Narzullayev Zufar Gʻiyasovich — temiryo'lchi, davlat arbobi. 2023-yil 14-iyuldan „Oʻzbekiston temir yoʻllari“AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi.

Bolaligi

Zufar Narzullayev 1970-yilda Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida tug'ilgan. Millati — o'zbek.

Ta'lim

Narzullayev 1991-yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini tugatadi. 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasini, 2009-yilda esa Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini tugatgan.

Mehnat faoliyati

Zufar Narzullayev 1996-yildan boshlab Oʻzbekiston temir yoʻllari tizimida ish boshlaydi. Ushbu tizimdagi tarkibiy boʻlinmalarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2009-yilda temiryoʻl tizimida kapital qurilish direksiyasiga rahbar etib tayinlanadi. „Angren—Pop“ temir yoʻli qurilishida faollik koʻrsatgan. 2016-yilda Jizzax viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari etib tayinlanadi. 2017-yilda „Oʻzshahar qurilish invest“ injiniring kompaniyasi direktori lavozimiga tayinlanadi. 2023-yil 14-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq „Oʻzbekiston temir yoʻllari“AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi.

Mukofotlari

Narzullayev 2014-yilda „Fidokorona xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan.

Manbalar