koʻrsatgan

Ittifoq vaziri

Irrigatsiya va energetika vaziri 1966-yil yanvar oyida Assam moliya vaziri lavozimida ishlayotgan Faxruddin Ali Ahmad Indira Gandining birinchi kabinetida Ittifoqning irrigatsiya va energetika vaziri etib tayinlanadi. U Shastri kabinetiga chaqirilgan bir nechta vazirlardan biri boʻlgan. Oʻsha yilning aprel oyida Ali Ahmad ikkinchi marta Rajya Sabha aʼzosi etib saylangan.

Taʼlim vaziri Ahmad Muhammadali Karim Chagla oʻrniga Taʼlim vazirligiga oʻtkazilgan va 1966-yil 13-noyabrdan 1967-yil 12-martgacha Ittifoq taʼlim vaziri sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu faoliyatidagi qisqa muddat davomida Ali Ahmad vazirlikka ajratilgan mablagʻlarning kamayishi va uning taʼlimni qayta qurish dasturlariga taʼsiridan xavotirda ekanligini maʼlum qilgan va 1966-yildagi Banaras Hindu universiteti qonuniga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini oʻz nazoratiga olgan.

Sanoatni rivojlantirish va kompaniya ishlari vaziri Ali Ahmad 1967-yil 13-martda sanoatni rivojlantirish va tadbirkorlik ishlari vaziri etib tayinlangan. 1967-yilgi parlament saylovlarida Ali Ahmad Assam shtatidagi Barpeta saylov okrugidan 60 foizdan ortiq ovoz toʻplab, Lok Sabhaga saylangan. Faxruddin Ali Ahmad Sanoat taraqqiyoti vaziri boʻlgan davrda, uning vazirligi Texnik rivojlanish bosh boshqarmasi orqali Sanjay Gandiga yiliga 50 000 ta Maruti avtomobillarini ishlab chiqarish niyati toʻgʻrisida maktub yoʻllagan. Garchi Gandi bunday korxonani yaratish uchun zarur boʻlgan texnik tajriba va kapitalga ega boʻlmasa ham, ushbu loyihaga ishonch bildirgan.

1969-yilda Faxruddin Ali Ahmad siyosiy partiyalarga korporativ moliyalashtirishni taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etgan. Shuningdek, u Swatantra partiyasini moliyalashtirishga yoʻl qoʻymaslik orqali uning faoliyatini toʻxtatishni maqsad qilgan. Moliyalashtirishning muqobil mexanizmini oʻrnatmagan holda joriy etilgan taqiq, partiyalar uchun saylov jamgʻarmalarining asosiy qonuniy manbaining bekor qilinishiga va keyinchalik saylovoldi tashviqotini moliyalashtirishda noqonuniy amaliyotlarning koʻpayishiga sabab boʻlgan.

1969-yilning sentyabrida Faxruddin Ali Ahmad Marokashning Rabot shahridagi Islom sammitiga Hindiston delegatsiyasi rahbari sifatida yuborilgan. Biroq, Hindiston delegatsiyasi Marokashga kelgach, general Ayub Xon boshchiligidagi Pokiston delegatsiyasining eʼtirozlariga koʻra sammitda qatnashishi taqiqlangan. Bu voqea Hindiston uchun diplomatik fiasko hisoblangan va parlamentda ishonchsizlikka sabab boʻlgan. Avgust oyida partiyadagi boʻlinishdan keyin Kongress partiyasining parlamentdagi kuchi pasaygan.

Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vaziri Faxruddin Ali Ahmad 1970-yil 27-iyunda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vaziri etib tayinlangan va bu lavozimda 1974-yil 3-iyulgacha xizmat qilgan. U 1971-yilgi umumiy saylovda Barpeta partiyasidan qayta saylangan va yigʻilgan ovozlarning 72% dan ortigʻini qoʻlga kiritgan. 1971-yil may oyida 1954-yildagi „Musulmonlar vaqflari toʻgʻrisida“gi qonunga muvofiq vaqfga masʼul vazir etib tayinlangan. 1971-yilda shtat hukumatlariga keng qamrovli yer islohotini oʻtkazishda yordam berish maqsadida Faxruddin Ali Ahmad raislik qilgan Yer islohotlari boʻyicha Markaziy qoʻmita tuzilgan. Qoʻmita tavsiyalari asosida yer chegaralari oila darajasida belgilangan, oila tarkibiga faqat er, xotin va ularning voyaga yetmagan bolalari kiritilgan. 2,7 million gektar ortiqcha yer uchastkalari mavjudligi aniqlangan, ularning 53 foizi keyinchalik rejalashtirilgan tabaqalar va qabilalarga mansub odamlar oʻrtasida qayta taqsimlangan.