Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — Toshkent shahrida joylashgan oliy oʻquv yurti. Markaziy Osiyo da yagona sharqshunoslik oliy taʼlim muassasasi. 1918-yilda tashkil topgan Osiyoda birinchi va eng qadimgi sharqshunoslik oliy taʼlim muassasasi. 1991—2020-yillarda institut maqomida edi.

Oʻzbekistonda sharqshunoslikning kelib chiqishi 1918-yil noyabr oyida Toshkentda Turkiston Sharqshunoslik instituti tashkil etildi. Bu institut Oʻrta Osiyoda yagona ilk sharqshunoslik oliy oʻquv yurti boʻlib, qoʻshni mamlakatlar uchun ham sharqshunoslik fanining turli sohalari boʻyicha malakali mutaxassislar yetishtirib bera boshladi. Mazkur bilim dargohida Turkiston va unga qoʻshni boʻlgan xorijiy sharq mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, oʻlkashunosligi, islom tarixi va musulmon qonunshunosligi kabi fanlar, sharq xalqlarining tillari va adabiyotlari oʻrgatilgan. Oʻsha yili 1-kursga 234 ta talaba qabul qilingan edi. Institutda sharq tillaridan arab, fors, xitoy, pashtu, urdu, turk va mahalliy tillardan oʻzbek, tojik, qirgʻiz, turkman, tatar hamda Yevropa tillaridan ingliz, nemis va fransuz tillarini oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Sharqiy Turkiston, Buxoro geografiyasi; oʻzbek, qirgʻiz, fors, tojik, qozoq, afgʻon, qoraqalpoq xalqlari etnografiyasi; Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va qadimgi dunyo tarixi, islom tarixi, shariat qonunlari kabi fanlar oʻqitilgan. 3-kursdan boshlab talabalar ixtisoslikka boʻlinib oʻqitilgan. Taʼlim quyidagi ixtisosliklar boʻyicha taqsimlangan; turkiy tillar, eron filologiyasi, arabshunoslik va islomshunoslik. Shu bilan birga, mahalliy maktablar uchun ona tili va tarix oʻqituvchilari ham tayyorlangan.

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, 1922-1923-oʻquv yilida Turkiston Sharqshunoslik institutida 210 nafar talaba oʻqigan. Bundan 16 foizigina mahalliy xalq farzandlari boʻlgan. Institutda 5 nafar professor, 21 nafar oʻqituvchi va bir necha lektor va amaliyotchilar taʼlim va tarbiya ishlarini olib borgan.1922-yilga kelib, institut kutubxonasida 5300 jild kitob va 200 dan ortiq qoʻlyozma asarlar mavjud edi. Turkiston Sharqshunoslik instituti 1924-yilda alohida fakultet sifatida Oʻrta Osiyo davlat universitetiga qoʻshib yuborildi. Uning birinchi dekani etib A.E.Shmidt tayinlandi.

Fakultet faoliyati uzoq davom etmadi. 1930-yilga kelib bu fakultet pedagogika fakultetiga aylantirildi va 1931-yilda uning faoliyati batamom tugatildi. Sharqshunoslik taʼlimi uzoq davom etgan boʻlmasa-da, qisqa davr ichida mazkur ilm dargohidan A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, K. Yudaxin, I.A.Kissen. R.L.Nemenova kabi taniqli tilshunos olimlar, R.R.Ivanov, M.R.Ivanova, M.Masson, V.A.Shiglkin, O.A.Suxareva kabi mashhur tarixchi va etnograflar, Muxtor Avezov, Sotim Ulugʻzoda kabi atoqli yozuvchilar hamda D.G.Voronovskiy kabi bir qancha sharqshunos olimlar yetishib chiqdi.

1944-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) qoshida qaytadan sharq fakulteti taʼsis etildi. Uning dekani etib tarixchi sharqshunos olim Abdurahmon Hamroyev tayinlandi. Fakultetda, oʻquv rejasiga koʻra, Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari tarixi va iqtisodi, tili va adabiyoti oʻqitila boshlandi.

1947-yili fakultet qoshida aspirantura tashkil qilindi. Koʻpgina yosh mutaxassislar Moskva va Leningrad kabi markaziy shaharlarda aspiranturada oʻqib, fan nomzodi ilmiy darajasini olib qaytdilar. Ular oʻz yurtlariga joʻnab ketgan rus sharqshunos olimlarining oʻrnini toʻldirib, sharqshunoslikning turli sohalari boʻyicha dars bera boshladilar.

