Muhammad Shohmurod (Shohmurod, Shohmurodbiy, Amir Shohmurod, Amir Muhammad Shohmurod, Amiri Maʼsum) (1741-yil, Buxoro, Buxoro xonligi — 1800-yil 30-noyabr, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1785—1800). Mangʻitlar oʻzbek sulolasining birinchi hukmdorlaridan biri va ushbu sulolaning birinchi amiri. Davlat arbobi va sarkarda. Buxoro xonligida qoʻshbegi lavozimida boʻlgan va turli viloyatlarda hokimlik qilgan.
Mangʻit namoyondalari orasida Shohmurod ham shaxs, ham arbob sifatida alohida oʻrin tutgan. Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillari orasida eng nufuzli oʻrinni egallagan.
Amir Shohmurod taxtga chiqib 2 masalani hal etadi: Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining umri tugab, hokimiyat yangi oʻzbek sulolasi — Mangʻitlar qoʻliga oʻtganligini rasmiylashtiradi; Buxoro davlatini birlashtirish va markazlashtirish uchun kurashni davom ettiradi va otasi Doniyolbiy otaliq davrida joriy etilgan soliqlarni bekor qildiradi.
U hukmdor boʻlishiga qaramay oddiy turmush tarzini maʼqul bilar, oʻzi uchun kundalik xarajati bir tangadan oshmagan, yeb-ichishi oddiy boʻlgan, oʻz sharafiga turli dabdabali tadbirlar uyushtirishga yoʻl qoʻymagan. Shuning uchun ham zamondoshlari va kelgusi avlodlar tomonidan Amiri Kabir, Amiri Maʼsum — Begunoh amir, Umari soniy — Ikkinchi Umar, Amiri Gʻoziy, Amiri Valiy, Jannatmakon yoki Amiri Jannatmakon kabi faxrli nomlar bilan atalgan.
Amir Shohmurod Buxoro amirligida 4 ta: moliya, sud, maʼmuriy va harbiy sohalarda islohotlarni amalga oshirgan. Davlat boshqaruvida adolatni bosh tamoyil qilib olib, shariat qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan barcha soliqlarni bekor qildirgan. Uning davriga kelib amaldorlarning unvon va mansablari tartibga solingan. Koʻplab XVI—XVII asrlarga tegishli vaqf hujjatlarini qayta koʻchirtirgan; amaldagi yoki butunlay faoliyat koʻrsatmayotgan va yoʻqolgan vaqf hujjatlarini qayta ishga solgan.
Uning davriga kelib aholisi kamayib, qishloq darajasiga tushib qolgan Samarqand qayta qurilgan. Amir Shohmurod Samarqandni qayta qurish tarxini oʻzi chizgan. U shaharda 24 ta mavze qurdirib, davlatning sharqiy viloyatlaridan bu yerga koʻplab oilalarni koʻchirib keltirgan. Natijada, shahar gavjumlashib, iqtisodiy va madaniy ahvol ancha tiklangan. Hozir Samarqand koʻchalaridan biri uning nomi bilan ataladi.
Amir Shohmurod oʻzidan oldingi hukmdorlar Arkda qurdirgan binolardan keraklilarini qoldirib, qolganini esa buzdirib, ulardan chiqqan qurilish materiallarini Buxoro shahri ichkarisi va tashqarisidagi masjidlarga ishlatgan. Marv yaqinida Islomobod shahrini qurdirgan.
Amir Shohmurod shaxsi ziddiyatli boʻlib, u haqida koʻpgina mualliflar turlicha fikr bildirishgan.
Tugʻilgan yili va kelib chiqishi Mangʻitlar oʻzbek sulolasining mashhur vakillaridan biri boʻlmish Muhammad Shohmurod Muhammad Doniyol xonadonida 1741-yili Buxoroda tugʻilgan. Oilada toʻngʻich farzand edi. Yoshligida otasi uni Begijon deb eʼzozlagan.
