Moliyaviy piramida (Ponzi sxemasi) firibgarlik turi boʻlib, unga koʻra avvalgi investorga vaʼda qilingan daromad yangi kelgan investorlar mablagʻi hisobidan toʻlab beriladi. Moliyaviy piramidada jabrlanuvchilar („investorlar“) kelayotgan foyda boshqa investorlar hisobidan emas, balki qonuniy tijoriy operatsiyalardan (masalan, omadli investitsiyalar, tovar sotuvi) keladi deb oʻylashadi. Yangi investorlar oʻz mablagʻini ishonib topshirishi, investorlarning bir vaqtda oʻz mablagʻini qaytarib olish talabi bilan chiqmasligi va qalbaki hisobotlar omadli investitsion kompaniya haqida illyuziyani paydo qiladi. Moliyaviy piramida asoschilari yangi aʼzolarga noreal darajada yuqori foizli daromadlarni taklif qilishadi. Vaholanki, bunday foizli daromadlarni uzoq muddatda taʼminlab boʻlmaydi yoki bu faoliyat yuqori riskka ega boʻladi. Aynan yolgʻon vaʼdalar, maʼlumotlarni qalbakilashtirish elementlari mavjudligi sababli, moliyaviy piramidalar firibgarlik hisoblanadi. Investorlardan yigʻilgan mablagʻlar likvid aktivlarni sotib olishga yoʻnaltirilmaydi, balki darhol oldingi ishtirokchilarga toʻlovlar, loyiha reklamasi va tashkilotchilarning oʻz ehtiyojlari uchun sarflanadi. Moliyaviy piramida va haqiqiy biznes loyihasi oʻrtasidagi asosiy farq — daromad toʻlash manbai hisoblanadi. Charles Ponzi tarixdagi eng katta moliyaviy piramidalarning biriga asos solganligi sababli, moliyaviy piramida „Ponzi sxemasi“ deb ham yuritiladi. Bozordagi baʼzi iqtisodiy pufaklar bir guruh shaxslarning koʻproq daromad olish maqsadidagi chayqovchilik va maʼlumotlarni qalbakilashtirish faoliyati orqali paydo boʻlsa-da, iqtisodiy pufaklarning barchasi ham moliyaviy piramida hisoblanmaydi. Piramida sxemasining yakuniy maqsadi noqonuniy tarzda daromad olish hisoblansa-da, jarayon jihatidan Ponzi sxemasidan farq qiladi.

Tarixi

Lola vasvasasi 1636—1637-yillarda Gollandiyada lola piyozi savdosi avj oldi. Noyob, rang-barang navlarning narxi 1620-yillarning boshlarida bir bosh piyoz uchun minglab guldenga yetdi, ammo 1630-yillarning oʻrtalariga qadar bu gul yetishtiruvchilar va boylarning tor doirasidagi savdosi ediKindleberger (2011), p. 115. 1636-yilning yozida chayqovchilar lolalarning fyuchers savdosiga qoʻshildilar. Olti oylik ajiotaj savdoda nodir navlarning narxi bir necha oʻn barobarga oshdi va 1636-yil noyabr oyida oddiy, arzon navlar uchun spekulyativ narx oʻsishi boshlandi. 1637-yil fevral oyida lola sotuvchilari oʻz lolalarini yuqoriroq narxda sotib oluvchi xaridorlarni ortiq topib boʻlmasligini angladilar. Sotuvchilar ommaviy ravishda oʻz ixtiyorlaridagi lolalarni sota boshladilar, shu sababli lola bozoridagi narxlar keskin pasayib ketdi — iqtisodiy pufak yorildi. Oqibatda kafolatlanmagan lola shartnomalari sotuvchilari va xaridorlar oʻrtasida koʻp yillik sud ishlari boshlandi. Lola vasvasasi iqtisodiy pufaklarning yorqin misoli boʻlsa-da, uni moliyaviy piramida deb ham yuritishadiDash (2010), p. 120.

