Winterthur jangi (27-may, 1799-yil) – Fransuz inqilobiy urushlarining bir qismi boʻlgan Ikkinchi Koalitsiya urushi paytida Danube armiyasining elementlari (qismlari) va Gabsburg armiyasining elementlari (qismlari) oʻrtasidagi kechgan muhim jarayon edi. Winterthur shahri Shveysariyadagi kichik shahar boʻlib, Zurichdan 18 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. Yettita yoʻlning kesishmasida joylashganligi sababli, shaharni ushlab turgan armiya Shveysariyaning katta qismiga va Reyn daryosidan Germaniya janubiga oʻtadigan nuqtalarga kirishni nazorat qilardi. Ishtirok etgan kuchlar kichik boʻlsa-da, avstriyaliklarning fransuz qoʻshinlariga 11 soatlik hujumini davom ettirish qobiliyati Zurich shimolidagi tepalikda uchta Avstriya kuchlarining birlashishiga olib keldi va bir necha kundan keyin fransuzlarning magʻlubiyatiga olib keldi.

1799-yil may oyining oʻrtalariga kelib, avstriyaliklar Shveysariyaning bir qismini fransuzlardan tortib olishadi. Hotze va graf Heinrich von Bellegarde qoʻmondonligi ostidagi kuchlar fransuzlarni Grizonlardan siqib chiqarishdi. Archgertsog Charles qoʻmondonligi ostida Avstriyaning asosiy armiyasi Ostrach va Stockach janglarida Jean-Baptiste Jourdanning 25 000 kishilik Danube armiyasini magʻlub etganidan soʻng, Shveysariyaning Schaffhauzen shahrida Reyn daryosini kesib oʻtdi va Zurich atrofidagi tekisliklarda Hotzening hamda Nauendorf grafi Friedrich Josephning qoʻshinlari bilan birlashishga tayyorlanadi.

Fransiyaning Helvetiya va Danube armiyalari Andre Massena qoʻmondonligi ostida bu birlashishni oldini olishga harakat qilishadi. Masséna Michel Ney va kichik aralash otliq va piyoda qoʻshinni Zurichdan Winterthurga Hotzening kuchlarini toʻxtatish uchun yuboradi. Keskin kurashga qaramay, har ikkala tomon ham koʻp qurbonlar berishgan boʻlsada, avstriyaliklar fransuzlarni Winterthur togʻlaridan siqib chiqarishga muvaffaq boʻlishadi. Iyun oyining boshida Gabsburg qoʻshinlarining birlashuvi boʻlib oʻtganidan soʻng, Archgertsog Charles Zurichdagi fransuz pozitsiyalariga hujum qiladi va fransuzlarni Limmatdan tashqariga chekinishga majbur qiladi.

Urushdan oldingi vaziyat Siyosiy va diplomatik vaziyat

Dastlab, Yevropa hukmdorlari Fransiyadagi inqilobni ular aralashishi kerak boʻlmagan, balki fransuz qiroli va uning fuqarolari oʻrtasidagi ziddiyat sifatida koʻrishadi. Inqilobiy ritorika kuchayib borar ekan, Yevropa hukmdorlari oʻzlarining manfaatlarini Louis va uning oilasi manfaatlari bilan birdek eʼlon qildilar. Ushbu Pillnits Deklaratsiyasi, agar qirol oilasiga biror narsa boʻladigan boʻlsa, noaniq, ammo juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi bilan tahdid qiladi. Fransiyaning pozitsiyasi tobora qiyinlashadi. Xalqaro munosabatlardagi muammolarni murakkablashtirgan fransuz muhojirlari aksilinqilob uchun tashviqotni davom ettirdilar. 1792-yil 20-aprelda Fransiya Milliy Konvensiyasi Avstriyaga urush eʼlon qiladi. Birinchi Koalitsiya Urushida (1792-1798) Fransiya u bilan quruqlik yoki suv chegaralarini baham koʻradigan koʻpgina Yevropa davlatlariga, shuningdek, Portugaliya va Usmonli imperiyasiga qarshi chiqadi. Koalitsiya kuchlari Verdun, Kayzerslautern, Neervinden, Mayns, Amberg va Vyurtsburgda bir nechta gʻalabalarga erishgan boʻlsada, Napoleon Bonapartning Italiya shimolidagi saʼy-harakatlari Avstriya kuchlarini ortga suradi va bu vaziyat Leoben tinchligi (17-aprel, 1797-yil) toʻgʻrisidagi kelishuvga hamda keyinchalik, Campo Formio shartnomasi(17-oktyabr, 1797-yil) bilan yakunlanadi.