Muhammad Shohmurodning tugʻilgan yili Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida 1749-yil deb koʻrsatilgan. A. Jumanazarga koʻra, u aslida 1741-yili tavallud topgan. Tarixiy qoʻlyozmalarda bir nechta mualliflar uning 60 yoshdan oʻtib olamdan oʻtganini yozib qoldirishgani va u 1800-yilda vafot etgani ushbu toʻxtamga kelinishiga asos qilib koʻrsatiladi.
Muhammad Shohmurodning shajarasi bir qancha manbalarda quyidagi tarzda keltiriladi: Amir Muhammad Shohmurod — Muhammad Doniyolbiy otaliq — Xudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan. Manbalarda keltirilishicha, naslining kelib chiqishi Tumanoyxonga borib taqalar ekan.
Yoshlik yillari thumb|right|Mir Arab madrasasi thumb|right|Koʻkaldosh madrasasi Muhammad Doniyolbiy otaliq Buxoro xonligini boshqarishni boshlagan vaqtda Shohmurod 17 yoshga toʻlgandi. Shohmurod oʻzining 11 ta ukasidan alohida ajralib turgan. Shohmurodning ilm-fanga ishtiyoqi baland boʻlib, uning tarbiyasi bilan otasi ham jiddiy shugʻullangan. Yoshligida bir necha yil Mir Arab madrasasida (bir manbaga koʻra, Koʻkaldosh madrasasida) tahsil olgan.
Shohmurod farosatli, aqlli va taqvodor boʻlib voyaga yetisha boshlaydi. U shariat va tariqatni puxta oʻrganadi. Tariqatda mujaddidiya-naqshbandiya sulukida edi. Boshqa ilmlar qatori tasavvuf taʼlimoti bilan jiddiy shugʻullanib, oʻzi ham madrasada dars beradi. Shohmurod ona tili turkiy-oʻzbek tilidan tashqari arabcha va forschani ham yaxshi bilgan. Soʻfiyona turmush tarzi uning hayotiga aylangan edi.
Shohmurod yoshligida Qarshida koʻp yashagan. Bu uning kelajakdagi siyosiy qarashlarining maʼnaviy ijrosini oʻziga xos tarzda shakllanishiga xizmat qilgan. Bunga sabab qilib, oʻsha paytlarda Qarshida yashagan mujaddidiya-naqshbandiya tariqatining mashhur vakillaridan biri, Soʻfi Olloyorning shogirdi va jiyani — Xalifa Jonmuhammad Koʻlobiyning (shayx Koʻlobiyning) nasihatlari, oʻgitlarini tinglab, uning duosini olishga musharraf boʻlgani koʻrsatiladi. Shayx boʻlajak amirni tariqatga ilhomlantirgan birinchi murshidi boʻladi. A. Jumanazarga koʻra, amir Shohmurodda dunyoga oddiyroq qarash, xalq ichida ular kabi yashash tarzi Jonmuhammad Koʻlobiyning suhbatlaridan keyin boshlanib ketgan. Kelajakda Muhammad Shohmurod Jonmuhammad Koʻlobiyning Bibi Otun ismli nevarasiga uylanadi.
Muhammad Shohmurodning ilk murshidi oxund/shayx Muhammad Safar Xorazmiy edi. U shayx Safarning huzuriga borganida unga dastlab unchalik roʻyxushlik bermaydi. Boʻlajak shogirdini: Sen zolim va zolimzodadirsan. Shayx xizmati va bu yoʻldagi riyozatga qanday toqat qilursan? — deb qarshilaydi. Biroq uning qarori qatʼiy edi. U tanlagan yoʻlidan qaytmasligiga shayxni ishontiradi va shu kundan xalqning nazarida eng past kasb boʻlgan hammollik bilan kun kechira boshlaydi. Oʻz kunini topgan puli bilangina oʻtkaza boshlaydi. Ayni paytda piri Shayx Safar yonida muridlik qilib, toat-ibodatni kanda qilmaydi. Hammollik qilib yurgan shahzoda koʻrganlar uni devona deyishgacha borgach, otasi Doniyolbiy qozikalon va qushbegiga maslahat soladi. Amaldorlar „devona“ shahzodani nafaqat valiahdlikdan, balki farzandlikdan ham mosuvo qilish kerakligini aytishadi. Ammo Doniyolbiy ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan ogʻir ahvolga tushib qolgan mamlakatni xalq orasida yurgan, el tanigan va hurmat qilgan oʻgʻli Shohmurodga ishonadi. U bir necha bor Shohmurodni bu yoʻldan qaytarishga urinadi. Unga hatto davlat xazinasidan maosh tayinlaydi. Ammo shahzoda barcha imtiyozlarni rad etadi. Taniganlar uni devona boʻlgan deb gumon qiladi.