Ponzi piramidasi left|thumb|Charles Ponzi.1920 yil

AQShda birinchi „piramida“ Italiyadan kelgan muhojir Charles Ponzi tomonidan yaratilganZuckoff (2005), p. 5—6. 1919-yil avgust oyida ispan tadbirkori Charlesga maktub orqali „International reply coupon“ni (xalqaro javob qaytarish kuponi) yubordi. Kupondan foydalanish tafsilotlarini aniqlagandan soʻng, Ponzi valyuta kurslari nisbati sababli Yevropaning bir qator mamlakatlarida sotib olingan kuponlarni AQShda foydali narxda qayta sotish imkonini berishini aniqladi. Ponzi „The Securities and Exchange Company“ni (SXC) tashkil etdi va bir nechta investorlarni oddiy veksel evaziga oʻzi taklif qilgan firibgarlikni moliyalashtirishga koʻndirib, ularga transatlantik savdodan 45 kun ichida 50 foiz yoki 90 kun ichida 100 foiz foyda olishni vaʼda qildiKindleberger (2011), p. 190. Bu xabardan soʻng Ponziga pul beruvchilar sezilarli darajada oshib ketdi. Aslida, Ponzi kupon sotib olmoqchi emas edi. Gap shundaki, xalqaro javob kuponini naqd pulga emas, faqatgina pochta markalariga almashtirish mumkin edi, yaʼni kuponlar chayqovchilik vositasi hisoblanmas edi. Bu maʼlumot sir emas edi — istalgan odam bu haqida bilishi mumkin edi. Biroq, 1920-yil iyuliga kelib, Ponzi oʻz veksellarini kuniga 250 000 dollargacha sotardi. Bu shov-shuv matbuot tomonidan chop etilgan toʻlovlar tufayli ham kuchayib ketdi (ayniqsa, Boston Post tomonidan)Zuckoff (2005), p.34—35.

Post Magazine jurnalida chop etilgan maqoladan soʻng piramida quladi. Maqolada Ponzi kompaniyasiga kiritilgan investitsiyalarni qoplash uchun muomalada 160 million kupon boʻlishi kerak edi, lekin oʻsha yillarda dunyo boʻylab atigi 27 ming kupon bor edi. 1920-yil 10-avgustda kompaniyani yopish va uning ichki buxgalteriya hisobini koʻrib chiqishda federal agentlar SXC umuman investitsiya qilmaganligini, shunchaki veksellarni sotishdan tushgan mablagʻlardan veksel foizlarini toʻlaganligini aniqladilar. Investorlar uchun pulning bir qismi topildi va qaytarildi. Ularning har biri oʻrtacha hisobda veksel nominal qiymatining qariyb 37 foizini oldi.

Ponzi hibsga olinib, AQSh Federal pochta xizmatiga qarshi firibgarlikda ayblandi va qamoqqa olindi. Umuman olganda, u 17 mingdan ortiq odamni aldashga muvaffaq boʻldi. 1924-yilda chuv tushirilgan mijozlarning bir qismi Charles Ponzining qolgan boyligiga daʼvo qilib AQSh Oliy sudiga ariza yoʻllashdi. Tergov jarayonida bosh sudya William Howard Taft, Ponzi oʻzining „markali“ tashkilotini atigi 150 dollar bilan boshlaganini aniqladi. Investorlar yoʻqotishi taxminan 15 mln. dollarga teng edi. Ponzi qilgan jinoyatlari uchun 14 yil umrini qamoqda oʻtkazdi. Ponzi biznesi vaqtida ham, firibgarlikda ayblanib qoʻlga tushganida ham OAV tomonidan keng yoritiladi. Shu sababli, moliyaviy piramidalar Ponzi sxemasi deb ham yuritiladi.