Shartnoma tegishli tomonlar oʻrtasida aniq hududiy va toʻlov tafsilotlarini ishlab chiqish uchun uchrashuvlar oʻtkazishni talab qilardi. Reynlandiyaning oʻrtalarida joylashgan kichik shaharcha Rastattda chaqirilgan Kongress tezda intriga va diplomatik pozitsiyalar botqogʻida izdan chiqadi. Fransuzlar koʻproq hudud talab qiladilar. Avstriyaliklar esa belgilangan hududlarni berishni istamaydilar. Kongress muammolarini kuchaytirib, Fransiya va Birinchi Koalitsiya ittifoqchilarining aksariyati oʻrtasida keskinlik kuchayadi. Ferdinand (Neapol qiroli) Fransiyaga kelishilgan soliqlarni toʻlashdan bosh tortadi va uning fuqarolari bu rad etishdan keyin isyon koʻtarishadi. Shundan soʻng Fransuzlar Neapolni bosib olib, Parfenopiya Respublikasini tuzadilar. Shveysariya kantonlarida, Fransiya Respublikasi tomonidan ragʻbatlantirilgan respublika qoʻzgʻoloni Shveysariya Konfederatsiyasining agʻdarilishiga va Helvetiya Respublikasining barpo etilishiga olib keladi. Fransuz Direktoriyasi avstriyaliklar yana bir urush boshlashni rejalashtirayotganiga amin edi. Darhaqiqat, Fransiya qanchalik zaif koʻrinsa, avstriyaliklar, neapolliklar, ruslar va inglizlar bu imkoniyatni shunchalik jiddiy muhokama qilishardi. Bahorning oʻrtalarida avstriyaliklar Rossiya podshosi Pavel bilan kelishuvga erishdilar. Unga koʻra Aleksandr Suvorov yana 60 000 askar bilan Italiyada Avstriyaga yordam berish uchun nafaqadan qaytariladi.

1799-yilda urushning boshlanishi

1799-yilda Fransuz Direktoriyasining harbiy strategiyasi barcha jabhalarda hujum kampaniyalarini oʻtkazishga chaqiradi: markaziy Italiya, Shimoliy Italiya, Shveysariya kantonlari, yuqori Reynlandiya va Niderlandiya. Nazariy jihatdan, fransuzlarning umumiy kuchlari 250 000 kishilik qoʻshindan iborat edi. Ammo bu jang dalasida emas, balki qogʻozda edi. 1799-yil qish tugaganda, general Jean-Baptiste Jourdan va Danube armiyasining qogʻoz quvvati 50 000 kishilik, ammo haqiqiy kuchi 25 000 kishilik qoʻshini 1-mart kuni Bazel va Kehl oʻrtasida Reyn daryosini kesib oʻtadi. Ushbu kesib oʻtish rasmiy ravishda Campo Formio shartnomasini buzadi. Danube armiyasi Qora oʻrmondan oʻtib, mart oyining oʻrtalarida Ostrach qishlogʻi tomonidan Shveysariya Platosining gʻarbiy va shimoliy chekkasida hujumkor pozitsiyani oʻrnatadi. Andre Massena oʻzining 30 000 kishilik qoʻshini bilan allaqachon Shveysariyaga bostirib kirgan va Chur dagi Grizon Alplariga hamda Inn daryosi boʻyidagi Finstermuenzga muvaffaqiyatli oʻtib olgan edi. Nazariy jihatdan, uning chap qanoti Konstans koʻlining sharqiy qirgʻogʻida Piere Marie Barthelemy Ferino boshchiligidagi Jourdanning oʻng qanot qoʻshinlari bilan bogʻlanishi kerak edi.

Avstriyaliklar oʻz qoʻshinlarini Tiroldan Danubegacha boʻlgan chiziqda toʻplagan edilar. 46 000 kishilik kuch graf Heinrich von Bellegarde qoʻmondonligi ostida Tirol mudofaasini tashkil etardi. 26 000 kishidan iborat yana bir kichik Avstriya kuchlari Friedrich Freiher von Hotze qoʻmondonligi ostida Vorarlbergni qoʻriqlagan. Avstriyaning asosiy armiyasi — Archgertsog Charles qoʻmondonligi ostida 80 000 ga yaqin qoʻshin — Lexning sharqiy tomonidagi Bavariya, Avstriya va Zalsburg hududlarida qishlashdi. Ostrach (21-mart) va Stokach (25-mart) janglarida Avstriyaning asosiy kuchi Danube armiyasini Qora oʻrmonga qarab chekinishga majbur qiladi. Charles Shveysariyaning Shaffhauzen shahrida yuqori Reyn daryosini kesib oʻtishni rejalashtirgan edi. Friedrich Freiher von Hotze oʻz kuchlarining bir qismini (taxminan 8000) gʻarbga olib keldi, qolgan qismini esa Vorarlbergni himoya qilish uchun qoldirdi. Shu bilan birga, Nauendorf grafi Friedrich Joseph Avstriyaning asosiy kuchlarining chap qanotini Eglisau tomonidan Reyn boʻylab olib keldi. Ular Avstriyaning asosiy armiyasi bilan birlashishni, Zurichning shimoliy kirish nuqtalarini nazorat qilishni va Massena bilan jangga kirishishni rejalashtirdilar.