1944-1947-yillarda fakultetda 4 ta kafedra mavjud boʻlgan. Bular: Eron filologiyasi (1955-yildan Eron-Afgʻon filologiyasi) kafedrasi; Shimoliy hind (keyinchalik hind va hozir Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo tillari) filologiyasi kafedrasi; Sharqiy Turkiston filologiyasi kafedrasi; Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi. 1949-yilda fakultetning dastlabki talabalari oʻqishni bitirib, hayotga yoʻllanma oldilar. Birinchi qaldirgʻochlar 41 nafardan iborat boʻlib, bugungi kunda ularning koʻpchiligi Respublikada elga tanilgan mashhur olimlar qatoridan joy olgan.

Fakultet kun sayin kengayib, takomillashib bordi. Arab, fors, pashtu, hind, urdu, xitoy, uygʻur, turk tillari bilan bir qatorda ingliz, rus va oʻzbek tillarini oʻrganishga ham katta ahamiyat berib kelindi. Sharq xalqlarining mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti boʻyicha talabalarga chuqur bilim berish maqsadida 1965-yilda maxsus Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi tashkil etildi. Bir oz vaqt oʻtgach, Gʻarbiy Yevropa tillari kafedrasi tashkil qilinib, fakultet boʻyicha yevropa tillarini oʻqitish jarayoni taʼminlandi. Bu orada sharq tillarini oʻqishini takomillashtirib, talabalarning nutq malakalarini oʻstirish maqsadida fakultetga Eron, Afgʻoniston, Hindiston, arab mamlakatlaridan oʻqituvchilar taklif etila boshlandi. Ular 1-2 yil davomida talabalarga dars berib, ularning azaliy malaka hosil qilishlarida katta yordam koʻrsatdilar. Bu hol talabalarning tilni ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta bilishlariga. imkon tugʻdirdi. Faqat 1960—1970-yillar davomida xorijiy Sharq mamlakatlaridan 10 nafar mutaxassis dars berish uchun taklif etilgan edi. Oʻz navbatida, fakultet oʻqituvchi va talabalari ham chet mamlakatlarga borib, u yerdagi institut va universitetlarda oʻqib, oʻz malakalarini oshirib qaytdilar. 1990-yilda Sharq fakulteti negizida Toshkent Davlat universiteti qoshida Sharqshunoslik instituti tashkil qilindi. 1991-yil 15-iyulda esa bu institut Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga aylantirildi. Respublikamizning bugungi ehtiyojlarini inobatga olgan holda, institutda sharqshunoslik sohasidagi turli ixtisosliklar va yoʻnalishlarning doirasi yanada kengaytirildi. Universitet fakultet boʻlgan davrda mutaxassislar faqat filologiya, tarix va iqtisod ixtisoslari boʻyicha tayyorlangan boʻlsa, bugungi kunda bu oʻquv maskanida oʻn ikki mutaxassislik boʻyicha taʼlim berilmoqda. Ilgari fakultetda 7 ta kafedra faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunga kelib Sharqshunoslik universitetida 18 ta kafedra faoliyat koʻrsatyapti. Universitet tashkil etilgach, arab, fors, dariy, hind, urdu, xitoy, pashtu va uygʻur tillari bilan bir qatorda yapon, koreys, turk tillari va adabiyoti ham oʻqitila boshlandi. Hozirgi kunda institutda 20 tadan ortiq til oʻqitilmoqda.

Fakultetlar Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bugungi kunga kelib 4 ta fakultet mavjud.

Sharq xalqlari tillari va adabiyoti instituti Sharq xalqlari tillari va adabiyoti instituti 1944-yilda tashkil etilgan. Sharq xalqlari tillari va adabiyoti instituti Oʻzbekistondagi eng qadimiy va yetakchi sharqshunoslik ilmiy-taʼlim markazlaridan biri hisoblanadi. Institut sharq tillari, adabiyoti hamda tarjima sanʼatini oʻqitish boʻyicha boy ilmiy va akademik anʼanalarga ega. Institut Oʻzbek sharqshunosligi taraqqiyotida muhim oʻrin tutib, filologiya fanlari, madaniyatlararo muloqot va Sharq sivilizatsiyalarini ilmiy oʻrganishning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Institut muntazam ravishda ilmiy asarlar, jumladan, ilmiy maqolalar, tanqidiy nashrlar va tarjimalarni chop etadi. Bu nashrlar tilshunoslik, adabiyotshunoslik hamda tarjimashunoslik sohalarining rivojlanishiga xizmat qiladi. Institut professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari va talabalari xalqaro akademik almashinuv dasturlarida faol ishtirok etadilar hamda muntazam ravishda xorijda malaka oshiradilar. Institut professor-oʻqituvchilari va bitiruvchilari milliy hamda xalqaro miqyosdagi koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan. Shuningdek, institut xorijiy universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan akademik hamkorlikni izchil rivojlantirib bormoqda. Institut bitiruvchilari diplomat, olim, tarjimon va biznes sohasi mutaxassisi sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, yuqori darajadagi kasbiy salohiyat va xalqaro mehnat bozoriga moslashuvchanlikni namoyon etmoqdalar.

