Deadpool & Wolverine — bu 2024-yilda Marvel Comics asosidagi, Deadpool va Wolverine qahramonlarini oʻz ichiga olgan Amerika filmi. Marvel Studios, Maximum Effort va 21 Laps Entertainment tomonidan ishlab chiqarilgan hamda Walt Disney Studios Motion Pictures tomonidan taqdim etilgan ushbu film Marvel Kino Olamining (MCU) 34-filmidir. Film Deadpool (2016) va Deadpool 2 (2018) filmlarining davomi hisoblanadi. Film rejissori Shawn Levy boʻlib, u ssenariyni Ryan Reynolds, Rhett Reese, Paul Wernick va Zeb Wells bilan birgalikda yozgan. Filmda Reynolds Wade Wilson/Deadpool va Hugh Jackman Logan / Wolverine rollarini ijro etishgan. Filmda Emma Corrin, Morena Baccarin, Rob Delaney, Leslie Uggams, Aaron Stanford va Matthew Macfadyen kabi aktyorlar ham ishtirok etishgan. Filmda Deadpool Time Variance Authority uning olamini yoʻq qilishga tayyorlanayotganini payqab qoladi hamda boshqa olamdan kelgan Wolverine bilan birgalikda ularni toʻxtatishga harakat qiladi.

„Deadpool“ filmining uchinchi qismi ustida ish boshlash 2016-yil noyabr oyida 20th Century Fox studiyasida boshlangan. Biroq, 2019-yil mart oyida Disney studiyani sotib olganidan keyin toʻxtatilgan. Foxning „X-Men“ film seriyasini nazorati Marvel Studiosga oʻtkazilgan va ular Reynolds bilan birgalikda yangi filmni ishlab chiqishni boshlashgan. Bu filmda Deadpool MCU (Marvel Kino Olami) bilan birlashtirilgan va avvalgi „Deadpool“ filmlarining R reytingini saqlab qolgan. Bu esa Marvel Kino Olami uchun ilk R ratingdagi film hisoblanadi. 2020-yilning noyabrida Wendy Molyneux va Lizzie Molyneux-Logelin filmning ssenariy muallifligiga chaqirilgan. Levy rejissor sifatida chaqirilganidan soʻng, 2022-yil mart oyida avvalgi filmlarga ssenarislik qilgan Reese va Wernick ham film trilogiyasining uchinchi qismiga ssenariy yozish uchun yollangan. 2022-yil avgust oyida Jackman X-Men filmlaridagi Wolverine roʻliga qaytishga rozi boʻlgun. Unga qadar ssenaristlar, Reynolds va Wells bilan birga, filmning ssenariysini yozishda qiyinchilikka duch kelishgan. Film multiolamlar hikoyasi bir qismi boʻlgani uchun „X-Men“ filmlaridan hamda Marvelning boshqa filmlaridan bir necha aktyorlar ham rol ijro etishgan. Suratga olish ishlari 2023-yil may oyida Angliyadagi Pinewood Studiosda boshlangan hamda Norfolk, Los-Anjeles va Bovingdon Film Studiosda davom ettiriligan. Ishlab chiqarish 2023-yil iyulida SAG-AFTRA ish tashlovi tufayli toʻxtatilgan. Ammo noyabr oyida qayta boshlanib, 2024-yil yanvar oyida yakunlangan. Filmning nomi bir oy oʻtib 2024-yil fevralida oshkor etilgan.

„Deadpool & Wolverine“ filmi 2024-yil 22-iyulda Nyu-York shahridagi David H. Koch Teatrida premyera qilingan. 26-iyulda AQShda MCUning Phase Five filmlari doirasida namoyish etilgan. Film butun dunyo boʻylab 1 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. „Joker“ (2019) filmidan keyin 1 milliard dollar daromad qilgan ikkinchi R reytingli film boʻlib, 2024-yilning eng yuqori daromad keltirgan filmlar roʻyhatida ham ikkinchi oʻrinni egallagan.