May oyining oʻrtalariga kelib, fransuzlarning ruhiyati past edi. Ular qoʻshimcha kuchlar bilan toʻldirilgan boʻlishlariga qaramay Ostrach va Stockachda dahshatli yoʻqotishlarga duch kelishdi. Danube armiyasining ikki yuqori martabali ofitseri Charles Mathieu Isidore Decaen va Jean-Joseph Ange dʼHautpoul oʻzlarining katta ofitserlari Jourdan tomonidan tan olingan nojoʻya hatti-harakatlarda ayblanib, harbiy sudga tortildilar. Jean-Baptiste Bernadotte va Laurent de Gouvion Saint-Cyr kasal edilar yoki sogʻliklarini tiklash uchun armiya lagerlarini tark etganliklarini daʼvo qilishardi. Massenaning kuchlari Feldkirchda Hotze qoʻshini tomonidan qaytarildi va ortga qaytishga majbur boʻldi va LeCourbening Tiroldagi Bellegardening avstriyalik kuchlariga qarshi tura olmagani Massenaning janubiy qanotini, shuningdek, markaziy va shimoliy qanotlarini orqaga tortib olishga majbur qildi. Maqsad qanotlarda chekinayotgan qoʻshinlar bilan aloqa qila olish edi. Shu nuqtada, shuningdek, Shveysariya yana qoʻzgʻolon koʻtardi, bu safar fransuzlarga qarshi va Zurich Masséna egallashi mumkin boʻlgan oxirgi himoya pozitsiyasiga aylandi.

thumb|Elggda Hotze oʻzining oldingi postlarini oʻrnatadi. Qishki qorlar erib ketgan boʻlsada, yer hali ham hoʻl edi va soylar hali ham toʻliq bahor oqimida edi.

Yetakchilik Ostrach va Stokachdagi janglardagi magʻlubiyatlardan va Danube armiyasining Qora oʻrmonga chekinishidan soʻng, Fransuz Direksiyasi 1799-yil aprel oyida Jean-Baptiste Jourdanni lavozimidan boʻshatdi va Helvetiya armiyasiga ham, Danube armiyasiga ham qoʻmondonlik qilishni Andre Massenaga topshirdi. Zurichga shimoliy yoʻlni himoya qilib, Massena oʻzida mavjud boʻlgan eng yaxshi qoʻmondonlarni toʻpladi. Oxir-oqibat, bu qoʻmondonlarning uchtasi Fransiyaning marshali va boʻlinmaning ishonchli generali Tharreau boʻladi.

Fransuzlarning ahvoli ogʻir edi. Ular nafaqat janubi-gʻarbiy Germaniyada magʻlub boʻlgandilar, balki afsonaviy Aleksandr Suvorov u yerdagi koalitsiya kuchlariga qoʻmondonlik qilish uchun 60 000 nafar ruslar bilan Italiya shimoliga yoʻl olgan edi. Grizonlarda 20 000 kishidan iborat boʻlgan qoʻshin bilan graf Heinrich Bellegarde Massenaning kuchini Italiyadan har qanday yordamdan samarali ravishda ajratib qoʻydi. Eng qoʻrqinchlisi, Archgertsog Charlesning asosiy qoʻshini bir kundan kamroq vaqt talab qiladigan masofa ichida edi. Charles armiyasining hajmining kattaligi bilan ham Massenani oʻrab olishi mumkin boʻlibgina qolmay, agar Massena gʻarbga chekinsa, Charlesning pozitsiyasi uning Fransiya tomon chekinish yoʻlini kesib qoʻyar edi. Massena, agar Charlesning Nauendorf qoʻmondonligi ostidagi chap qanoti sharqdan kelayotgan Hotzening kuchi bilan birlashsa, Charles hujum qilishini va uni Zurichdan siqib chiqarishini bilar edi.

Avstriya kuchlarining bunday birlashishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Massena Winterthurda markazlashgan oldingi chiziqni tajribali Jean Victor Tharreauning umumiy qoʻmondonligi ostida oʻrnatadi. Fransuz qoʻshinlari notekis yarim doira shaklida joylashgan boʻlib, uning markaziy qismini Winterthur tashkil qilgan. Winterthur brigadalarining qoʻmondonligi eng muhimi edi. Agar markaz oʻz oʻrnini ushlab tura olmasa, qanotlar yakkalanib, tor-mor keltirilardi. Massena 1799-yil 27-mayda Winterthurga yangi lavozimga tayinlangan boʻlinma generali Michel Neyni markazga qoʻmondonlik qilish uchun yuboradi.