Boshqa holatlar

Birinchi qayd etilgan Ponzi sxemasiga mos firibgarliklar 1869—1872-yillarda Germaniyada Adele Spitzeder tomonidan, 1880-yillarda AQShda esa Sarah Howelarning „Ayollar depoziti“ sxemasi orqali sodir etilgan. Howe faqat ayol mijozlar uchun oyiga 8 foizli omonatni vaʼda qiladi, keyin esa ulardan olgan pullarini oʻzlashtiradi. Oxir-oqibat u qoʻlga tushadi va 3 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Charles Dickensning „Martin Chuzzlewit“(1844) va „Little Dorrit“ (1857) asarlarida ham shu sxema elementlari mavjud.

Usullar

Odatda moliyaviy piramidalarga qoʻshilish uchun dastlabki investitsiyalar talab qilinadi, evaziga esa katta foizli foyda vaʼda qilinadi (minimal riskli oʻrtacha omonat stavkasidan 3-4 barobar yoki undan ortiqroq foyda). Ular mashhur, ammo umumiy va aniq boʻlmagan „xedjerlangan fyuchersli savdo“, „katta daromadli investitsion loyihalar“ yoki ofshor investitsiyalarni taklif qilishadi. Yetarli bilimga ega boʻlmagan investor bu gaplarga ishonadi. Operator mijoz bilan aloqada koʻpincha mijozning moliyaviy bilim savodxonligi pastligidan (yoki umuman bilim darajasi yetarli emasligi) foydalanadi. Mijoz sxema haqida maʼlumot olmoqchi boʻlganida esa operator bu maxfiy investorlik strategiyasi ekanligiga ishontirishga urinadi. Ponzi sxemasida asosan „Polga foydasini berish uchun Piterni chuv tushir“ sxemasidan foydalaniladi. Koʻproq investorlar yigʻilganida piramida harakatga kela boshlaydi. Piramida yaratuvchi dastlabki investorlarga yangi kelgan investorlari hisobidan „foyda“ toʻlaydi. Katta foiz stavkasi orqali investorlar ham oʻz pullarini olishga shoshilishmaydi, oqibatda sxema yaratuvchisi koʻp daromad sarflamaydi. Oqibatda, operator shunchaki qancha pul ishlab topganini koʻrsatib mijozni ishontirishga urinadi Frankel 2012, p. 3-4. Ponzi sxemasidagi investorlar mablagʻlarini qaytarib olishda muammoga duch kelishlari mumkin. Operatorlar mijozlarga pullarini maʼlum muddat olmaslik evaziga yanada katta foizli foydani taklif qilishadi. Agar bir nechta investorlar shuncha takliflarga qaramay, oʻz pullarini olishni qatʼiyan talab qilsalar, ularga oʻsha pullar toʻlab beriladi. Shu orqali piramidaning toʻlovga qobiliyatliligi haqida savollar yoʻqoladi, bu joriy investorlar ishonchsizligini yoʻqotadi va yangi investorlarni jalb etadi (hatto pullarni olgan investorlar qaytib pullarini tikishlari mumkin). Baʼzida qonuniy moliyaviy tashkilot sifatida faoliyatini boshlaganlar keyinchalik kutilmaganda pullarni yoʻqotish yoki kutilayotgan foydani qonuniy tarzda qaytarib olmaslik oqibatida osongina moliyaviy piramidaga aylanishlari mumkin. Operatorlar ishonchni oqlamaganliklarini aytish oʻrniga yolgʻon koʻrsatkichlarga ega hisobotlar yaratishi yoki auditorlik hisobotini soxtalashtirishi moliyaviy piramida boʻlish uchun yetarli sabab hisoblanadi. Moliyaviy bilimga ega insonlarni aldash uchun qonuniy moliyaviy vositalardan foydalanish holatlari ham boʻlgan. Masalan, Allen Stanford depozit sertifikatlari yordamida oʻn minglab insonlarni aldagan. Vaholanki, depozit sertifikatlari past riskka ega ishonchli moliyaviy vosita hisoblanadi. Ammo Allen Stanfordning depozit sertifikatlari qalbaki edi.