Sharq sivilizatsiyasi va falsafa fakulteti Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Sharq sivilizatsiyasi va tarix fakultetida uchta mutaxassis tayyorlovchi va ikkita nomutaxassislik kafedralari faoliyat olib boradi. Fakultetda bugungi kunda asosiy shtatda 45 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan: 8 nafari fan doktori, professorlar; 19 nafari fan nomzodi (PhD), dotsentlar; 18 nafari katta oʻqituvchi va oʻqituvchilar. Fakultet dekani: M. Askarov

Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti 2024-2025-o‘quv yilida “Xalqaro munosabatlar” kafedrasida – 24 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 6 nafari fan doktori (5 nafari professor, 1 nafari dotsent), 1 nafar fan nomzodi (1 nafar dotsent), 10 nafari PhD (6 nafari dotsent, 2 nafari katta o‘qituvchi, 2 nafari stajor-o‘qituvchi), 2 nafar Oliy ta’lim a’lochisi, 1 nafar katta o‘qituvchi va 6 nafar stajor-o‘qituvchilardir.

2024-2025-o‘quv yilida “Tashqi iqtisodiy faoliyat” kafedrasida –14 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 1 nafari fan doktori, professor v.b., 2 nafar fan nomzodi, dotsent, 3 nafari PhD (2 nafari dotsent, 1 nafari katta o‘qituvchi), 1 nafar katta o’qituvchi, 1 nafar o‘qituvchi, 8 nafar stajer-o‘qituvchilar, shuningdek 1 nafar xorijlik o’qituvchilardir.

2024-2025 o‘quv yilida “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasida – 20 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 5 nafari fan nomzodi, dotsent, 2 nafari PhD, katta o‘qituvchi, 6 nafar katta o’qituvchi, 5 nafari o‘qituvchi va 2 nafari stajer-o‘qituvchilardir.

2024-2025 o‘quv yilida “Turizm” kafedrasida – 12 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 1 nafari fan doktori, professor, 4 nafari fan nomzodi, dotsent, 1 nafari PhD, dotsent, 2 nafari katta o‘qituvchi, 2 nafar o‘qituvchi, 2 nafari stajor o‘qituvchilardir.

ILMIY MARKAZLAR

Barqaror iqtisodiy rivojlanish markazi Turizm rivojlanishini tadqiq etish markazi Iqtisodiy tadqiqotlar markazi Gender tadqiqotlari ilmiy tadqiqotlari markazi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi “Yosh sharqshunos diplomatlar” klubi

Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar institutida bakalavriat va magistratura bosqichlarida quyidagi ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari

60310200 - Xalqaro munosabatlar – 4 yil;

60310700 - Siyosatshunoslik – 4 yil;

60410100 - Iqtisodiyot – 4 yil;

60410800 - Menejment – 4 yil;

60411400 - Mamlakatshunoslik – 4 yil;

60411900 - Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar – 4yil;

61010100 - Turizm va mehmondo’stlik – 4 yil;

61010400 - Turizm (xalqaro turizm) – 4 yil;

Magistratura mutaxassisliklari

70310802 - Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar – 2 yil;

70410108 - Mintaqaviy iqtisodiyot – 2 yil;

70411401 - Mamlakatshunoslik – 2 yil;

70411902 - Tashqi iqtisodiy faoliyat – 2 yil;

71010101 - Turizm va mehmondo‘stlik – 2 yil;

71010401 - Turizm(xalqaro turizm) – 2 yil.

Amaliy fanlar fakulteti Amaliy fanlar fakulteti Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida optimizatsiya, transformatsiya va xalqarolashuv jarayonlari amalga oshirilishi natijasida  va shuningdek, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari ochilgani munosabati bilan 2024 yil 30 avgustida tashkil etildi. Shu kungacha umumuniversitet kafedralari sifatida faoliyat yuritib kelgan G‘arb tillari va Pedagogika va psixologiya kafedralari mutaxassis tayyorlovchi kafedralari maqomiga o‘tkazildi.

Fakultet tarkibiga kechki va sirtqi ta’lim shakllarini tizimli ravishda boshqaruvchi Kechki va sirtqi bo‘lim ham kiradi. Mazkur bo‘lim ishini takomillashtirish va samaradorlikni ta’minlash orqali universitet ta’lim tizimiga Masofaviy ta’lim shaklini joriy etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari

60110900 - Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili

60310300 - Psixologiya

Magistratura mutaxassisliklari