Hammollikning ogʻir mehnati Shohmurodni katta siyosatdan chetlashtirib qoʻymagan. Aksincha, u oddiy xalq hayotini yaqindan his etadi. Hokimiyat rahbarlari va amaldorlar zulmini, ularning jabru sitamlarini teranroq anglaydi. Bu paytlarda Doniyolbiy keksayib, davlatni boshqarishga qiynalib qolgandi. Bundan foydalangan baʼzi yirik amaldorlar xizmat mansabini suisteʼmol qilib, aholiga nisbatan zulmni behad kuchaytirib yuboradi. Ayniqsa, Davlat qoʻshbegi va qozikalon Sayyid Nizomiddinxoja sitamlari haddidan oshib ketadi. Ayni paytda, xalqning noroziligi ham kuchayib boradi. Bu holdan, albatta, Doniyolbiy ham xabardor edi.
Tarix sahnasiga chiqishidan oldingi davr 1785-yil 24-martda Buxoro xonligi hukmdori Muhammad Rahimxon vafot etadi. Uning oʻgʻil farzandi boʻlmagani uchun xonlik taxtiga voyaga yetmagan nabirasi Fozil toʻra oʻtqaziladi. Oʻsha paytda Karmana va Miyonqol hokimi boʻlgan Muhammad Doniyol unga otaliq qilib tayinlanadi. Bu tayinlov hammaga ham xush kelmaydi. Bundan norozi boʻlishgan viloyat hokimlari, kenagas, yuz, baxrin va saroy oʻzbek urugʻlarining nufuzli amirlari markazlashgan hokimiyatga qarshi isyon koʻtarishadi. Ular 10 ming yigitni qurollantirib, Buxoro tomon harbiy yurish uyushtirishadi. Ularga qarshi chiqqan Muhammad Doniyol isyonkor viloyat hokimlari bilan bir bitimga keladi. Bitimga koʻra, Fozil toʻrani taxtdan tushirib, oʻrniga ashtarxoniy shaxzodalardan biri boʻlgan Abulgʻozi xonlik taxtiga oʻtqaziladi. Muhammad Doniyol ham otaliq rutbasini hamda amaldagi hukmdorlikni oʻz qoʻlida saqlab qoladi.
Muhammad Shohmurodning otasi Muhammad Doniyol keksayib, davlatni boshqarishga qiynalib qolgan edi. Vaqt oʻtib uning davrida davlatni qozikalon va qoʻshbegi lavozimlaridagi Sayyid Nizomiddin qozi va Davlat qoʻshbegilar ikkovlashib davlatni boshqara boshlaydi. Ular Muhammad Rahimbiy davrida davlat yuritishda layoqati boʻlgan Erondan u bilan birga kelgan amaldorlardan edilar. Bu davrga kelib poraxoʻrlik avjiga chiqadi. Iqtisodiy tanglik, vayronagarchilik kengayib ketadi. Xalqning noroziligi ham kuchayib boradi. Bu paytda Turkiston bir necha boʻlaklarga boʻlinib ketgan edi.
Muhammad Doniyol davrida ham oʻzaro urushlar davom etadi. Karmana, Oʻratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh koʻtarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qiladilar. 1781-yil Rossiya imperiyasi hukumati Buxoro xonligi bilan savdo bitimi tuzishni taklif etganida, Muhammad Doniyol bu bitimni 92 oʻzbek urugʻi boshliqlari roziligisiz imzolay olmasligini bildiradi. Bu payti Buxoro xonligida vaziyat juda qaltis, norozilik kuchayib borayotgan bir davr edi.
