Rimma Ahmedova (1942-yil 4-avgust; Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR, SSSR – 2006-yil 13-noyabr; Toshkent, Oʻzbekiston) – asosan sovet davrida ijod qilgan teatr va kino aktrisasi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibasi.

Hayoti va ijodiy faoliyati

Rimma Ahmedova 1942-yil 4-avgust kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. 1962-yil Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining „Drama va kino aktyorligi“ fakultetini tamomlagan. Shundan soʻng, institut yoʻllanmasi bilan Hamza nomidagi Oʻzbek davlat akademik drama teatrida faoliyat boshlagan.

Rimma Ahmedova dublyajdagi dastlabki faoliyatini XX asrning 60-yillarida boshlagan. Oʻsha davrlarning mashhur filmlari sanalgan „Urush va tinchlik“ (Natasha Rostovaga), „Maugli“ (qoplon Bagiraga), „Sangam“ (Radxaga), „If qal’asining maxbusi“ (Mercedesga), „Ivan Vasilyevich oʻz kasbini oʻzgartiradi“ (Ninaga), „Qaynona“ (Ofatga), „Ishdagi ishq“ (Olga Rijovaga), „Odam amfibiya“, „Zita va Gita“ kabi filmlarning ovozlashtirilishida ishtirok etgan. Aktrisa, shuningdek, „Oy borib omon qayt“, „Dalol“, „Shoʻrpeshonalar“, „Yuzsiz“, „Oʻgʻri ham odam“, „Bomba“, „Tushlar sotuvchisi“ kabi badiiy filmlarda ham katta-kichik rollarni oʻynagan. Rimma Ahmedova 1987-yildan to 1992-yilga qadar Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida faoliyat olib bordi. Aktrisa sogʻligʻi yomonlashganligi sababli faoliyatini 1997-yil may oyida toʻxtatgan.

Rimma Ahmedova faoliyati davomida 100 dan ortiq spektakllarda rol ijro etgan. Rimma Ahmedovaning hayoti va ijodiy faoliyati publitsist Iqbol Qoʻshshayeva tomonidan yaxshi oʻrganilgan. Iqbol Qoʻshshayevaning ilk kitobi Rimma Ahmedovaning hayotiga bagʻishlangan.

Oilasi

Turmush oʻrtogʻi aktyor va rejissyor Bahodir Yoʻldoshev, oʻgʻli aktyor Bobur Yoʻldoshev.

Vafoti

Rimma Ahmedova 2006-yilning 13-noyabr kuni 64 yoshida vafot etgan. Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan.

Manbalar

Turkum:Sovet aktrisalari Turkum:1942-yilda tugʻilganlar Turkum:4-avgustda tugʻilganlar Turkum:Sovet aktrisalari Turkum:Chigʻatoy qabristoniga dafn etilganlar