T-Bank (), sobiq Tinkoff bank () – Moskva shahrida joylashgan va 2006-yilda Oleg Tinkov tomonidan asos solingan Rossiya tijorat banki. U raqamli bank hisoblanib, mijozlariga jismoniy xizmat koʻrsatishga moʻljallangan filiallari mavjud emas. Bank Rossiyada kredit kartalar chiqarish boʻyicha ikkinchi eng yirik hamda mijozlar soni boʻyicha dunyodagi eng yirik raqamli bank hisoblanadi. 2022-yil mart oyi holatiga koʻra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida kiritilgan sanksiyalarga muvofiq Tinkoff bankning kredit reytinglari bekor qilingan.
Tarixi Tadbirkor Oleg Tinkov Boston Konsalting Grup konsultantlari bilan Rossiyada filiallarga ega boʻlmagan bank ochish gʻoyasini muhokama qilganidan keyin 2006-yilda Tinkoff Credit Systemsga asos soldi. Tinkov bankka 70 mln dollar atrofida sarmoya yotqizdi va uning ish faoliyatini Amerikaning Capital One banki biznes modelida tashkil qildi. Tinkov Moskvadagi Ximmashbank korporativ bankini sotib oldi. 2007-yilda bankka Goldman Sachs tomonidan sarmoya kiritildi. 2013-yilda Tinkoff bank London fond birjasida listingga kiritilib, 1,1 mlrd dollarga baholandi va oʻsha yili bank Financial Times nashrining Banker jurnali tomonidan yilning eng yaxshi banki deb topildi.
2013-yilda Dmitriy Agarkov ismli rus bankdan 24 million rubl (724 ming dollar) undirishga uringan; Agarkov 2008-yilda bank bilan tuzilgan kredit karta shartnomasini tahrir qilgan va uning tahrirlari bank tomonidan qabul qilingan. Keyinchalik, nomaʼlum kelishuvga erishilgandan soʻng, tomonlar qonuniy daʼvosidan voz kechdi.
2015-yilda bank rebrendingni amalga oshirib, Tinkoff bankka aylandi. Ayni yilda Global Finance jurnali tomonidan Rossiyaning eng yaxshi Internet-chakana banki deb topildi.
2019-yilning dekabrida Tinkoff bank Rossiyadagi klaviaturasiz va qogʻoz kvitansiyalarni chop etish imkoniyati boʻlmagan birinchi toʻliq raqamli bankomatni taqdim qildi. 2019-moliya yilida Tinkoff daromadlari 33 foizga oshganini eʼlon qildi. Tinkoff bank ilovasining navbatdagi yangilanishida kinoteatr chiptalari va mehmonxona xonalarini hamda oʻzining shoʻba korxonasi Tinkoff Travel orqali taʼtillarni band qilib qoʻyish funksiyalari qoʻshildi. 2020-yilning mart oyida bank aksiyalarining 40 foiziga egalik qiluvchi Oleg Tinkov AQSh Adliya vazirligi tomonidan ayblanganidan soʻng, bank aksiyalari qiymati tushib ketdi. 2020-yilda Tinkoff solarisBank hamda Visa tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan Vivid Money nemis mobil banking startapini moliyalashtirishga yordam berdi.
2021-yilning boshida Oleg Tinkov ulushining bir qismini sotganidan va qolgan 35 foiz qismini oddiy aksiyalarga konvertatsiya qilganidan soʻng, TCS Groupning yirik aksiyadorlari safidan chiqdi.
2021-yilning fevralida The Banker nashri Tinkoff bankni Rossiyaning 50 ta banki orasida yetakchi bank deb topdi. Ushbu oʻrin Covid-19 davrida onlayn-banking rolining ortishi bilan bogʻliq.
2021-yilning 29-mart kuni Tinkoff bank Moskva arbitraj sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qildi. Bank MTS uyali aloqa operatorini SMS joʻnatish uchun tariflarni adolatsiz oʻrnatishda ayblab, 1 milliard rubldan ortiq miqdorda tovon puli toʻlashni talab qildi. MTS ayblovlarga qarshi chiqdi. Biroz keyinroq, may oyida Tinkoff oʻxshash daʼvo bilan Rossiyaning „katta uchlik“ operatorlaridan yana biri VimpelComni sudga berdi. Bu galgi tovon puli miqdori 436,8 million rubl edi.
Forbes jurnalining 2021-yil aprel oyidagi „Dunyoning eng yaxshi banklari“ (The World’s Best Banks) reytingida Tinkoff Rossiya banklari orasida beshinchi oʻrinni egalladi.
2021-yil oktyabr oyida bank Tinkoff Businessning bir qismi sifatida elektron tijorat boʻlimini tashkil qildi. Unga tajribasiz va eBay Rossiyaning sobiq bosh direktori Ilya Kretovni rahbar etib tayinladi.
2021-yil oktyabr oyida Rossiya Markaziy banki Tinkoff bank tarkibiga kiruvchi „Tinkoff Capital“ aktivlarini boshqarish kompaniyasiga portfelni boshqarish imkonini beruvchi litsenziyani berdi. 2019-yil iyun oyida tashkil etilgan „Tinkoff Capital“ investitsiya, xususiy pensiya va xususiy kapital fondlarini boshqarishga ruxsat oldi. 2021-yil oktyabr holatiga koʻra, „Tinkoff Capital“ ning sof kapitali 30 milliard dollarga baholangan. Xuddi shu oyda Tinkoff bankni boshqaruvchi TCS Group Singapurda „Tinkoff Global PTE“ ga asos soldi va guruhning xalqaro kengayish strategiyasiga muvofiq Janubi-sharqiy Osiyo bozorlariga eʼtibor qaratdi. Xuddi shu oyda Rossiya Markaziy banki Tinkoff bankni haddan tashqari rivojlanishi va mijozlar bazasi tufayli tizimli ahamiyatga ega boʻlgan kredit tashkilotlari roʻyxatiga qoʻshdi.
2022-yil mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida kiritilgan sanksiyalarga muvofiq Tinkoff bankning barcha kredit reytinglari bekor qilindi.
Manbalar
Turkum:Rossiya banklari Turkum:Moskvada joylashgan kompaniyalar