Muhammad Doniyol tayanchi boʻlgan qoʻshinining taʼminoti uchun koʻplab qoʻshimcha soliqlar joriy etishga majbur boʻladi. Natijada, bu bilan poytaxtdagi hunarmandlar va savdo ahlini oʻziga qarshi qaratib qoʻyadi. 1784-yilda Buxoroda qoʻzgʻolon koʻtariladi. Tarixchilarning maʼlumotiga koʻra, unda 1000 ga yaqin kishi oʻldirilgan. Bu vaziyatda chorasiz qolgan Muhammad Doniyol 11 nafar oʻgʻlining kattasi, shaharliklar orasida obroʻ-eʼtibori baland boʻlgani Muhammad Shohmurodni oʻziga valiahd deb eʼlon qiladi.
Siyosiy faoliyatining boshlanishi 1770-yillarning oxirida Shohmurodning otasi — Buxoro xonligini otaliq unvonida amaliy boshqarib turgan va „amir ul-umaro“ unvonida boʻlgan Muhammad Doniyol (1758—1785) hokimiyat jilovini qoʻldan chiqarib yuborishi natijasida mamlakatda tartibsizliklar boshlangan edi. Muhammad Doniyol baʼzi saroy aʼyonlari va ulamolarining (raʼiyyatning) talabi bilan toʻngʻich oʻgʻli Shohmurodni oʻziga oʻrinbosar (manbalarda Buxoro hukumati boshligʻi deb yozilgan) qilib tayinlamoqchi boʻlganida masjid hujrasida taqvodor hayot kechirayotgan Shohmurod dastlab bu taklifni qatʼiy rad etgan. Keyinchalik, 1775-yilda u ustozlari Shayx Muhammad Safar va Eshon Tursun Boqi qozining koʻplab iltimoslaridan keyin otasining bu taklifiga zoʻrgʻa rozi boʻlgan.
Shohmurod davlat ishlarini boshqarishda otasiga 6—7 yilcha yordam berib turgan. Bundan tashqari Shohmurod Karmana va Qarshi viloyatlarida hokimlik ham qilgan. 1771-yilda esa Samarqand hokimi boʻlgan. U Samarqand hokimligi mansabida uzoq vaqt turmagan deya taxmin qilinadi. Bunga sabab qilib baʼzi tarixiy manbalarda u hammollik bilan kun kechirgani yozib qoldirilgani koʻrsatiladi.
Bir kuni Shohmurod otasining oldiga xufiyona kiradi va butun mamlakat Davlat qoʻshbegi tasarrufiga oʻtib qolgani hamda xalq xonavayron boʻlayotgani toʻgʻrisida soʻzlab: Endi bunga na iloj va na tadbir qilurmiz? — deya arz qiladi. Otasi: Bu ahvolni men ham fahmlab turibman, lekin biron chora koʻrishdan ojizman, — deb javob beradi. Shunda Shohmurod bu muammoni hal qilishni oʻz zimmasiga oladi. Manbalarda taʼkidlanishicha, u Qoʻqon xonligidan elchi kelganini bahona qilib qoʻshbegini saroyiga mashvarat uchun chaqirtiradi. Saroydagi maxsus xonalardan birida uni jallod kutib turadi. Shu tariqa Davlat qoʻshbegi qornidan chavaqlanib oʻldiriladi. Oradan koʻp oʻtmay qozi Sayyid Nizomiddinxoʻja boshiga ham shu kun tushadi.
Rivoyat qilinishicha, qozi Sayyid Nizomiddinxoʻja mamlakatda sharʼiy qonunlarning buzilishi va poraxoʻrlikning avj olishiga sababchi boʻlgan ekan. Boz ustiga u Doniyolbiy otaliqqa Shohmurodni hokimiyatdan mahrum etishni maslahat bergan kishi ham edi.