Nazariy jihatdan hedj fondlar Ponzi sxemasi orqali „muvaffaqiyatga erishishlari“ mumkin. Yaʼni, katta riskka ega investitsion loyihani amalga oshirgach, kompaniya oʻz moliyaviy hisobini „toʻgʻirlashi“ mumkin. Bundan tashqari bankrot boʻlishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi aniq boʻlgan fond oʻzining jinoiy izlarini yoʻqotish maqsadidagi qoʻshimcha noqonuniy moliyaviy faoliyatni „qoʻshimcha kichik risk“ sifatida koʻrishi mumkin (masalan, insayderlik savdosi). Ayniqsa, hedj fondlar boshqa shakldagi investitsion vositalardan ancha yumshoqroq nazorat qilinishi (masalan, Mutual Fund) sababli, agar aniq koʻrsatilgan noqonuniy harakat yoki dalilga ega shaxs boʻlmasa, hisobotning oʻzida xatolikni aniqlash ancha qiyin kechadi. Agar moliyaviy piramida faoliyati davlat tomonidan toʻxtatilmasa, u quyidagi sabablar yoki ulardan biri tufayli inqirozga uchraydiLewis (2016) p. 6—7:

Tashkilotchi barcha pulni olib qochib ketadi. „Muvaffaqiyatli“ moliyaviy piramidada toʻlanishi kerak boʻlgan daromadlar kutilayotgan investitsiyalardan baland boʻlganida tashkilotchilar piramidani qulatishadiLewis (2016) p. 8. Chunki, aynan shu vaqt daromad maksimal boʻladi. Agar „mijozlar“ birlashgan holda tashkilotchilardan pullarni talab qilsalar yoki tashkilotchilar risk yuqori holatda ham yana yangi mijozlarni kutsalar, bu oxir oqibat oʻz pullarini talab qiluvchi koʻp sonli mijozlar paydo boʻlishiga olib keladi. Tashqi iqtisodiy omillar. Masalan, iqtisodiy inqiroz, shov-shuvli xabarlar tarqalishi 2008-yilgi moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida Madoffning investitsion mojarosi) mijozlarning oʻz pullarini bir qismini yoki barcha investitsiyalarini muddatidan oldin qaytarib olishga undaydi. Bunday omillar hattoki, qonuniy bank faoliyatini bankrotlikka olib keladi (bank run), Ponzi sxemasini esa yanada tezroq inqirozga boshlaydi. Odatda yuqoridagi holatlar ikkitasi birga sodir boʻlishi mumkin. Masalan, politsiyaning kompaniyaning qonuniy faoliyati boʻyicha tekshiruvi, imkoni boricha uzoq faoliyat koʻrishga intilgan tashkilotchilarning tezroq juftakni rostlash istagi paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Oqibatda moliyaviy piramida ancha tez vaqtda qulaydi.

Huquqiy nuqtai nazardan moliyaviy piramida

Moliyaviy piramida va firibgarlik

Koʻpincha „moliyaviy piramida“ „firibgarlik“ ning sinonimi sifatida talqin qilinadi. Biroq, amalda, piramida sxemasi firibgarlik boʻlmasligi mumkin. MMM-2011 piramida sxemasini tashkil etgani uchun Sergey Mavrodini jinoiy javobgarlikka tortishga urinishlar tarixi bunga yorqin misol boʻldi. Ular hech qanday firibgarlikda emas, faqat noqonuniy tadbirkorlikka sheriklik vajlari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatishlari mumkin edi.

Oʻzbekiston Respublikasida jinoiy javobgarlik

Oʻzbekiston respublikasida moliyaviy piramidaga aloqador shaxslar Jinoyat kodeksining 188¹-moddasi „Pul mablagʻlarini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat“ga koʻra eng ogʻir hollarda oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Moliyaviy piramidani tan olish muammosi