Rollarda Ryan Reynolds – Wade Wilson / Deadpool rolida: 10005-yerdagi tezda qayta tiklanish qobiliyatiga ega hushchaqchaq personaj. Deadpool regenerativ mutatsiya orqali saratonni davolash jarayonida tanasida jiddiy chandiqlar hosil boʻlgan. Film boshida sevgilisi Vanessa bilan hayot yoʻllari uzilgandan soʻng, u Deadpool boʻlishdan voz kechadi. Wade ofisda avval haydalgan avtomobillar sotuvchisi sifatida faoliyat olib boradi. Ssenariy muallifi Rhett Reese Deadpoolni oʻz olamidan ajralib qolgan baliqqa qiyoslaydi. Reynolds Deadpoolning ishonchsiz hikoyalari hamda toʻrtinchi devorni buzib muhlislar bilan muloqotga kirishganligi sabab muhlislar uni jiddiy qahramon sifatida qabul qilishlarini istamaydi. Ammo uning boshqa superqahramonlarga boʻlgan munosabati sabab muhlislar qalbida ham iliqlik paydo qilishni istashini taʼkidlagan. Deadpool filmida ochilish sahnasi „Dancepool“ deb nomlanib, ushbu raqs Nick Pauley tomonidan ijro etilgan. Filmda Reynolds Deadpoolning hech qanday chandiqlari va qayta tiklanish qobiliyatiga ega boʻlmagan Nicepool variantini ham gavdalantirgan. Hugh Jackman – Logan / Wolverine rolida: Wolverine Sobiq X-Men aʼzosi hamda tezda qayta tiklanish qobiliyatiga ega mutant. Undan tashqari Wolverine tanasi ichidan chiqadigan tirnoqlarga hamda adamantiy metali bilan qoplangan skeletga ega. Bu Wolverine oʻzga olamdan kelgan boʻlib, u oʻz olami aholisini himoya qilolmay ularni gʻazabiga uchragan. Bu film Jackmanga 20th Century Fox’ning X-Men film seriyasidagi rollaridan farqli ravishda qahramonning yangi jihatlarini namoyon etishga imkon bergan. Rolga tayyorgarlik koʻrish uchun Jackman kuniga 8 000 kaloriya oladigan mashq dasturini boshlagan. Jackman, shuningdek, filmda qahramonning komiksdagi 5 fut 3 dyum (160 sm) boʻyiga mos keladigan bir variantini, qahramonning bir koʻzsiz hamda oq smoking kiygan qimorboz Patch variantini, Keksa Logan hamda qahramonning „Incredible Hulk“ komikslaridagi birinchi paydo boʻlishida Hulk bilan jang qilgan variantlarini ijro etgan. Emma Corrin – Cassandra Nova rolida: Cassandra Nova Charles Xavierning telekinetik va telepatik kuchlarga ega boʻlgan egizak singlisi. Corrin avvallari yovuz rollarni ijro etmagani sabab filmda yovuz odam rolini gavdalantirishda biroz qiyinchiliklarga duch kelgan. Corrin, Christoph Waltzning Inglourious Basterds (2009) filmidagi Hans Landa obrazidan ilhom olgan. Reynolds esa Casandra obrazining xavfliligi va ayyorliklarini aktyor Gene Wilder rollaridan ilhomlanish kerakligini taʼkidlagan. Reynolds va Levy Corringa Cassandra roli qolganlar uchun yaxshi doʻst boʻlib koʻrinib ularni osonlik bilan gumdon qila oladigan obraz sifatida gavdalantirishi kerakligini tushuntirdilar. Corrin rolga tayyorlanish jarayonida jismoniy transformatsiya qilishni ham xohlagan edi, biroq studiya bu obraz uchun unchalik ham muhim emasligini aytib, eʼtiborni ijroga qaratishni soʻragan. Morena Baccarin – Vanessa Carlysle rolida: Wadening sobiq mashuqasi. Rob Delaney – Peter Wisdom rolida: Wadening eski mashinalar savdosi ofisidagi hamkasbi hamda Wadening X-Force jamoasi aʼzosi: Leslie Uggams – Blind Al: Wadening koʻzi ojiz boʻlgan qariya xonadoshi. Aaron Stanford – Jon Allerdyce / Pyro rolida: Pyro Voidda Cassandraga hizmat qiladigan mutant. U „X2“ (2003) va „X-Men: The Last Stand“ (2006) filmlaridagidan farqli ravishni kostyumi koʻproq komiksdagi kostyumga oʻxshaydi. Matthew Macfadyen – Paradox rolida: U Time Variance Authority (TVA) agenti boʻlib, „Time Ripper“ mashinasi yordamida 10005-yerning yoʻq qilinishini tezlashtirish boʻyicha ruxsat etilmagan loyihani boshqaradi. Paradox TVA ga oʻzini rahbar boʻla olishini koʻrsatishga harakat qiladi.

Deadpool va Wolverine filmiga Deadpoolning avvalgi qismlarida ijro etgan baʼzi aktyorlar bu filmda ham koʻrinish beradi. Jumladan Karan Soni taksi haydovchisi va Wadening muxlisi Dopinder roliga, Brianna Hildebrand X-Menning atom bombasi kabi portlashlarni amalga oshira olish qobiliyatiga ega oʻsmir aʼzosi Negasonic Teenage Warhead roliga, Shioli Kutsuna Negasonic esa Teenage Warheadning sevgilisi va X-Men aʼzosi Yukio roliga qaytishgan. Undan tashqari Lewis Tan X-Force aʼzosi Rusty/Shatterstar roliga qaytgan. Undan tashqari Marvelling avvalgi filmlarida rol ijro etgan Tyler Mane Victor Creed (Sabretooth) roliga, Aaron W. Reed Cain Marko (Juggernaut) roliga hamda Mike Waters Frederick Dukes (Blob) rollariga qaytishgan. Qoʻshimchasiga, Eduardo Gago Munoz Azazel roliga, Jade Lye Lady Deathstrike roliga, Ayesha Hussain Psylocke roliga , Daniel Medina Ramos Toad roliga, Curtis Small Bullseye roliga, Chloe Kibble Callisto roliga hamda Nilly Cetin Quill rollariga chaqirilgan.

Manbalar

Havolalar Marvel.com saytida

Turkum:2024-yil filmlari Turkum:Marvel kinematografiya koinoti filmlari Turkum:2020-yillar superqahramonlar haqidagi filmlar Turkum:AQSh filmlari Turkum:Ingliz tilidagi filmlar Turkum:2024-yil 3D-filmlari Turkum:AQSH 3D-filmlari Turkum:4DX-filmlar Turkum:IMAX filmlari Turkum:AQSH ilmiy-fantastik filmlari Turkum:AQSH kinokomediyalari Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar