Igor Ivanovich Sechin ( 7-sentyabr 1960-yil, Leningrad) – Rossiyaning „Rosneft“ neft kompaniyasi boshqaruvi raisi. Iqtisod fanlari nomzodi. Oligarx va hukumat amaldori, Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi va „de-fakto oʻrinbosari“ hisoblanadiThe Guardian..

Sechin 1990-yillarning boshidan beri Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning ishonchli odami boʻlib kelgan. Putin, 1994-yilda Sankt-Peterburg merining oʻrinbosari boʻlganida Sechin uning yordamchisi boʻlgan. 2000-yilda Putin prezident boʻlgach, Sechin Rossiyada xavfsizlik xizmatlari va energetika masalalarini nazorat qiluvchi shaxs boʻldi. Putin Sechinni 2004-yilda Rossiya davlat neft kompaniyasi – Rosneftga rais etib tayinladi. 2008-yildan 2012-yilgacha Vladimir Putin kabinetida Rossiya Bosh vaziri oʻrinbosari boʻlgan. Hozir Rosneft kompaniyasining bosh ijrochi direktori, prezidenti va boshqaruv kengashi raisi hisoblanadi.

Sechin koʻpincha Putinning eng konservativ maslahatchilaridan biri va Kremlning sobiq xavfsizlik xizmatlari agentlarini yigʻadigan „Siloviki“ guruhi rahbari sifatida taʼriflanadi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan baʼzi xorijiy hukumatlar tomonidan unga sanksiya qoʻyilgan. „Darth Vader“ laqabi bilan tanilgan.

Biografiyasi Sechin 1984-yilda Leningrad davlat universitetini tilshunos mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan, portugal va fransuz tillarini yaxshi biladi. 1980-yillarda Sechin Mozambikda ishlagan. U rasmiy ravishda sovet tarjimoni ediSechin, Igor.. 1991-yildan 1996-yilgacha Sankt-Peterburg meriyasida ishlagan va 1994-yilda merning birinchi oʻrinbosari Vladimir Putin apparati rahbari boʻlgan. 1996-yildan 1997-yilgacha Sechin Vladimir Putinning oʻrinbosari boʻlgan. 1997-yildan 1998-yilgacha Prezident huzuridagi Bosh nazorat boshqarmasining umumiy boʻlimi boshligʻi boʻlgan. 1999-yil avgust oyida Rossiya Bosh vaziri kotibiyati rahbari etib tayinlandi. 1999-yil 24-noyabrdan 2000-yil 11-yanvargacha Sechin Rossiya prezidenti maʼmuriyati boshligʻining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.

1999-yilning 31-dekabridan 2008-yilning mayigacha Putin maʼmuriyati rahbari oʻrinbosari boʻlgan. 2008-yil may oyida prezident Dmitriy Medvedev tomonidan bosh vazir oʻrinbosari etib tayinlandiA Lineup Aimed at Taming Siloviki .. „Stratfor“ maʼlumotlariga koʻra, „Sechin maxsus xizmatlarning Rossiya energetika sohasidagi qoʻlidir“.

2004-yil 27-iyulda Sechin „Rosneft“ direktorlar kengashining raisi boʻldi. Kompaniya hibsdagi magnat Mixail Xodorkovskiy boshchiligidagi YuKOS kompaniyasining aktivlarini egallab olgandi. Xodorkovskiy Sechinni uni hibsga olish niyatida va uning neft kompaniyasini talon-taroj qilishda aybladi: „Ikkinchi ishni ham, birinchi ishni ham Sechin uyushtirgan. U menga qarshi birinchi ishni ochkoʻzlikdan, ikkinchisini esa qoʻrqoqlikdan uyushtirgan“.

2008-yilda Sechin British Petroleum shirkati bosh direktori Bob Dadley bilan muzokaralar olib borganTNK-BP Is Hurting Russia .. 2008-yilda Hugo Chaves Venesuelaning yadroviy energetika dasturi gʻoyasi Sechindan kelganini aytdi. Sechin Venesuelaga qurol-yarogʻ va yadroviy texnikalar yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib bordiRussia Offers Venezuelaʼs Chavez Weapons, Nuclear Cooperation .. 2009-yil iyul oyida Sechin Kuba bilan kelishuvlar boʻyicha muzokaralar olib bordi. Natijada Rossiya Meksika koʻrfazida burgʻulash ishlarini olib borish huquqiga ega boʻldi.

Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi direktorlar kengashiga raislik qiladi va Fransiya bilan toʻrtta Mistral sinfidagi kemalarni sotib olish boʻyicha muzokaralar olib bordi. Sechin, ikkita kema Rossiyada va ikkitasi Fransiyada qurilishi kerakligini taʼkidladi. Polsha Sharq tadqiqotlari markazi xodimi Piotr Żochowskining taʼkidlashicha, „Sechinning bu masala boʻyicha pozitsiyasi uning Sankt-Peterburg kemasozlik sanoatidagi shaxsiy moliyaviy ishtiroki bilan bogʻliqligini istisno qilib boʻlmaydi“.

Sechin prezident Medvedevning 2011-yil 31-martdagi yuqori mansabdor shaxslarni yirik kompaniyalardan isteʼfoga chiqishi haqidagi buyrugʻiga binoan „Rosneft“ direktorlar kengashi aʼzoligidan isteʼfoga chiqdi. 2012-yil may oyida Vladimir Putin Rossiya prezidenti boʻlganidan soʻng, 2012-yil 21-mayda Bosh vazir oʻrinbosari lavozimini tark etdi va Rosneft ijroiya kengashiga rais boʻldi. Shu yil iyun oyida Rossiya Federatsiyasining yoqilgʻi-energetikani kompleks rivojlantirish va ekologik xavfsizlik strategiyasi boʻyicha komissiyasining () ijrochi kotibi boʻldi.

2014-yil dekabr oyida CNBC agentligi maqolasida Sechin „Rossiyaning prezident Putindan keyin ikkinchi eng qudratli shaxsi ekanligiga ishoniladi“ deb taʼkidlangan. 2017-yil dekabr oyida The Guardian gazetasi Sechin „koʻpchilik Rossiyada Vladimir Putindan keyin ikkinchi eng qudratli odam sifatida koʻrilayotganini“ taʼkidladi.

Steele hujjatlarida iddao qilinishicha, Sechin 2016-yilda Donald Trump prezidentlik kampaniyasida Trumpga 2014-yilda Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarni bekor qilish evaziga Rosneftdagi 19,6 foiz ulushni berishga vositachilik qilishni taklif qilgan. 2019-yilgi Myuller hisoboti bu daʼvolarni tasdiqlamadi.

Sechin Putinning sobiq Iqtisodiyot vaziri Aleksey Ulyukayevning hibsga olinishi va sudlanishida muhim rol oʻynagan va Sechindan pora soʻraganlikda ayblangan. Hukm Sechinning yopiq sudda koʻrsatmasi tinglanganidan soʻng chiqarildi. Financial Times gazetasiga koʻra, Sechin Rossiya siyosatidagi hokimiyat qudratining yaqqol namunasidir.

Sanksiyalar 2014-yil 20-martda AQSh hukumati Ukrainada davom etayotgan tartibsizliklarda Rossiya hukumatining roliga javoban Sechinga sanksiya qoʻydi. Qoʻshma Shtatlarga safar qilishni taqiqlash, Sechinning Qoʻshma Shtatlardagi barcha aktivlarini muzlatish va Amerika fuqarolari, korporatsiyalari, Sechin va unga tegishli korxonalar oʻrtasidagi biznes operatsiyalarini taqiqlash kiradi. Sechin bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan „Rosneft“ ham sanksiyalar roʻyxatida.

2022-yil 28-fevralda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi Sechinni qora roʻyxatga kiritdi va uning barcha aktivlarini muzlatib qoʻydi. Mart oyida Buyuk Britaniya hukumati Sechinning aktivlarini muzlatib qoʻyish va safarlarni taqiqlash bilan bogʻliq sanktsiyalar kiritdi. Sechinga tegishli ikkita superyaxta – Amore Vero va Crescent Ispaniya va Italiya hukumati tomonidan mart oyi oʻrtalarida hibsga olingan.

Buyuk Britaniya hukumati tomonidan 2022-yilda Rossiya-Ukraina urushi munosabati bilan sanksiya qilingan.

Shaxsiy hayoti Sechin xotini Marina Sechina () bilan 2011-yilda ajrashgan. Marina ofshorlarga doir „Jannat hujjatlari“ roʻyxatida tilga olingan. 2017-yildan Moskva shimoli-gʻarbiy maʼmuriy okrugining Xoroshyovo-Mnyovniki tumanida uyga egalik qiladi. Ikkinchi xotini, 1990-yilda tugʻilgan Olga Rojkova () bilan 2017-yil 14-iyun kuni, 5 yillik turmushdan soʻng ajrashdi.

Marina bilan uning 1982-yilda tugʻilgan Inga ismli qizi bor. Sankt-Peterburg konchilik universitetini tamomlagan va 2018-yildan boshlab Surgutneftegazbankda () ishlaydi. Inga 2003-yilda sobiq Bosh prokuror Vladimir Ustinovning oʻgʻli, razvedka zobiti, Rossiya Federatsiyasining Federal xavfsizlik xizmati akademiyasini bitirgan Dmitriy Ustinovga (1979-yilda tugʻilgan) turmushga chiqdi. Inga va Dmitriy 2005-yil 4-iyulda oʻgʻil koʻrdi. Keyinroq ajrashdi va 2011-yil oktyabridan 2014-yil fevraligacha VTB Bankning vitse-prezidenti Timerbulat Karimovga (1974-yilda tugʻilgan) turmushga chiqdi. U Rossiya mis kompaniyasi (ruscha: AO „Russkaya mednaya kompaniya“) direktorlar kengashi aʼzosi. 2015-yil sentyabr oyidan boshlab Moskvadagi „Xoroshie lyudi“ kompaniyasining yagona egasi. 2015-yil 4-dekabrdaVelikiy Novgorodda joylashgan kurka fermasi – Novgorod Agroparkining 40% ulushiga egalik qiladi.

2006-yilda Vladimir Ustinov lavozimidan tushirilgandan soʻng, Sechin oʻz taʼsirini saqlab qolish uchun, 2007-yilda oʻzining ittifoqchisi Aleksandr Bastrikinni Bosh prokuratura huzuridagi Tergov qoʻmitasi raisi etib tayinlashga erishgani xabar qilinganBastrikin, Aleksandr [Bastrykin, Alexander] (in Russian).Odnokashnik prezidenta vozglavit prokurorskoe sledstvie [Presidential classmate will lead the prosecution investigation] (in Russian)..

Uning Marina bilan nikohidan boʻlgan oʻgʻli Ivan (1989-yilda tugʻilgan), Moskva davlat universiteti qoshidagi Lomonosov oliy biznes maktabini tamomlagan. Igor 2018-yildan boshlab „Rosneft“ qoʻshma dengiz loyihalari departamenti direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlaydi. Ivanga 2022-yil fevral oyida AQSh tomonidan sanksiya qoʻyilgan.

Varvara ismli qizi ham bor.

Manbalar

Havolalar Igor Sechin na sayte Pravitelstva Rossii Igor Sechin na sayte Prezidenta Rossii Biografiya Igorya Sechina. Proekt „Tema dnya“ Igor Sechin, biografiya na Grani.ru Biografiya na 24news.ru

Komanda preemnika. Vedomosti, № 21 (2043). 06.02.2008 Igor Sechin na sayte RBK WikiLeaks o Sechine

Turkum:Rossiya yetakchilari