Qizil qal’a yoki Lal Qila  – Hindistondagi tarixiy qalʼa boʻlib, u Boburiy imperatorlarining asosiy qarorgohi sifatida foydalanilgan. Imperator Shoh Jahon poytaxtni Agradan Dehliga koʻchirishga qaror qilganda, 1638-yil 12-mayda Qizil qal’a qurilishi boshlangan. Qal’a dizayni Toj Mahalni qurgan meʼmor Ustod Ahmad Lohuriyga tegishli. Qal’ani Shoh Jahon davridagi Boburiy arxitekturasining choʻqqisi deb atash mumkin. 1739-yilda Nodirshohning Boburiylar imperiyasiga bostirib kirishi paytida qal’adagi sanʼat asarlari talon-toroj qilingan. Qal’aning marmar qismlari 1857-yilgi qoʻzgʻolondan keyin inglizlar tomonidan buzib tashlangan. Lekin qal’aning mudofaa devorlari buzilmagan va keyinchalik garnizon sifatida ishlatilgan. 1947-yil 15-avgustda Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javoharlaʼl Neru Hindiston bayrogʻini qal’a darvozasi tepasiga koʻtargan. Har yili Hindiston Mustaqillik kunida (15-avgust) Bosh vazir qal’aning asosiy darvozasiga Hindistonning bayrogʻini koʻtargan va efirda nutq soʻzlagan. Qizil qal’a 2007-yilda Qizil qal’a majmuasining bir qismi sifatida Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Manbalar

Turkum:Dehlidagi arxeologik yodgorliklar Turkum:Boburiylarga oid tarixiy obidalar Turkum:Hindiston saroylari